16:30 / 11.02.2022
1 548

Britaniyada rossiyalik oligarxlar uchun «qora kunlar» boshlanayotgani aytilmoqda

Britaniyada rossiyalik oligarxlar uchun «qora kunlar» boshlanayotgani aytilmoqda
Britaniya va Rossiya o‘rtasidagi diplomatik muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan ko‘rinadi.
Foto: Reuters

Buyuk Britaniya sanksiya joriy etilishi mumkin bo‘lgan rossiyaliklar ro‘yxatini kengaytirdi. Ingliz hukumatining ma’lum qilishicha, jazo choralari Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi bilan joriy etiladi.

Sanksiyalar Kremlga yaqin oligarxlar hamda xususiy kompaniyalarga nisbatan tatbiq etilishi kutilmoqda. Kimyo, mudofaa, tog‘-kon, axborot-kommunikatsiya, moliya kabi strategik sohalar ham sanksiya ostida qolishi mumkin. Shunga ko‘ra tahlilchilar qirollikda rossiyalik oligarxlar uchun «qora kunlar» boshlanayotganini aytmoqda.

Avvalroq Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass Putinga yaqin bo‘lgan, Rossiya hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi oligarxlar hamda shirkatlar yangi sanksiyalardan qochib qutula olmasligini ta’kidlagan edi.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy Londonning sanksiya borasidagi vakolatlari kengaytirilishini salbiy baholadi va munosib tarzda javob qilishga va’da berdi.

Ukraina inqirozi borasida Moskva hamda London o‘rtasidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan ko‘rinadi. Kuni kecha Moskvaga safar qilgan Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass quruq qo‘l bilan qaytdi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa hamkasbi bilan muloqotni kar va soqovlar suhbatiga mengzadi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil yanvar oyida Buyuk Britaniya Rossiyani Ukrainada oliy hokimiyatni alishtirish va qo‘shni davlat tepasiga kremlparast siyosatchilarni keltirishga urinishda aybladi.

«Bizda Ukrainaga hujum qilish hamda uni bosib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgan Rossiya hukumati Kiyevga rossiyaparast yetakchini qo‘yishga urinayotganini tasdiqlovchi ma’lumot mavjud. Bu borada Ukraina parlamentining sobiq deputati Yevgeniy Murayev asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda», – deyiladi tashqi ishlar vaziri Liz Trass bayonotida.

Ayni paytda kollektiv G‘arb Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlashga hozirlik ko‘rayotganidan ogohlantirmoqda. Rasmiy Moskva bu boradagi ayblovlarni rad etmoqda.

Bir necha kuni avval AQSH Birlashgan shtabi boshlig‘i, general Mark Milli Kongressning yopiq majlisida Rossiya Ukrainaga urush ochgudek bo‘lsa, Kiyev 72 soat ichida mag‘lubiyatga uchrashini bashorat qilgan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniyada rossiyalik oligarxlar uchun «qora kunlar» boshlanayotgani aytilmoqda