17 yanvar kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev oilasining yana ikki a’zosi “o‘z ixtiyori bilan” iste’foga chiqdi.
Nazarboyev hukmronligi davrida va iste’foga chiqqanidan keyin uning qarindoshlari yirik korporatsiyalar va davlat organlarida yuqori lavozimlarda ishlab keldi. Yanvar noroziliklaridan keyin ular asta-sekin o‘z pozitsiyalarini yo‘qotmoqda.
Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonni 30 yildan ortiq boshqardi. 2019 yilda iste’foga chiqqanidan keyin Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi rahbari lavozimini o‘zida saqlab qoldi.
Rasmiy ravishda Nazarboyev bu lavozimda umrbod qolishi mumkin edi. Ammo 5 yanvar kuni lavozimdan chetlashtirilgani ma’lum bo‘ldi (boshqa versiyaga ko‘ra, u o‘z xohishi bilan bo‘shagan). Hozirda Xavfsizlik kengashiga prezident Toqayev boshchilik qilmoqda.
11 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatda “juda daromadli kompaniyalar va juda badavlat odamlar qatlami” borligini, ular endi “Qozog‘iston xalqiga” xayriya jamg‘armasiga muntazam hissa qo‘shish orqali xalqqa yordam berishi kerakligini aytdi.
Nazarboyevning qizlari va kuyovlari
Darig‘a Nazarboyeva Qozog‘iston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi. 2014 yildan buyon mamlakat parlamentida ishlab, 2019 yildan parlamentning yuqori palatasini boshqarib kelmoqda. 2020 yilning may oyida prezident Toqayev uning senatorlik vakolatlarini muddatidan oldin tugatdi. Keyinroq Darig‘a Nazarboyeva parlament quyi palatasiga deputat etib saylandi. Ammo 12 yanvardan beri u yig‘ilishlarda ko‘rinmayapti. Parlament matbuot xizmati Darig‘aning koronavirusga chalingani va kasallik ta’tiliga chiqqani haqida xabar berdi.
Mahalliy matbuotning yozishicha, Nazarboyeva 2020 yilda Qayrat Sharipboyevga turmushga chiqqan. O‘sha yili Sharipboyev "Qozoqgaz" kompaniyasi boshqaruvi raisi bo‘ldi. 15 yanvar kuni esa bu lavozimdan chetlashtirildi.
Elboshining o‘rtancha qizi Dinara Kuliboyeva tadbirkorlik va ijtimoiy faoliyat bilan shug‘ullanadi. Uning turmush o‘rtog‘i Timur Kuliboyev Forbes talqini bo‘yicha Qozog‘istonning eng nufuzli tadbirkorlari reytingida birinchi o‘rinni egallagan. Oxirgi sakkiz yil davomida u “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasini boshqardi. 17 yanvar kuni tashkilot Kuliboyev “o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqani” haqida xabar berdi. Hozircha u Qozog‘iston Olimpiya qo‘mitasi rahbari lavozimini saqlab qolmoqda.
Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Aliya Nazarboyeva ijtimoiy faoliyat bilan shug‘ullanadi va san’at sohasida ham faoliyat yuritadi. Aliyaning turmush o‘rtog‘i Dimash Do‘sanov to‘ydan ko‘p o‘tmay "QazTransOyl" kompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimini egallagan. U ham 15 yanvarda lavozimidan ayrildi.
Qarindoshlar va yaqinlar
Nursulton Nazarboyevning jiyani Samat Abishev Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 7 yanvar kuni uning iste’foga chiqqani haqida xabar berildi.
Karim Masimov Nazarboyevning ishonchli odami sanalgan. Ular uzoq yillar birga ishladi. Nazarboyev prezidentlikdan ketganidan so‘ng Masimov Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasini boshqardi. 6 yanvarda, mamlakatdagi norozilik namoyishlarining to‘rtinchi kuni u hibsga olindi va davlatga xiyonatda ayblandi.
Karimning ukasi Nurlan Masimov yaqin-yaqingacha Pavlodar viloyati militsiyasini boshqargan. 17 yanvar kuni u ham iste’foga chiqqanini ma’lum qildi.
Nursulton Nazarboyev va uning farzandlari hozir qayerda ekani noma’lum. Dekabr oyining oxiridan beri ular omma oldida ko‘rinish bergani yo‘q. Ularning vakillariga ko‘ra, Nursulton Nazarboyev poytaxtda, to‘ng‘ich qizi Darig‘a esa Olmaotada.
Nazarboyevning kenja qizi norozilik namoyishlari chog‘ida Instagramda bu haqda bir necha post qoldirdi. U postlarni Birlashgan Arab Amirliklarida turib joylagani ma’lum bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay Aliya Nazarboyeva Feysbuk va Instagramdagi akkauntlarini o‘chirib tashladi.
Ma’lumki, Darig‘a va Aliya Nazarboyevalar avvalroq Londondan uy sotib olgan. Darig‘a va uning o‘g‘li Nuraliga tegishli mulk 2019 yilda 100 million dollardan ortiqqa baholangan.
Aliyaning uyining bahosi esa 10 million dollardan oshadi. Shuningdek, u Dubayda taxminan 14 million dollarga ko‘chmas mulk sotib olgan. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi