14:19 / 07.11.2021
1 642

Iroqda bosh vazirga dron yordamida suiqasd uyushtirildi

Iroqda bosh vazirga dron yordamida suiqasd uyushtirildi
Iroq poytaxti Bag‘dodda portlovchi modda o‘rnatilgan uchuvchisiz uchar apparat mamlakat bosh vaziri Mustafo al-Kazimiy qarorgohiga hujum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Iroq harbiylari bayonotiga ko‘ra, hujum nishoni al-Kazimiyning qarorgohi bo‘lgan. Bino Iroq poytaxtining hukumat binolari va xorijiy elchixonalarni o‘z ichiga olgan «yashil zonasi»da joylashgan. Harbiylar portlash bilan yakunlangan hujumni bosh vazirga suiqasd deb atagan, biroq uni o‘z vaqtida evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘lgan.

Ikki davlat amaldorining agentlikka aytishicha, portlash hukumat rahbarining qarorgohiga zarar yetkazgan. Ularga ko‘ra, al-Kazimiyning o‘zi xavfsiz joyda.

Xavfsizlik manbalarining Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, hujumda bosh vazirning shaxsiy xavfsizlik xizmati xodimlaridan olti kishi jarohatlangan. Ular olgan jarohatlarning og‘irlik darajasi haqida xabar berilmagan.

Xorijiy diplomatlar Reuters’ga Bag‘dodning «yashil zonasi»da portlash va otishma ovozlari eshitilganini aytdi. Hozircha hech bir radikal guruh sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.

Arab tilida yuritiladigan bir qancha ommaviy axborot vositalari, xususan, Al Arabiya telekanali hujum oqibatida Iroq bosh vaziri yaralangani va kasalxonaga yotqizilganini xabar qilgandi. Biroq keyinroq al-Kazimiyning o‘zi Twitter’da jarohat olmagani haqida yozdi. «Men yaxshiman va Iroq nomidan barchani xotirjamlik va vazminlikka chaqiraman», — dedi u.

Reuters xabariga ko‘ra, Iroq bosh vaziri qarorgohiga hujum parlament saylovlari natijalaridan norozi namoyishchilar va huquq-tartibot xodimlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar fonida sodir bo‘lgan (saylov 10-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan, Oliy saylov komissiyasi yakuniy natijalarni hali e’lon qilgani yo‘q). 5-noyabr kuni Bag‘dodning «yashil zonasi»da ro‘y bergan tartibsizliklar natijasida 120 dan ortiq kishi jarohatlangani xabar qilingandi. Namoyishchilar politsiyaga tosh otgan, politsiya esa o‘z navbatida havoga o‘q uzish bilan javob qaytargan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Iroqda bosh vazirga dron yordamida suiqasd uyushtirildi