18:24 / 04.01.2022
1 279

«Tolibon» Afg‘onistonda 3,5 mln nafarga yaqin giyohvand borligini ma’lum qildi

«Tolibon» Afg‘onistonda 3,5 mln nafarga yaqin giyohvand borligini ma’lum qildi
Foto: AP Photo
Afg‘onistonda 3,5 millionga yaqin giyohvandlikka ruju qo‘ygan kishilar bor — bu mamlakatdagi 39 million aholining 9 foizini tashkil qiladi. Bu haqda «Tolibon» hukumati sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdul Boriy Umarning bayonotiga tayanib, «TASS» xabar berdi.

«Mamlakatda 3,5 million kishi giyohvand. Ularning har biri kuniga, taxminan, 3 dollarlik giyohvand modda iste’mol qiladi», — dedi rasmiy vakil.

Avvalroq «Tolibon» giyohvandlarni Kobuldagi tibbiy markazlarga majburiy davolanish uchun yubora boshlagani xabar qilingandi. Ular narkomanlar to‘planadigan Kobul daryosi bo‘yidagi ko‘priklar ostida reydlar o‘tkazmoqda, qo‘lga olinganlarni giyohvand moddalar zahridan xalos qilish uchun 45 kunlik maxsus kasalxonalarga yubormoqda.

Afg‘onistonda giyohvandlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Xususan, 2018 yilda mamlakatda 3 millionga yaqin giyohvand moddalar iste’molchisi bo‘lgan bo‘lsa, ulardan bir milliondan ortig‘ini ayollar va bolalar tashkil etgan. O‘sha yili narkomanlar soni 2010 yilga nisbatan 3 baravar oshgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda Afg‘onistonda ko‘knorini noqonuniy yetishtirish uchun foydalaniladigan yer maydoni avvalgi yilga nisbatan 37 foizga oshgan. 2020 yilda jahon opiumini ishlab chiqarishning 85 foizi Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri kelgan, narkotik ishlab chiqarish mamlakat yalpi ichki mahsulotining 6-11 foizini tashkil etgan.

1996—2001 yillarda, «Tolibon» hukmronligining birinchi davrida, giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va kontrabanda qilish ularning asosiy daromad manbai bo‘lgan. Bularning barchasi, o‘sha paytda giyohvand moddalarni nazorat qilish bo‘yicha Oliy komissiya tuzilganiga qaramay, deyarli butunlay toliblar tomonidan nazorat qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning avgust oyida «Tolibon» harakati Afg‘onistonda yana hokimiyat tepasiga kelgach, mamlakatning giyohvand moddalari yetishtirishni to‘xtatishi haqida va’da bergandi. «Endi giyohvand moddalar ishlab chiqarilmaydi va kontrabanda yo‘li bilan boshqa davlatlarga olib o‘tilmaydi. Afg‘oniston afyun yetishtiradigan mamlakat bo‘lmaydi», — degan harakat vakili Zabihulla Mujohid. U shunday siyosat olib borish uchun «Tolibon»ga xorij davlatlarining ko‘magi zarurligini ham ta’kidlagan.

Noyabr oyida esa «Tolibon» harakati mamlakatda kannabisni qayta ishlash bo‘yicha korxona ochish niyatida ekanini ma’lum qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» Afg‘onistonda 3,5 mln nafarga yaqin giyohvand borligini ma’lum qildi