1 947
«Tolibon» aholining smartfonlarini tekshirib, musiqa va video olib yurganlarni kaltaklayotgani xabar qilindi
Foto: AP Photo
Afg‘onistonda «Tolibon» jangarilari jamoat joylarida odamlarni to‘xtatib, ularning smartfonlarini tekshirmoqda. Afg‘oniston fuqarolarining «Ozodi» radiosiga aytishicha, qurollangan shaxslar mobil qurilmalarida musiqa yoki video olib yurgan odamlarni kaltaklagan yoki ta’qib qilgan. Ko‘p hollarda telefonlar aholidan tortib olinadi yoki ulardagi barcha ma’lumotlar o‘chiriladi, deb yozmoqda Asia Plus.
Afg‘oniston fuqarolaridan biri Kobuldagi do‘konini berkitib, uyiga ketayotganida «Tolibon» jangarilari uni to‘xtatib, smartfonini ko‘rsatishni talab qilgan.
«Ular telefonimni tekshirdi va sport bilan shug‘ullanayotganim, zalda mashq qilayotganim, do‘stlarim bilan sayrga chiqqanim aks etgan suratlarimni ko‘rdi, telefonimda musiqa borligi uchun meni urib, tepkiladi. Qanday jinoyat qildim, deb hayron bo‘lishdan boshqa ilojim qolmagandi», — degan qo‘rquv sabab ismini oshkor etmagan fuqaro.
Butun mamlakat bo‘ylab afg‘onlar «Tolibon» ularning smartfonlaridagi shaxsiy fotosuratlar, videolar, kontaktlar va ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini ko‘zdan kechirishi haqida gapirmoqda.
Mahalliy aholi vakillaridan birining so‘zlariga ko‘ra «Tolibon» jangarilari axloqiy qoidalarga zid deb hisoblagan musiqa yoki videolarni olib yurgan odamlarni ko‘pincha ta’qib qiladi va ularga nisbatan kuch ishlatadi. Aksariyat hollarda qurollangan shaxslar qurilmalarni musodara qilgan, sindirgan yoki smartfonlardagi ma’lumotlarni o‘chirib tashlagan.
Afg‘onlarning ko‘pchiligi shaxsiy ma’lumotlarini begona odamlar ko‘rishini haqoratli deb hisoblamoqda. Yasmina ismli ayol endi mobil telefonini jamoat joylariga olib chiqmaslikka qaror qildi. U amakivachchasining smartfonidan «Tolibon» jangarilari musiqa topib olgan paytda uni qanday kaltaklagani ko‘z oldidan ketamayotganini aytdi.
«Ular amakivachchamni do‘stlari va o‘tkinchilarning oldida namoyishkorona kaltakladi. Bunday muomala inson qadr-qimmatiga qanchalik putur yetkazishi ularga ahamiyatsiz. «Tolibon» ekstremistik dunyoqarashini odamlar ongiga singdirishga urinmoqda», — deydi ayol. U ham xavfsizlik nuqta’yi nazaridan haqiqiy ismini oshkor etmagan.
«Tolibon» islom shariatining fundamentalistik talqiniga amal qiladi. 1996 yildan 2001 yilgacha bo‘lgan davrda ham Afg‘onistonni boshqargan «Tolibon» o‘sha paytda musiqa, mustaqil ommaviy axborot vositalari va ko‘plab sport turlarini taqiqlagan. Ayollarga ishlash, qizlarga esa maktabga borish man etilgan. «Tolibon», shuningdek, erkaklarni ibodat qilishga va soqol o‘stirishga majburlagan.
2021 yilning avgust oyida hokimiyatni qayta qo‘lga kiritganidan so‘ng «Tolibon» o‘zining avvalgi boshqaruviga xos bo‘lgan ko‘plab repressiv qonunlar va reaksion siyosiy choralarni qaytadan qabul qildi.
Kobullik huquq eksperti Subhon Misbahning aytishicha, toliblarning smartfonlarni tekshirish amaliyoti ular o‘zi targ‘ib qilayotgan islom qonunlariga zid. «Islomning shariat qonunlari birovning shaxsiy hayotiga ruxsatsiz aralashishni taqiqlaydi. Agar kimdir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinsa yoki ayblansagina aralashishga ruxsat beriladi. Bunday faoliyatga aloqador shaxslar tergov ostiga olinishi kerak», — dedi u.
Ayni paytda «Tolibon» aholining smartfonlari jangarilar tomonidan tekshirilganini rad etmoqda.
«Hech kimga birovning mobil telefonini tekshirish huquqi berilmagan. Biz bunday voqealar haqida eshitmadik», — deydi «Tolibon» vakili Ahmadulla Vosik «Ozodi» radiosining afg‘on xizmatiga.
Afg‘onistonliklarning aytishlaricha, «Tolibon»ning ushbu harakatlari yangilik emas. 20 yil davomida «Tolibon» jangarilari muntazam ravishda odamlarni kutilmaganda to‘xtatib, ularning smartfonlarini tekshirib turardi. Ko‘pgina afg‘onlar smartfonlari olib qo‘yilgandan so‘ng qo‘rqitish yoki ta’qibga uchrash holatlari, ayrim vaqtlarda esa telefon ma’lumotlari nusxalab olinganini bildirgan.
«Tolibon» vakili Zabihulla Mujohid 2020 yil oktabr oyida «Ozodi» radiosining afg‘on xizmatiiga yuborgan audiomurojaatida jangarilar shubhali odamlarning telefonlarini tekshirganini tan olgandi.
«Biz hech kimning telefonini suratlari yoki ma’lumotlarini ko‘rish uchun tekshirmaymiz. Faqat qo‘limizda to‘liq ma’lumotlar borligi uchun gumondorlarning telefonlarini ko‘rib chiqamiz. Ularni hibsga olishimiz kerakmi yoki yo‘qmi, degan qarorga kelish uchun ularning aloqalari va boshqa ma’lumotlarini o‘rganamiz hamda shu asosda ularni qo‘shimcha so‘roq qilish uchun olib ketishni hal qilamiz», — degan edi Mujohid. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»