22:09 / 12.09.2021
2 128

Kobulda ayollar «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlab namoyish o‘tkazdi (foto)

Kobulda ayollar «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlab namoyish o‘tkazdi (foto)
Kobulda «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan ayollar marshi, 2021 yil 11 sentabr
Foto: Aamir Qureshi / AFP / Scanpix / LETA

11 sentabr kuni Afg‘onistonda mamlakatda avgust oyi o‘rtalarida hokimiyat tepasiga kelgan «Tolibon» harakatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ayollar namoyishi o‘tkazildi. Namoyishchilar gender tengligi va ayollar huquqlarini cheklamaslik bo‘yicha siyosat yuritishni va’da qilayotgan toliblarni olqishlagan. Meduza ushbu tadbir haqidagi ma’lumotlarni to‘plagan.

AFP agentligi xabariga ko‘ra, namoyishda 300 ga yaqin xotin-qiz ishtirok etgan. «Tolibon» o‘rnatgan tartibga ko‘ra, ularning hammasi tanani to‘liq yopib turadigan va faqat ko‘z qismi ochiq bo‘lgan qora niqob yoki ayollarning ko‘zini faqat to‘r bilan yopadigan moviy burqada ko‘chaga chiqqan. Namoyishchilarning aksariyati qo‘liga qo‘lqop ham kiygan.

Aksiyada ishtirok etganlar hukumatdan bu borada ruxsat olgan, deya AFP’ga ma’lum qilgan Afg‘oniston maorif vazirligi vakil Dovud Haqqoniy. Tashkilotchilar aksiya ishtirokchilarining talabalar ekanini aytgan, biroq AFP’ning qayd etishicha ularning ayrimlari universitetda o‘qish uchun juda yoshlik qiladi, ba’zi ayollar esa qo‘lida chaqalog‘i bilan namoyishda qatnashgan.

Namoyish Kobul universiteti oldidagi chiqishlar bilan boshlangan. Notiqlar ham, ularni tinglayotganlar ham ayollar edi.

«Ko‘chalarda biz ayollarning nomidan norozilik namoyishlari o‘tkazayotgan boshqa ayollarga qarshimiz. Avvalgi hukumat ayollardan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanardi. Ular ayollarni tashqi ko‘rinishi uchun ishga yollagan», — deya nutq so‘zlagan afg‘onistonlik ayollardan biri.

Foto: Aamir Qureshi / AFP / Scanpix / LETA
AFP’ga o‘zini talaba deb tanishtirgan aksiyaning yana bir ishtirokchisi Shabona Omariy ayollar yuzini berkitib yurishini majburiy qilib qo‘ygan «Tolibon» siyosatini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

«Hijob kiymaganlar hammamizga zarar keltiradi», — degan u.

Somayya ismli boshqa bir namoyishchi ayol yuzini berkitib yurgan xotin-qizlar avvalo o‘z xavfsizligini ta’minlashi haqida gapirgan.

Yetakchilar nutq so‘zlaganidan keyin namoyishchilar guruhlarga bo‘lingan va qo‘llarida shiorlarni (ingliz tilida yozilgan lozunglar ham bor) ko‘tarib, Kobul ko‘chalari bo‘ylab marsh o‘tkazishgan. Lozunglarning birida «Afg‘onistonni tark etgan ayollar bizning vakillarimiz emas» deb, yana birida esa «Biz erkaklar va ayollar birga ta’lim olishiga qarshimiz» («We don’t want co-education») so‘zlari yozilgan. Ishtirokchilarni «Tolibon» harakatining qurollangan vakillari qo‘riqlagan.

Foto: Aamir Qureshi / AFP / Scanpix / LETA

Foto: Aamir Qureshi / AFP / Scanpix / LETA

Foto: Aamir Qureshi / AFP / Scanpix / LETA
«Tolibon»ning Afg‘onistondagi birinchi boshqaruv davrida ya’ni 1996–2001 yillarda ayollar deyarli barcha huquqlaridan mahrum bo‘lgandi, ularning o‘qishi va ishlashi taqiqlab qo‘yilgandi. Toliblar 2021 yil avgustda yana mamlakatda hukumat tepasiga kelgach, ayollarning o‘qishi va ishlashiga sharoit yaratilishini va’da qilgan. Biroq ular ayollarning sport bilan shug‘ullanishini taqiqlagan, shuningdek OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra Kobul ko‘chalaridagi ayollar norozilik namoyishlarini tarqatish uchun dubinka hamda ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalangan. Bundan tashqari «Tolibon» 7-sentabda e’lon qilgan yangi hukumat tarkibiga birorta ham ayol vakilni kiritmagan, shu bilan birga, ayollar ishlari bo‘yicha vazirlik faoliyatini ham tugatgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kobulda ayollar «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlab namoyish o‘tkazdi (foto)