07:00 / 11.01.2022
995

«Tolibon» «Milliy qarshilik fronti» yetakchilari bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi

«Tolibon» «Milliy qarshilik fronti» yetakchilari bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi
Amir Xon Muttaqiy
Foto: EPA

Afg‘oniston hukumatini boshqarayotgan «Tolibon» harakati «Milliy qarshilik fronti» yetakchisi Ahmad Mas’ud hamda Hirot viloyati sobiq gubernatori Ismoil Xon bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda toliblar hukumatidagi tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiyga asoslanib, TOLOnews xabar bergan.

Qayd etilishicha «Tolibon» vakillari hamda «Milliy qarshilik fronti» yetakchilarining uchrashuvi Eron poytaxti Tehronda o‘tkazilgan.

«Ha, biz Ahmad Mas’ud, Ismoil Xon va boshqa afg‘onistonliklar bilan uchrashdik. Ularga Afg‘onistonga qaytishlari va xotirjam hayot kechirishlari kafolatlanishi haqida va’da berdik», – degan Muttaqiy.

«Milliy qarshilik fronti» «Tolibon» vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilganini rasman tasdiqlagani yo‘q, lekin guruh a’zolaridan biri Hafiz Mansur muzokaralarning bo‘lib o‘tganini bayon etgan.

Afg‘oniston TIV rahbari 8 yanvarda «Tolibon» mamlakatda hokimiyat tepasiga kelganidan keyin eng birinchi xorijiy safarini amalga oshirgan va Eronga borgan. Muttaqiy Tehronda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik, tranzit va qochoqlar kabi masalalar yuzasidan muhokamalarda qatnashgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 15 avgustda toliblar poytaxt Kobulni egallagan va Afg‘onistonda hukumat tepasiga kelgan. Prezident Ashraf G‘ani mamlakatdan qochib ketgan. Keyinchalik G‘anining BAAda ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Biroq Panjsher «Tolibon» nazorati ostiga o‘tmagan yagona viloyat sifatida toliblarga qarshilik ko‘rsatdi, u yerda o‘zini davlat rahbari deb e’lon qilgan vitse-prezident Amrulla Solih ham joylashib oldi. 22 avgust kuni «Tolibon» panjsherliklarga ultimatum e’lon qilib, to‘rt soat ichida taslim bo‘lishni talab qildi. «Milliy qarshilik fronti» yetakchisi Ahmad Mas’ud va Panjsherning boshqa oqsoqollari viloyatni topshirib qo‘ymasligini bildirdi. Keyinroq «Tolibon» hududga yuzlab jangchilarni yuborganini ma’lum qilib, viloyatni qamal qilishni boshladi. «Tolibon» Panjsher aholisini internetdan uzib qo‘ydi, hududda mobil aloqa ishlashdan to‘xtadi. Oxir-oqibat 6 sentyabrda «Tolibon» Panjsherni — Afg‘onistondagi toliblar tomonidan nazorat qilinmayotgan so‘nggi viloyatni egalladi.

Panjsherda «Tolibon»ga qarshi isyonlar, norozilik namoyishlari tez-tez sodir bo‘lib turibdi, 2021 yil dekabrda mahalliy aholi fuqaroning o‘ldirilishi ortidan toliblarga qarshi namoyish o‘tkazgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» «Milliy qarshilik fronti» yetakchilari bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi