08:00 / 06.12.2021
2 653

Polshada Rossiyaning ekipaji mast holatda bo‘lgan yuk kemasi ushlandi

Polshada Rossiyaning ekipaji mast holatda bo‘lgan yuk kemasi ushlandi
Foto: VesselFinder
Polshaning Gdansk port shahri yaqinidagi plyajga qarab suzgan va sayozlikka o‘tirib qolishiga bir bahya qolgan Rossiyaga qarashli “Ruslana” yuk kemasi ushlandi. Polsha OAVda ta’kidlanishicha, keyinroq kema ekipaji mast holatda bo‘lgani aniqlangan.

Voqea 4 dekabrda mahalliy vaqt bilan soat 4 atrofida yuz bergan. Chegara xizmati xodimi Anjey Yuzvyakning ma’lum qilishicha, Rossiya savdo kemasi Gdanskdagi shimoliy port tomon belgilangan xavfsiz suv hududidan tashqarida harakatlangan.

Foto: TWITTER/PORTALMORSKI
Yuk kemasi radioaloqa orqali murojaatlarga javob bermagan. Natijada uni to‘xtatish uchun chegara xizmati aralashishiga to‘g‘ri kelgan.

Kema tomon navbatchi patrul yo‘l olgan. Chegarachilar kemaga chiqishganda, uning ekipaji mast holatda ekanini aniqlashgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Litvaning Klaypeda shahridan yo‘lga chiqqan kema 20 km/soat tezlik bilan harakatlangan. U Sobeshevo orolidagi plyajdan bir kilometr berida ortiga burilib, sayozlikka botishdan qocha olgan.

Hozircha kema ekipaji bu manyovrni sohilbo‘yi xizmati ogohlantirishidan keyin yoki oxirgi pallada sohilga urilishini anglab amalga oshirgani noma’lumligicha qolmoqda.

Ekipaj sardori qonida 1 promille, ekipajning qolgan 2 a’zosi qonida esa 1,5 promilledan alkogol borligi aniqlangan. Bu esa ekipaj a’zolari o‘rtacha darajada mast (80 kg vaznga ega erkakka 250 gramm aroq iste’mol qilish) bo‘lganlarini anglatadi.

Ta’kidlanishicha, Gdinya porti xodimlari chegara xizmati bilan hamkorlikda kemani ko‘zdan kechirib chiqishgan. Voqea haqida politsiyaga xabar berilgan. Kema Gdansk porti yaqinida langarga qo‘yilgan.

Hozircha Rossiya rasmiy shaxslari ushbu hodisa bo‘yicha izoh bermagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Polshada Rossiyaning ekipaji mast holatda bo‘lgan yuk kemasi ushlandi