09:20 / 03.12.2021
2 039

Jahon banki Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash uchun 280 mln dollar mablag‘ ajratadi

Jahon banki Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash uchun 280 mln dollar mablag‘ ajratadi
Foto: Global Look Press
Jahon banki kengashi Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash uchun ilgari muzlatib qo‘yilgan mablag‘lardan 280 million dollar ajratishga qaror qildi. Reuters xabar berishicha, mablag‘lar Birlashgan Millatlar Tashkilotining ikki agentligiga — Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) va Bolalar jamg‘armasiga (YUNISЕF) beriladi, ular mamlakatda «Tolibon» hokimiyatni qo‘lga kiritgandan so‘ng yuzaga kelgan gumanitar inqirozni yengishda yordam berib kelmoqda.

Ushbu pullar agentliklarga yetib borishidan oldin, o‘tkazma Jahon banki tomonidan boshqariladigan Afg‘onistonni qayta tiklash trast fondining (ARTF) 31 ta donori tomonidan ma’qullanishi kerak. Eng yirigi AQSH bo‘lgan mazkur donorlarning yig‘ilishi 3 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. ARTF hisoblarida Afg‘oniston uchun mo‘ljallangan jami 1,5 milliard dollar to‘plangan.

Afg‘onistonda «Tolibon» hokimiyatga kelgach, AQSH hukumati afg‘on aktivlarini, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi esa Afg‘oniston iqtisodiyoti va boshqaruvini qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan mablag‘larni «Tolibon» qo‘liga tushib qolishidan va noto‘g‘ri maqsadda ishlatilishidan qo‘rqib, muzlatib qo‘ygandi. Rossiya, Xitoy, Pokiston va bir qator MDH davlatlari AQSH sanksiyalari og‘ir ahvolda qolgan afg‘on xalqiga gumanitar yordam yetkazilishga to‘sqinlik qilayotganini da’vo qilib, bu pullarni blokdan chiqarishga chaqirmoqda.

«Bugun BMT ziddiyatlar va qashshoqlik hukm surayotgan mamlakatlardagi 183 million kishiga kelasi yil uchun 41 milliard dollar favqulodda yordam ko‘rsatishga chaqiruv bilan murojaat qildi. Ulardan beshtasi – Afg‘oniston, Suriya, Yaman, Efiopiya va Sudan eng ko‘p mablag‘ talab qiladi. ‘Tolibon’ hokimiyatni qo‘lga kiritganidan so‘ng Afg‘onistonning uch baravarga oshgan ehtiyojini qondirish uchun 4,5 milliard dollar kerak, ehtiyojlar esa kundan-kunga oshib bormoqda», — deya qayd etadi BMT.

Ayni paytda Afg‘oniston iqtisodiyoti va bank tizimi to‘liq tanazzulga yuz tutish arafasida, 40 million kishilik aholi oziq-ovqat taqchilligi va tibbiy yordam yetishmasligidan aziyat chekmoqda. BMT prognoziga ko‘ra, bu qishda 23 milliondan ortiq afg‘on, jumladan, 3,2 million 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar ochlikdan aziyat chekadi, ulardan bir millionga yaqini nobud bo‘lishi ham mumkin. Mamlakatda naqd pul tanqisligi sharoitida BMT agentliklari «Tolibon» hukumati tuzilmalarini chetlab o‘tib, o‘qituvchilar, shifokorlar va kambag‘al oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul tarqatishni boshlagan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jahon banki Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash uchun 280 mln dollar mablag‘ ajratadi