19:34 / 27.12.2021
1 708

Panjsherda mahalliy aholi «Tolibon»ga qarshi namoyishga chiqdi (video)

Panjsherda mahalliy aholi «Tolibon»ga qarshi namoyishga chiqdi (video)
Foto: Central Asia
Afg‘onistonning Panjsher viloyatida «Tolibon» jangarilari tomonidan mahalliy fuqaroning o‘ldirilishi ortidan 26 dekabr kuni o‘nlab odamlar norozilik namoyishi o‘tkazdi. Aamaj News xabariga ko‘ra, yig‘ilganlar «Tolibonga o‘lim!» deya hayqirgan.

Panjsher «Tolibon» Kobulni jangsiz egallashga muvaffaq bo‘lganidan deyarli bir oy o‘tib bo‘ysundirilgan edi. Viloyatda yashovchi faollar «Tolibon»ning hokimiyatini tan olishdan bosh tortgan va ag‘darilgan hukumatning sobiq harbiylaridan ko‘ngillilar bilan birgalikda Milliy qarshilik frontini (MQF) tuzgan. 6 sentyabr kuni «Tolibon» bilan kechgan to‘qnashuvlardan so‘ng MQF Panjsher ma’muriy markazi – Bozarak shahrini tark etishga majbur bo‘ldi. Biroq front askarlari toliblarga qarshi partizan urushini davom ettirdi.

«Tolibon» esa o‘z nazoratiga o‘tgan viloyatning aholisiga qarshi repressiyalarni amalga oshira boshladi. Panjsherdan mahalliy aholining o‘ldirilishi, majburan ko‘chirilishi va mintaqaga oziq-ovqat ta’minoti to‘sib qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq mahalliy aholi ommaviy norozilik namoyishlarini o‘tkazishga jur’at eta olmagan.

26 dekabrdagi namoyish toliblar tomonidan hududi egallab olingan panjsherliklarning birinchi ommaviy aksiyasi bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, namoyishchilar «Tolibon» tomonidan otib o‘ldirilgan mahalliy fuqaroning jasadini Bozarak ko‘chalari bo‘ylab olib yurgan va viloyat hokimligi binosi oldida miting o‘tkazgan.

Namoyishchilar oldiga chiqqan «Tolibon»ning Panjsherdagi komandiri Abdul Hamid Xurosoniy fuqaroning o‘ldirilishida «Tolibon» javobgar ekanini tan olgan. «U Tolibon xavfsizlik kuchlariga kelib tushgan noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida o‘ldirilgan. Islom Amirligi (Afg‘oniston) rahbariyati kimda-kim bunday harakatlarga yo‘l qo‘ysa, uni javobgarlikka tortishga xalq oldida va’da bermoqda», — dedi Xurosoniy namoyishchilarga.

Xabarga ko‘ra, «Tolibon» norozilik aksiyasini kuch bilan bostirishga urinmagan, voqea joyida bo‘lgan mahalliy aholi va jurnalistlarga videotasvirlar olishga ruxsat bergan.

Bozarakdagi norozilik 26 dekabr oqshomida talofatlarsiz yakunlangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Panjsherda mahalliy aholi «Tolibon»ga qarshi namoyishga chiqdi (video)