Foto: Efirdan kadr
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 7 yanvar kuni respublika telekanallarida xalqqa murojaat yo‘lladi. Bu uning mamlakatda norozilik namoyishlari boshlanganidan keyingi uchinchi murojaati.
To‘qayev armiya va huquq-tartibot idoralariga Qozog‘istondagi tartibsizliklarda ishtirok etayotgan «terrorchilar»ga qarata o‘t ochishni buyurganini aytdi.
«Terrorchilar davlat va xususiy mulkka zarar yetkazish, fuqarolarga qarshi qurol ishlatishda davom etmoqda. Men huquq-tartibot idoralari va armiyaga nishonga ogohlantirishsiz o‘t ochish haqida buyruq berdim» — dedi To‘qayev efiridagi murojaatida.
«Xorijliklar muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun muzokaralar o‘tkazishga chaqirmoqda. Qanday bema’nilik! Jinoyatchilar, qotillar bilan qanday qilib muzokaralar olib borish mumkin», — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.
Qozog‘iston prezidentining aytishicha, politsiya va harbiylar «qurollangan va shug‘ullantirilgan bosqinchilar» bilan to‘qnashdi, ular orasida nafaqat mahalliy aholi, balki xorijliklar ham bor.
«Ularni yo‘q qilish kerak va tez orada shunday qilinadi ham... Jangarilar qurollarini tashlamagan, ular jinoyat qilishda yoki unga tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqda. Ularga qarshi oxirigacha kurashish zarur. Taslim bo‘lmaganlar yo‘q qilinadi», — deya va’da berdi To‘qayev. U «huquq-tartibot idoralari»ning maxsus kuchlar, maxsus vosita va texnikalar yetishmagan taqdirda ham, topshiriqni bajarishga tayyorligini ta’kidladi.
Avvalroq To‘qayev Qozog‘istonda konstitutsiyaviy tartibning katta qismi tiklanganini e’lon qilgandi. U «jangarilar»ga qarshi kurash davom etayotganini aytgan.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, maxsus operatsiyalar davomida xavfsizlik kuchlari 3 mingdan ortiq qonunbuzarni hibsga olgan, 26 nafar «qurolli jinoyatchi» o‘ldirilgan, yana 18 nafari yarador qilingan. Qozog‘iston Bosh prokuraturasi ommaviy tartibsizliklar, shuningdek, terrorchilik aktlarini sodir etish bo‘yicha tergov doirasida jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Mamlakat hududida terrorchilik xavfining «yuqori qizil» darajasi joriy etilgan.
Qozog‘istonda 2 yanvar kuni gaz narxi keskin oshishi sababli ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib, bir necha kundan so‘ng ular politsiya bilan qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.
IIV tartibsizliklar chog‘ida 18 nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgani, yana 748 nafar politsiya va Milliy gvardiya zobiti yaralangani haqida ma’lumot berdi.
Mamlakatdagi keskinlik munosabati bilan To‘qayev KXSHT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti)ga murojaat qilib, yordam so‘ragandi. Tashkilot cheklangan muddatga respublikaga tinchlikparvar kontingent yubordi.
Qozog‘istondagi tartibsizliklardan ko‘rilgan zararning umumiy miqdori, taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 91 million dollarni tashkil etmoqda, shundan 89,8 million dollari Olmaotaga to‘g‘ri keladi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar