01:54 / 16.08.2021
3 626

NYT va Al Jazeera Ashraf G‘anining O‘zbekistonga yo‘l olgani haqida xabar berdi

NYT va Al Jazeera Ashraf G‘anining O‘zbekistonga yo‘l olgani haqida xabar berdi
Ashraf G‘ani Afg‘onistonni tark etmoqda, 2021 yil 15 avgust.
Foto: «YJC.news»

«Tolibon» harakati Kobuldagi prezident saroyini egalladi va shu yerdan Afg‘oniston islom amirligi tashkil etilganini e’lon qilmoqchi, deya xabar bermoqda Associated Press va Press Association agentliklari. Al Jazeera telekanali saroydan to‘g‘ridan-to‘g‘ri videotranslyatsiyani yo‘lga qo‘ygan, deb yozadi Daryo «Gazeta.uz»ga tayanib.

Toliblar 15 avgust kuni tongda Kobul tomon yurish boshlagan edi, oqshom arafasida esa shahar amalda jangsiz qo‘lga kiritildi. «Tolibon» hafta davomida mamlakatning boshqa — Qandahor, Hirot, Mozori Sharif va Jalolobod kabi yirik shaharlarini egallagan edi.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatdan uchib ketgan. TOLOnews afg‘on telekanalining xabar berishicha, prezidentning yaqin yordamchilari u bilan birga.

Afg‘oniston Milliy yarashuv Oliy kengashi rahbari Abdulla Abdulla «Tolibon»ni uning qo‘shinlari Kobulga kirguniga qadar muzokaralar o‘tkazish uchun vaqt berishga chaqirdi. U Facebook orqali qilgan videomurojaatida Ashraf G‘ani mamlakatni tark etganini tasdiqladi va uni «sobiq prezident» deb atadi.

Afg‘oniston mudofaa vaziri Bismilloh Muhammadiy Twitter’da shunday yozuv qoldirdi: «Bizning qo‘llarimizni bog‘lab qo‘yib, o‘zlari vatanni sotishdi, G‘ani va uning to‘dasiga lan’at bo‘lsin!».

Tojikistonning «Aziya-Plyus» agentligi Ashraf G‘ani Tojikistonga uchib ketgani, u yerdan nomi ma’lum qilinmagan uchinchi mamlakatga yo‘l olishi haqida xabar berdi. Kabul News xabariga ko‘ra, G‘ani dastlab Tojikistonga, so‘ng u yerdan Ummonga uchib ketgan. Ammo yuqori martabali ummonlik manba G‘anining Ummonga yetib borgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

Ayni vaqtda, The New York Times axborotiga ko‘ra, G‘ani rafiqasi va ikki yordamchisi bilan birga O‘zbekistonga yo‘l olgan. Ushbu axborotni G‘anining shaxsiy qo‘riqchisi Al Jazeera telekanaliga ham tasdiqlagan. O‘z navbatida, «Interfaks» manbasining ma’lum qilishicha, Toshkentga Ashraf G‘ani bo‘lgan samolyotni qabul qilish haqida so‘rov kelib tushmagan. «U O‘zbekistonda emas», — deya ma’lum qilgan agentlik manbasi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston vakolatli organlaridan, jumladan, TIVdan shoshilinch izoh olish imkoni bo‘lmadi.
Ashraf G‘anining o‘zi Facebook’da qoldirgan izohida qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Kobulni tark etganini ma’lum qilgan.

«‘Tolibon’ meni haydab solish uchun butun Kobul va uning aholisi ustiga qonli yurish qilishga tayyor ekanini ochiq bildirdi. Qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun men ketishga qaror qildim», — deb yozgan u.

Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay mamlakatda «tartibsizliklarning oldini olish» uchun muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilganini e’lon qildi. Unga Karzayning o‘zi, Yarashuv kengashi raisi Abdulla Abdulla va Afg‘oniston islom partiyasi yetakchisi, mamlakat sobiq bosh vaziri Gulbiddin Hikmatyor kirgan.

Avvalroq Reuters agentligi toliblarga tayanib, «Tolibon»da o‘tish hukumatini shakllantirish niyati yo‘qligi va unga rasmiy hokimiyat to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshirilishi uchun harakat qilishi haqida xabar bergan edi. Toliblar vakili Alhanafi Vardak Afg‘oniston muvaqqat hukumati masalasida muzokara olib borilmayotganini tasdiqladi.

Toliblar Kobulda xavfsizlik ta’minlashga va’da bergan va aholini «xavotirga tushmaslik»ka chaqirgan.

«Shahardagi vaziyat tez orada barqarorlashadi va shahar aholisi to‘liq qoniqish bilan odatiy hayot tarziga qaytadi», — deya toliblar vakilidan iqtibos keltirmoqda «Interfaks». «Tolibon» vakilining ta’kidlashicha, fuqarolar hayoti va mulkiga xavf yo‘q, shahar aholisi «zarurat tug‘ilganida yordam so‘rab mujohidlarga murojaat qilishi mumkin». «Hech kim xavotirga tushmasligi kerak», — dedi toliblar vakili.

Ayni vaqtda CNN muxbiri Klarissa Vard Kobulda hukmronlik qilayotgan «qo‘rquv va vahima hissi» haqida hikoya qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aksariyat aholi «Tolibon»ning uydan chiqmaslik haqidagi chaqiruviga quloq solgan, ammo prezidentning mamlakatdan qochib ketgani ma’lum bo‘lgach, odamlar voqealarning yomon rivojiga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan. Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, «Tolibon» asosiy vazirliklar ustidan nazorat o‘rnatganini e’lon qilgan.

Associated Press agentligi AQSH harbiylarining vakiliga asoslanib xabar berishicha, Kobul xalqaro aeroporti tijoriy aviareyslarni qabul qilishni to‘xtatgan. Ayni vaqtda odamlarni Amerika harbiylari kuchi bilan Kobuldan evakuatsiya qilish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

G‘arb mamlakatlarining diplomatlari o‘z qarorgohlarini tark etib, Kobul aeroportiga yetib kelgan. Diplomatik missiyalarining xodimlari aeroportga yuborilgani haqida, jumladan, AQSH, Germaniya va Fransiya ma’lum qilgan. Ushbu mamlakat fuqarolari Afg‘onistondan olib chiqib ketilmoqda.

AQSH elchixonasi vakillarining Reuters’ga ma’lum qilishicha, diplomatlar, afg‘onistonlik rasmiylar va boshqa afg‘onlar to‘plangan poytaxt aeroporti o‘qqa tutilgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 15 avgust kuni mamlakatning Kobuldagi elchixonasi va Mozori Sharifdagi konsulligi o‘z ishini davom ettirayotgani, ularning xodimlari evakuatsiya qilinmaganini bildirgandi. Kuni kecha afg‘on harbiylari bilan to‘la bo‘lgan «Termiz—Hayraton» ko‘prigidagi vaziyat barqarorlashgan: afg‘onistonliklarning asosiy qismi ko‘prik va unga yondosh hududni tark etgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » NYT va Al Jazeera Ashraf G‘anining O‘zbekistonga yo‘l olgani haqida xabar berdi