Foto: Getty Images
Germaniya kansleri Olaf Shols Moskvada prezident Vladimir Putin bilan kechgan muzokaralardan keyin qo‘shma matbuot anjumanida qatnashdi. Olmon hukumati rahbari jurnalistlar qarshisida V.Putinning prezidentlik vakolati borasida tagdor hazil qildi.
Sir emas, Rossiya tomoni NATOning kengayib borayotgani, xususan, Ukraina mazkur harbiy tuzilmaga kirishga urinayotganidan norozi. Ushbu masalaga izoh bergan olmon kansleri hozirda kun tartibida NATOning kengayishi masalasi yo‘qligini qayd etdi va mutoyiba ohangida Putin ham hokimiyatda abadiy qolmasligini qistirib o‘tdi.
«Lavozimda qolar ekanmiz, NATOning sharqqa tomon kengayishi masalasi kun tartibida bo‘lishi dargumon. Men prezident o‘z lavozimida yana qancha muhlat qolishni ko‘zlayotganini aniq bilmayman, lekin uzoq muddatni mo‘ljallayotgan bo‘lsa kerak. Ammo bu abadiy davom etmasligi aniq», – dedi kansler tabassum bilan.
O.Shols Germaniya kansleri sifatida Rossiyaga ilk safari davomida Putin bilan asosan Ukrainaga ehtimoliy bosqin masalasini muhokama qildi. Olmon hukumati rahbari Kreml yetakchisini urushning Rossiya uchun og‘ir oqibatlaridan ogohlantirdi va qon to‘kilishi, xunrezlikka aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.
O.Shols rasmiy Moskvani xavotirga solib kelayotgan masalaga ham to‘xtalib, Yevropaning xavfsizlik bo‘yicha ko‘rayotgan chora-tadbirlari Rossiyaga qarshi qaratilmaganini uqtirdi.
Ayni paytda Rossiya Ukrainadan mustaqillik da’vo qilayotgan Donetsk va Lugansk «xalq respublikalari»ni rasman tan olishi haqida taxminlar yangramoqda. Chunki kuni kecha Davlat dumasi prezident Putinga shu mazmunda so‘rovnoma yubordi. Germaniya kansleri Rossiya prezidentini ayirmachilik kayfiyatidagi hududlarning rasman tan olinishi Minsk kelishuvlariga zid ekani va bu siyosiy falokat ekanidan ogohlantirdi.
Vladimir Putin Rossiya urushni istamasligi, ayni choqda, G‘arb Kreml ilgari surayotgan xavfsizlik bo‘yicha talablarni inobatga olishi lozimligini yana bir karra takrorladi. Ukraina tegrasidagi vaziyat xususida esa aniq javob bermaslikni ma’qul ko‘rdi. V.Putinga ko‘ra, Ukraina borasida «joylardagi real holatdan kelib chiqib» sa’y-harakat qilinadi va bu faqat Rossiyaning o‘zigagina bog‘liq emas.
Eslatib o‘tamiz, kollektiv G‘arb Rossiyani Ukrainaga bostirib kirishga hozirlik ko‘rayotganini aytmoqda. Rasmiy Moskva esa buni rad etmoqda. Kechadan Rossiya Ukraina chegarasi tegrasida to‘plangan ko‘p sonli harbiy bo‘linmalarni qaytara boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Isroil HAMAS va “Hizbulloh” raketalarini lazer quroli bilan urib tushirmoqchi. U qanday ishlaydi?
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi