
Foto: The Khaama Press News Agency
Afg‘oniston IIV xodimlari Kobul yo‘lida «Tolibon» egallab olgan G‘azni viloyatining hokimi Dovud Lagmaniyni hibsga oldi. Bu haqda mahalliy OAV hamda Afg‘oniston ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Mirvays Stanekzayga asoslanib «Interfaks» xabar qilgan.
Xabarga ko‘ra, Lagmaniy va uning atrofidagi shaxslar mamlakat markazidagi Maydon-Vardak viloyatida qo‘lga olingan. Gubernator bilan birga uning o‘rinbosari, yordamchisi va viloyat boshqarmasining rahbari ham hibsga olingan.
Mahalliy matbuot gubernator va uning administrasiyasi xodimlarini «Tolibon» vakillariga jangsiz taslim bo‘lish va hududni topshirganlikda ayblamoqda.
«Afg‘oniston viloyatining gubernatori ‘Tolibon’ bilan kelishgan, u va politsiya boshlig‘iga Kobulga ketishiga ruxast berilgan», — degan Stanekzay.
Avval internetda qurollangan «Tolibon» vakillarining shaharda erkin harakatlanayotgani aks etgan videolar tarqalgandi.
«G‘azni shahrida dushmanning ko‘plab muhim ob’ektlari egallandi va endi ‘Tolibon’ a’zolari gubernator qarorgohi tomon yo‘l olmoqda», — deb yozgan «Tolibon» matbuot kotibi Zabihulla Mujohid.
Lagmaniy bir necha oy avval Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani tomonidan Forob viloyatining gubernatorligiga tayinlangan, biroq mahalliy aholi norozilik namoyishlari o‘tkazib, uni lavozimidan chetlatishni talab qilgan. Namoyishlar vaqtida politsiya hamda norozilik bildirayotgan xalq to‘qnashuvlari oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan.
Mahalliy manbalarning xabar berishicha, «Tolibon» G‘azni shahrini egallab olganidan keyin Afg‘oniston harbiy havo kuchlari shaharda jangarilar to‘plangan hududlarga raketa zarbalari berishni boshlagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar