8 306
Xitoylik 14 yoshli Olimpiada chempionining oilasi 30 mln funt sterling miqdoridagi mukofotdan voz kechdi

Foto: Getty Images
Tokiodagi Olimpiada o‘yinlarida 10 metr balandlikdan suvga sakrash bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan Syuan Xunchanning oilasi mukofot tariqasida taklif qilingan pullardan voz kechdi, deb yozadi Mirror.
14 yoshli sportchi qizning oilasiga uy va katta mablag‘ taklif qilingandi. Xabarlarga ko‘ra, mukofotlarning umumiy miqdori 30 million funt sterlingni tashkil qilgan. Ammo Xunchanning oilasi mukofotlarni olishdan voz kechgan.
Xunchan oltin medalni qo‘lga kiritganidan so‘ng to‘rt yil avval avtohalokatga uchragan onasiga yordam berish uchun pul topmoqchi ekanligini aytgandi.
Qizaloq Guandun provinsiyasida tug‘ilgan bo‘lib, otasi fermerlik bilan shug‘ullanadi. Sportchi qizning intervyusidan so‘ng Chjanszyan shahridagi shifoxona uning onasi va bemor bobosiga to‘liq tibbiy xizmat ko‘rsatishni taklif qilgan.
The Global Times nashrining yozishicha, shahardagi uchta korxona unga uy, do‘kon, butun oila a’zolariga ko‘ngilochar parklar, zoopark va kurortlarga borish uchun bir umrlik bepul chiptalar taklif qilgan.
Ammo chempion qizning otasi Venmao barcha takliflarni rad etgan. «Bizga taklif bilan chiqqan barcha tashkilotlarga rahmat aytaman. Ammo bir chaqa ham olmayman», — degan u.
Olimpiada o‘yinlari natijasiga ko‘ra, Xitoy 38 oltin, 32 kumush va 18 bronza medali bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar