20:20 / 28.09.2021
2 373

Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan Fransiya prezidentiga tuxum uloqtirishdi

Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan Fransiya prezidentiga tuxum uloqtirishdi
Foto: Reuters
Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Lion shahridagi Eurexpo ko‘rgazmasiga tashrifi chog‘ida, noma’lum kishi unga tuxum uloqtirdi. Lyonmag nashri xabar berishicha, hujumchi tuxumni otishdan oldin «Yashasin inqilob» deb baqirgan.

Tuxum Makronning yelkasiga urilgan, ammo sinmagan. Keyinroq voqea joyidan olingan tasvirlarda polda yotgan tuxum parchalari ko‘rinadi. Uni uloqtirgan 20 yoshli yigit soqchilar tomonidan zudlik bilan ushlanib, qo‘llariga kishan solingan. Makron uning nima sababdan bunday qilganini aniqlash uchun hujumchi bilan shaxsan gaplashish istagini bildirgan, deb yozadi Lyonmag.

Ushbu voqea Makron umumiy ovqatlanish va mehmonxona biznesining qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatlovchi bir qancha bayonotlar berganidan keyin ro‘y bergan. U o‘z nutqini mehmonxona, restoranlar faoliyati va oziq-ovqat ta’minoti ko‘rgazmasida so‘zlagan edi.

Avvalroq 8 iyun kuni Emmanuel Makronga fuqarolardan biri tarsaki tushirgan edi. Hodisa Fransiya janubi-sharqidagi Drom departamentining Ten-L’Ermitaj kommunasida o‘tkazilgan aholi bilan uchrashuvda sodir bo‘lgan.

Davlat rahbari panjara ortida kutib turgan mahalliy aholi yoniga borib, unga qo‘l uzatgan fuqarolardan biri bilan salomlashish uchun qo‘l cho‘zgan. Ammo fuqaro «Yo‘qolsin Makron Fransiyasi» («à bas la Macronie») deya baqirgancha uning yuziga zarb bilan tarsaki tushirgan.

Hujumchi voqea joyida qo‘lga olinib, politsiyaga topshirilgan. Bundan tashqari, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari yana bir kishini hibsga olgan. U tarsaki tushirgan odam bilan birga kelgan va voqeani videoga olgan.

Keyinroq Fransiya respublika prokurori Makronga tarsaki tushirgan 28 yoshli Damen Tarelga to‘rt oylik qamoq jazosi berilganini ma’lum qildi. Tarel jami 18 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan, biroq mazkur muddatning 14 oyida kechiktiruvchi sabablar mavjudligi aytilgan. Agar u qamoqxonada muddatni o‘tab bo‘lganidan keyin ishlasa yoki o‘qisa, psixolog kuzatuvi ostida yursa va yangi qoidabuzarliklar sodir etmasa, qamoqxonaga qaytarilmaydi.

Fransiya prezidentining o‘zi holat bo‘yicha sudga shikoyat qilmagan va hodisaga ortiqcha e’tibor qaratmaslikka qaror qilgan.

Keyinchalik u mazkur hujumni ahmoqona va zo‘ravonlarcha qilingan harakat deb atab, tarsakida tajovuzkorlik ko‘rmagani haqida gapirdi. Shuningdek, Makron ushbu hodisada ijobiy o‘zgarish, ya’ni mamlakatning lokdaunlardan keyin odatiy hayot tarziga qaytayotganining belgisini ko‘rish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan Fransiya prezidentiga tuxum uloqtirishdi