23:35 / 12.01.2022
1 791

To‘qayev: «Mamlakat rivojlanishning yangi bosqichi chinakam yangilanish davri bo‘ladi»

To‘qayev: «Mamlakat rivojlanishning yangi bosqichi chinakam yangilanish davri bo‘ladi»
Foto: esquire.kz
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev o‘zining Twitter’dagi rasmiy sahifasida Qozog‘istonda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida bayon qildi.

Qozog‘iston prezidenti o‘z tvitlarida mamlakat valyutasi quvvatini oshirish zarurligi, ijtimoiy va madaniy ob’ektlar qurilishi va noyob kasalliklarga chalingan bolalarning davolanishiga ko‘maklashuvchi «Qozog‘iston Xalqiga» umumxalq fondi tashkil etilishini ma’lum qildi.

«Davlatning bosh vazifasi — vatandoshlarmizning farovonligi va turmush sifatini ta’minlash. Halol raqobatni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab quvvatlash, davlat ko‘magining shaffofligi — yangi iqtisodiy kursning bosh tarkibiy qismlari bo‘ladi.

Hukumatning ustuvor vazifasi milliy valyuta kursining barqarorligini ta’minlashdan iborat bo‘lishi kerak. Baquvvat tangasiz va iflyatsiyani tushirmay turib barqaror iqtisodiy o‘sish, fuqarolar farovonligini oshirish va investorlar tomonidan ishonchga erishib bo‘lmaydi.

Hududiy nomutanosiblikni yengish alohida e’tibor talab qiladi. Ishsizlik muammosini hal qilish, mamlakatning barcha hududlarida ijtimoiy va madaniy rivojlanish uchun shart-sharoitlar hozirlash zarur bo‘ladi. Hududlarda xorijning yetakchi oliy o‘quv yurtlari filiallari ochiladi.

Yangi tuzilajak «Qozog‘iston Xalqiga» umumxalq fondi fuqarolarning real muammolarini hal etishga xizmat qiladi. Fond noyob kasalliklarga uchragan bolalarni davolashga yordam beradi, ijtimoiy va madaniy ob’ektlar qurilishini moliyalashtiradi. Shuningdek, Olmaotani tiklashga mablag‘ ajratiladi.

Biz birgalikda mamlakatning yaxlitligi, tinchlik va totuvlikni saqlab qoldik. Bizning fuqarlarimiz ekstremistlarga qarshi kurashda vatanparvarlik va birdamlik namoyish etishdi. Endi mamlakat rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bu chinakam yangilanish davri bo‘ladi. Biz birgalikda farovon va ravnaq topgan Qozog‘istonni quramiz!» — deb nihoyalagan To‘qayev tred tarzida yozilgan tvitlari shodasini.

Jahonning juda ko‘p davlatlari rahbarlari, nufuzli axborot agentliklari tezkor xabar va yangiliklar tarqatishda Twitter’dan foydalanishadi. O‘zbekistonda Prezident matbuot xizmati, Senat raisi, vazirliklarning Twitter messenjerida rasmiy akkauntlari mavjudligi, ular orqali rasmiy axborotlar tarqatilayotganiga qaramasdan, ijtimoiy tarmoq 2021 yilning yozidan buyon mamlakatda bloklangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » To‘qayev: «Mamlakat rivojlanishning yangi bosqichi chinakam yangilanish davri bo‘ladi»