23:37 / 11.09.2021
1 334

Bepul oliy ta’lim: qaysi davlatlarda budjet asosida o‘qish mumkin?

Bepul oliy ta’lim: qaysi davlatlarda budjet asosida o‘qish mumkin?
Ko‘pchilik odamlar, agar sizning bank hisobingizda katta miqdordagi mablag‘ bo‘lsa, Yevropada sifatli ta’lim olish mumkin deb o‘ylashadi. Aslida bunday emas. Hatto chet ellik talabalarga ham bepul oliy ta’lim beradigan ko‘plab mamlakatlar bor. Ushbu maqolada biz tekin yoki nisbatan oz miqdorda to‘lov evaziga o‘qish mumkin bo‘lgan Yevropa davlatlari haqida ma’lumot beramiz.

Germaniya

Germaniya universitetlarida bakalavr bosqichida bepul o‘qish imkoniyati mavjudligi tufayli mamlakat chet ellik talabalar orasida tobora ommalashib bormoqda.

Faqat Germaniya janubi-g‘arbiy qismidagi Baden-Vyurtemberg viloyati bundan mustasno, bu mamlakatda istiqomat qilmayligan talabalar uchun to‘lovlar qayta joriy etilgan bo‘lib, to‘lov miqdori yiliga 3000 yevroga yaqin.

Germaniyaning kuchli iqtisodiyoti va yuqori sifatli oliy ta’limi uni abituriyentlar va ularning ota-onalari nazarida juda jozibali mamlakatga aylantiradi. Qirqdan ortiq nemis universitetlari dunyoning eng yaxshi universitetlari ro‘yxatiga kiritilgan, ular orasida birinchi o‘rinni Myunxen texnika universiteti egallagan.

Agar siz Germaniyada budjet asosida ta’lim beriladigan universitetni tanlagan bo‘lsangiz, shuni yodda tutingki, bu yerda faqat ta’lim bepul bo‘ladi. Bu mamlakatda farovon hayot kechirish uchun oylik daromadingiz taxminan 850 yevro bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, Germaniya talaba vizasini olish uchun sizga bank tomonidan o‘z moliyaviy xarajatlaringizni qoplash uchun mablag‘ingiz mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotnomasi kerak bo‘ladi.

Fransiya

Fransiya ham chet ellik talabalarga arzon narxlarda oliy ma’lumot olish imkoniyatini beradi.
Shveysariya va Yevropa iqtisodiy hududidagi talabalar uchun to‘lov yiliga atigi 170 yevroni tashkil etadi.

Yevropa Ittifoqining norezidentlari uchun 2019/20 o‘quv yili o‘zgarishlar kiritildi: o‘qish narxi yiliga 2,770 yevroga oshdi, lekin Fransiya hukumati chet ellik talabalar uchun mavjud bo‘lgan stipendiyalar sonini 7000 dan 21000gacha oshirdi.

Fransiyadagi eng buyuk «grande ecole»ga yozilishni rejalashtirganlar uchun o‘qish narxi ma’lum dasturga bog‘liq bo‘ladi.

Germaniyada bo‘lgani kabi, Fransiya o‘quv dasturlarining aksariyati mamlakat tilida o‘qitiladi. Shunga qaramay, ingliz tilidagi dasturlar soni yildan-yilga oshib bormoqda, ayniqsa magistratura va PhD darajalarida.

Fransiyada yashash narxi o‘rtacha — yiliga taxminan 10 600 yevro. Faqat Parij bundan mustasno.

Skandinaviya mamlakatlari

Ko‘pgina Skandinaviya mamlakatlari nafaqat yuqori turmush darajasi, go‘zal tabiati va liberal qarashlari bilan, balki oliy ta’limning a’lo sifati bilan ham dunyoga mashhur. Daniya, Finlyandiya, Shvetsiya, Norvegiya va Islandiya chet ellik talabalar uchun budjetda o‘qish imkoniyatini taklif qiladi.

Norvegiyada o‘qish mutlaqo bepul, faqat semestr kirish to‘lovi (33-66 dollar) bundan mustasno. Bakalavriat dasturlarining aksariyati to‘liq norveg tilida, lekin aspirantura va doktorlik dasturlarida darslar ko‘proq ingliz tilida o‘qitiladi.

Daniya, Shvetsiya va Finlyandiyada doktorlik dasturlari to‘liq hukumat tomonidan moliyalashtiriladi va ayniqsa umidli aspirantlarga ish haqi to‘lanadi.

Shu bilan birga, Skandinaviya mamlakatlari yashash uchun eng qimmat mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bu asosan rivojlanayotgan iqtisodiyot va kuchli valyuta pozitsiyalari bilan bog‘liq.

Avstriya

Yevropa iqtisodiy zonasidan tashqaridagi mamlakatlardan kelgan chet ellik talabalar uchun Avstriya universitetida o‘qish har semestr uchun taxminan 726 yevroga tushadi. Avstriyada o‘rtacha yashash narxi esa yiliga 11 400 evroni tashkil qiladi.

Gretsiya

Gretsiya Yevropa Ittifoqi ichida yashash uchun eng budjetli davlatlardan biri hisoblanadi. Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmaganlar uchun Gretsiya universitetlarida o‘qish yiliga 1500 yevroga tushadi.

Italiya

Italiyadagi xususiy universitetlarda o‘qish ancha qimmat, lekin davlat universitetlarida bu ancha arzon. Italiyadagi davlat universitetida bir yillik bakalavr ta’limi universitet va ta’lim dasturiga qarab 990 dan 4000 yevrogacha bo‘lishi mumkin.

Ispaniya

Chet ellik talabalar uchun Ispaniya davlat universitetining bakalavriatida o‘qish narxi yiliga 750 dan 2500 yevrogacha. Magistrlik dasturlari nisbatan qimmatroq bo‘lishi mumkin. Ispaniyada farovon hayot kechirish uchun sizga yiliga 10 800 dan 13 200 yevrogacha bo‘lgan mablag‘ kerak bo‘ladi.

Nuriddin Ziyo Turaqulov tayyorladi


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Bepul oliy ta’lim: qaysi davlatlarda budjet asosida o‘qish mumkin?
[/banner_pushhouse