10:31 / 10.01.2022
1 914

Qozog‘istonda nima gap? Tashqi ishlar vazirligi dolzarb savollarga oydinlik kiritdi

Qozog‘istonda nima gap? Tashqi ishlar vazirligi dolzarb savollarga oydinlik kiritdi
Qozog‘istondagi beqaror vaziyatni izga solishda ko‘mak uchun kiritilgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) tinchlikparvar qo‘shini mezbon davlat murojaat qilgan zahoti mamlakatni tark etadi. Bu haqda Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi bayonotida so‘z boradi.

Tashqi siyosat mahkamasi favqulodda vaziyat tartibi joriy etilgach, mamlakatdagi hodisalar xalqaro matbuotda bir tomonlama va yuzaki yoritilayotganini qayd etgan.

TIVga ko‘ra, Mang‘istov viloyati hamda boshqa shaharlardagi tinch namoyishchilarning barcha talablari qondirilgan, ammo vaziyatdan terrorchi va jinoiy guruhlar foydalanib, zo‘ravonlik va tanglikni yuzaga keltirgan. Pirovardida mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingan.

«Olmaota shahri va mamlakatning qator hududlaridagi hodisalar Qozog‘iston xorijda tayyorgarlikdan o‘tgan, faoliyati puxta muvofiqlashtirilgan terrorchi guruhlar tajovuziga nishon bo‘lganini ko‘rsatdi. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, hujumlarni amalga oshirganlar orasida mutaassib guruhlar tarkibida «qaynoq nuqta»larda jang tajribasini orttirgan shaxslar mavjud. Ayni paytda Qozog‘iston Respublikasi huquq-tartibot idoralari va Qurolli kuchlari ayrim xorij OAVda xato talqin etilayotganidek, «tinch namoyishchilar» emas, balki terrorchilarga qarshi kurashmoqda», – deyiladi bayonotda.

Ma’lum qilinishicha, yuzaga kelgan vaziyat tufayli Qozog‘iston KXSHTga yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Tashkilot tomonidan yuborilgan 2500 kishili tinchlikparvar qo‘shin strategik ob’ektlarni qo‘riqlash hamda mahalliy kuchlarga ko‘makda qatnashmoqda.

«Ta’kidlash joizki, terrorchi guruhlarga qarshi jangovar harakatlar Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari hamda Qurolli kuchlari tomonidan amalga oshirilmoqda. KXSHT tinchlikparvar qo‘shini Qozog‘istonda vaqtincha bo‘lib turibdi va vaziyat barqarorlashib, Qozog‘iston tomoni murojaat qilgan zahoti mamlakatni tark etadi», – deyiladi bayonotda.

Alohida qayd etilishicha, ayni paytda tinch namoyishchilar ta’qib qilinayotgani yo‘q. Huquq idoralariga esa vaziyat bo‘yicha keng ko‘lamli tergov o‘tkazish topshirilgan. Natijalar yuzasidan xalqaro hamjamiyatga ma’lumot beriladi.

«Qozog‘iston xalqi prezident Q.To‘qayevning tinch hayotni tiklash bo‘yicha qarorlarini yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlash lozim. Qozog‘iston demokratiya va Konstitutsiyani mutaassiblar hamda terrorchilardan himoya qilish borasida qat’iy irodaga ega», – deyiladi TIV bayonotida.

Afsuski, to‘qnashuvlar oqibatida huquq idoralari hamda tinch aholi vakillari qurbon bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan mamlakatda 10 yanvar milliy motam kuni deb e’lon qilingan.

TIV 6 yanvar kuni bergan bayonotida ham chet elda tayyorgarlikdan o‘tgan terrorchi guruhlarga urg‘u bergan, Qozog‘iston davlati millati va e’tiqodidan qat’i nazar barcha aholi vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga shayligini bildirgan edi.

7 yanvar kuni millatga murojaat qilgan prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev esa fuqarolarining tinch shaklda bildirgan barcha talablari tinglanishi, ammo jangarilarga shafqat qilinmasligidan ogohlantirgan.

S.Salim

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘istonda nima gap? Tashqi ishlar vazirligi dolzarb savollarga oydinlik kiritdi