Hindistonlik deputat qizining to‘yi uchun qamoqdan vaqtincha ozod qilindi

Hindistonda mahalliy deputat qizining to‘yini misli ko‘rilmagan dabdaba va katta tantana bilan nishonladi. Besh kun davom etgan marosimga 400 mingga yaqin odam tashrif buyurdi. Tekin ovqatlanish istagida kelgan minglab mehmonlar sababli hududda ulkan tirbandliklar ham yuzaga keldi. Ayrim avtomagistrallarda navbatdagi avtomobillar oqimi 10 kilometrgacha cho‘zildi. Bu haqda Khaleej Times xabar berdi.
Hodisa Hindistonning eng qashshoq shtatlaridan biri hisoblangan Biharda sodir bo‘ldi. Mahalliy deputat Anant Singh qizining to‘yini katta miqyosda tashkil etib, unga yuz minglab mehmonlarni taklif qildi. Besh kun davom etgan bayram uchun ajratilgan maydon 2,5 gektarni tashkil etdi.
Ma’lum qilinishicha, tantanaga kelganlar orasida nafaqat kelin-kuyovni qutlash va oilaga yaxshi tilaklar bildirishni istaganlar, balki bepul taomlardan bahramand bo‘lish uchun tashrif buyurgan minglab odamlar ham bo‘lgan. Mehmonlarni qabul qilish va tadbirni o‘tkazish uchun oltita vertolyot maydonchasi qurilgan. Shuningdek, 300 ta oshxona tashkil etilib, u yerda 500 ga yaqin oshpaz 150 dan ortiq turdagi taomlarni tayyorlagan.
To‘yning yana bir e’tiborga molik jihati kuyovning marosimga kirib kelishi bo‘ldi. U yuzlab avtomobillardan iborat kortej hamrohligida retro kabrioletda to‘y maydoniga yetib kelgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, kelin-kuyovga berilgan qimmatbaho sovg‘alar orasida Land Rover Defender rusumli yo‘ltanlamas avtomobil ham bo‘lgan.
Bayramga qiziqish shu qadar yuqori bo‘lganki, tantanani tomosha qilish uchun kelgan ayrim odamlar hatto daraxtlar va elektr ustunlariga chiqib olgan. Anant Singh yashaydigan qishloq va unga tutash hududlardan avtomobillar, mototsikllar, velosipedlar hamda piyodalar oqimi tinimsiz davom etgan. Natijada avtomagistrallarda 10 kilometrgacha cho‘zilgan tirbandliklar yuzaga kelgan.
Tantanali marosimda faqat oddiy fuqarolar emas, balki siyosiy doira vakillari ham qatnashgan. Xususan, shtat assambleyasi raisi, shuningdek, mahalliy va milliy miqyosda tanilgan bir qator siyosatchilar ham to‘y mehmonlari safidan joy olgan.
OAV hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday ulkan to‘y marosimini o‘tkazish uchun taxminan 6,5 million funt sterling, ya’ni 8 million dollardan ortiq mablag‘ sarflangan.
Qayd etish joizki, kelinning otasi Anant Singhning o‘zi ham bir qator jinoiy ishlar bo‘yicha tergov markazida turibdi. Unga nisbatan qotillik va tovlamachilik kabi jinoyatlar bilan bog‘liq yigirmadan ortiq ish mavjud. Deputat qizining to‘yini o‘tkazish maqsadida qamoqdan vaqtincha garov evaziga ozod qilingan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, siyosatchi kelasi hafta yana qamoqxonaga qaytishi kerak.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…