date
views 2 821

Bayden afg‘onlarni toliblarga qarshi kurashga chaqirdi, Ashraf G‘ani va marshal Do‘stum Mozori-Sharifda


«Biz  Afg‘on siyosiy liderlari toliblarga qarshi zarba berish uchun «shimoliy poytaxt»da kuchlarni birlashtirmoqda.AQSH prezidenti Jo Bayden «Tolibon» harakati jangchilarining muvaffaqiyatli yurishlari amerikalik harbiylarni Afg‘onistondan olib chiqish rejasiga ta’sir ko‘rsatmasligini va afg‘on hukumati o‘z mamlakati uchun o‘zi kurashishi kerakligini aytdi.

20 yil ichida trillion dollardan ortiq mablag‘ sarfladik, biz soni 300 mingdan oshadigan afg‘on xavfsizlik kuchlari askarlarini o‘qitdik va zamonaviy jihozlar bilan ta’minladik. Biz u yerda minglab odam yo‘qotdik.
Ular kurashishi kerak. Ularning soni toliblardan ko‘p», degan Bayden.

Bayden harbiylarni olib chiqish qaroridan afsuslanmasligini aytgan, shu bilan birga rasmiy Vashington o‘z majburiyatlarini bajarishda va afg‘on hukumatini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini, shu jumladan, afg‘on askarlariga maosh to‘lanib, oziq-ovqat bilan ta’minlanishini bildirgan.

Toliblar 9 viloyat markazini egallab bo‘lishdi
Toliblar so‘nggi bir kunda g‘arbda, Eron bilan chegara yaqinida joylashgan Farah viloyatining shu nomdagi markazini, shimolda Bag‘lon viloyati markazi Puli-Humri (Kobulga 230 km masofada joylashgan) va Badaxshon viloyati markazi Fayzobod shahrini ham qo‘lga kiritishgani haqida ma’lum qilishdi.

«Tolibon» kuchlari bugun tushdan keyin xavfsizlik kuchlari bilan qisqa to‘qnashuvdan so‘ng shaharga kirdi. Ular gubernatorlik va politsiya bosh qarorgohini egallab olishdi», degan Farah provinsiyasi majlisi a’zosi Shahlo Abubar 10 avgust kuni Fransiyaning AFP axborot agentligiga bergan intervyusida. 

Bu shaharlarning barchasi deyarli jangsiz taslim bo‘lgan. Tolo News telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari Puli-Humridan evakuatsiya qilingan.

Shu tariqa, jangarilar qo‘liga o‘tgan viloyat markazlari soni 9tani tashkil qilmoqda (Afg‘onistonda 34 viloyat mavjud) - bungacha janubdagi Nimro‘z viloyati markazi Zaranj, shimoldagi Juzjon viloyati markazi Shibirg‘on, Tohar viloyati markazi Talukon, Saripul viloyati markazi Saripul, Kunduz viloyati markazi Kunduz hamda Samangon viloyati markazi Aybak shaharlari toliblar nazoratiga o‘tgandi. 

Reuters agentligi Yevropa Ittifoqidagi yuqori martabali amaldorga tayanib xabar berishicha, toliblar ayni vaqtda Afg‘oniston hududining 65 foizlik qismini nazorat qilmoqda.

Afg‘oniston siyosiy yetakchilari «Tolibon»ga qarshi birlashmoqda

Mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani va bir guruh afg‘on siyosiy yetakchilari toliblarga qarshi kurashish uchun ko‘ngillilar qo‘shinining qo‘shma qo‘mondonlik markazini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu markaz qancha kuchlarni safarbar qila olishi va ularning «Tolibon»ga qarshi qaysi hududlarda kurashishini belgilaydi.

10 avgust kuni sobiq vitse-prezident, Milliy islom harakati partiyasi yetakchisi Abdulrashid Do‘stum maxsus reys bilan Kobuldan Balx viloyati markazi Mozori-Sharifga uchib kelgan. Marshal bilan birga Balxga uning yuzlab maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan jangchilari ham kelgan. Turk tilli afg‘onistonliklar yetakchisi Afg‘oniston shimolida «Tolibon»ga qarshi kurashga boshchilik qilishi rejalashtirilmoqda.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani ham 11 avgust tongida kutilmagan tashrif bilan Mozori-Sharifga kelgan. Prezidentga uning maslahatchisi, Islom birligi partiyasi (shia hazoriylari birlashmasi) Muhammad Muhakik hamrohlik qilmoqda.

Tolo News o‘z manbasiga asoslanib xabar berishicha, bugun Mozori-Sharifda marshal Do‘stum, Muhammad Muhakik, Balx viloyatining sobiq gubernatori, o‘z vaqtida sovetlarga qarshi kurashgan dala qo‘mondoni Atto Muhammad Nur, Balx viloyati mudofaasi va xavfsizlik kuchlari qo‘mondonlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Manbaning xabar qilishicha, uchrashuvda toliblar egallab olgan hududlarni qaytarib olish bo‘yicha amaliyotni qanday boshlash, shuningdek, mudofaa kuchlari va safarbar qilinadigan xalq ko‘ngillilari o‘rtasida muvofiqlashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

O‘tgan hafta oxirida «Tolibon» uzoq davom etgan janglardan so‘ng Do‘stum tug‘ilgan joy - Juzjon viloyati markazi Shibirg‘on shahrining katta qismini egallab olgandi. Hozirda marshalning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum qo‘mondonligi ostidagi hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar aerodromida kurashishda davom etmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, mahalliy qo‘mondonlarning xiyonati «Tolibon»Shibirg‘onni egallab olishiga sabab bo‘lgan.

Afg‘oniston Mudofaa vazirligi 10 avgust kuni maxsus harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan milliy armiyaning 450 askari Mozori Sharif mudofaasiga qo‘shilgani haqida xabar bergan. Qo‘shimcha qilinishicha, Afg‘oniston harbiy-havo kuchlari Balx viloyatining Dihdadi tumanidagi «Tolibon» zich joylashgan nuqtaga aviazarbalar yo‘llagan. Natijada 18 jangari yo‘q qilingan, yana 13 nafari yaralangan.

Shuningdek, Afg‘oniston harbiy-havo kuchlari va milliy armiya kuchlari mamlakat janubida, bir necha haftadan buyon shiddatli janglar ketayotgan Lashkargoh shahri atrofida (Hilmand viloyati markazi) toliblarga qarshi qo‘shma amaliyot o‘tkazgan, natijada «Tolibon»ning 42 nafar a’zosi o‘ldirilgan, yana olti jangari yaralangan.

Qizil Xoch: Afg‘onistonda yuz minglab tinch aholi xavf ostida
Bu orada Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasi «Tolibon» Afg‘onistonda oldinga siljishda davom etar ekan, yuz minglab tinch aholi xavf ostida qolganini ma’lum qildi. Qizil Xoch tinch aholini himoya qilish uchun harbiy to‘qnashuvlarni to‘xtatishga chaqirdi, yaradorlarni evakuatsiya qilish va favqulodda yordam xizmatlari faoliyatiga izn berilishini so‘radi.

Qizil Xoch «Tolibon» va hukumat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuvlar kuchaygan so‘nggi bir oy ichida kamida 4 ming yaralangan tinch fuqaroni davolaganini ma’lum qildi.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari ham mojaro oqibatida minglab tinch aholi halok bo‘lgani yoki jarohatlanganini bildirmoqda.

Poytaxt Kobuldagi voqealarni kuzatayotgan Norvegiya qochqinlar kengashi matbuot kotibi Eylin Makkarti BBC bilan suhbatda o‘zlari yashayotgan viloyatlardagi mojarolardan qochgan ko‘plab afg‘onlar Kobul ko‘chalarida boshpana topganini aytdi.

BMT: «O‘tgan oyda mingdan ortiq tinch aholi vakili halok bo‘ldi»
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet Afg‘onistondagi mojarolar yangi gumanitar inqirozga olib kelishi haqida ogohlantirdi. U toliblardan hujumlarini to‘xtatib, muzokara stoliga qaytishni so‘radi.

«Hamma tomonlar muzokaralar stoliga qaytmasa va tinch siyosiy kelishuvga erishilmasa, ko‘p afg‘onlar uchun allaqachon yomon bo‘lgan vaziyat yanada yomonlashadi», dedi Bachelet. Ammo toliblar shu vaqtgacha bunday chaqiriqlarni rad etib kelmoqda.
Bachalet Lashkargoh va Kunduz kabi ko‘cha zo‘ravonliklari ro‘y bergan shaharlarda «urush jinoyatlari sodir etilishi mumkinligi» haqida ogohlantirgan.

BMT zo‘ravonliklarning kuchayishi oqibatida bir oyning o‘zida mingdan ortiq tinch aholi vakili hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qildi. Tashkilot tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi mojarolar oqibatida 350 mingdan ziyod tinch aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISЕF) tomonidan kecha qilingan bayonotda ta’kidlanishicha, 72 soat ichida Qandahor, Host va Paktiya viloyatlaridagi to‘qnashuvlar natijasida 30ga yaqin bola halok bo‘lgan, 136 bola jarohatlangan.

AQSHning Afg‘onistondagi maxsus elchisi Zalmay Xalilzod Dohada «Tolibonga bosim o‘tkazadi»
Chorshanba kuni Qatar poytaxti Doha shahrida afg‘on masalasi bo‘yicha navbatdagi uchrashuv o‘tkaziladi, unda AQSH, Rossiya, Pokiston va Xitoy vakillari ishtirok etadi.

AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod ziddiyatlarni to‘xtatish va muzokaralar o‘tkazish uchun Dohaga yuborildi.

AQSH Davlat departamenti bayonotiga ko‘ra, Xalilzod «Tolibon» hujumlarini to‘xtatish va siyosiy kelishuvga erishish uchun unga bosim o‘tkazadi. U yaqin kunlarda afg‘on rasmiylari va «Tolibon» vakillari bilan muzokara o‘tkazishi kutilmoqda.

Afg‘oniston milliy yarashuv kengashi raisi Abdulla Abdulla boshchiligidagi delegatsiya ham Dohaga yo‘l olgani ma’lum qilindi.
Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani o‘tgan hafta qilgan bayonotida mamlakatdagi xavfsizlik holatining yomonlashishi va «to‘satdan chekinish» qarori yuzasidan AQSHni ayblagandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bayden afg‘onlarni toliblarga qarshi kurashga chaqirdi, Ashraf G‘ani va marshal Do‘stum Mozori-Sharifda