22:35 / 10.12.2021
2 841

Tramp Isroil sobiq bosh vaziri Netanyaxuni xiyonatda aybladi

Tramp Isroil sobiq bosh vaziri Netanyaxuni xiyonatda aybladi
Foto: AP Photo
AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp Isroilning sobiq bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni xiyonatda aybladi va Jo Baydenni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklaganidan beri u bilan muloqot qilmaganini aytdi.

«Baydenni birinchi bo‘lib tabriklagan Bibi Netanyaxu bo‘ldi. Bu odam bilan boshqalardan ko‘ra ko‘proq ish olib borgandim. Bibi jim turishi mumkin edi. U dahshatli xatoga yo‘l qo‘ydi», — dedi Tramp Axios muxbiri Barak Ravidga bergan intervyusida. Muxbir sobiq prezident bilan ikki suhbat asosida «Tramp dunyosi: Ibrohim kelishuvlari va Yaqin Sharqni qayta qurish» kitobini yozgan.

Netanyaxuning Baydenga murojaati aks etgan videoni Trampga uning rafiqasi Melanya ko‘rsatgan.

«O‘shandan beri u bilan gaplashganim yo‘q», — deb sobiq prezident Netanyaxuga nisbatan so‘kish mazmunidagi so‘zlarini ishlatdi. Uning aytishicha, «shunga qaramay Netanyaxuni yomon ko‘rmaydi», lekin sadoqatni qadrlaydi.

Trampning qo‘shimcha qilishicha, Isroil bosh vaziridan farqli o‘laroq, Rossiya yetakchisi Vladimir Putin va Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru Baydenni darhol tabriklamagan, chunki ular «saylovlar soxtalashtirilganini his qilgan».

Axios nashrining ta’kidlashicha, Netanyaxu aslida Baydenni saylangani bilan tabriklagan birinchi rahbar emasdi. Amerika ommaviy axborot vositalarida ovoz berish natijalari e’lon qilinganidan so‘ng ham u 12 soatdan ko‘proq kutgan.

AQSHning 46-prezidenti uchun saylovlar 2020 yil 3 noyabrda bo‘lib o‘tgandi. Ovozlarni sanash cho‘zilgan, biroq yakunda demokratlardan nomzod Jo Bayden g‘alaba qozongani ma’lum bo‘lgan. Respublikachi Tramp so‘nggi daqiqalargacha mag‘lubiyatini tan olmadi va saylangan prezidentning inauguratsiyasida ishtirok etishdan bosh tortdi — bunday holat 150 yil ichida birinchi marta sodir bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Isroil sobiq bosh vaziri Netanyaxuni xiyonatda aybladi