15:05 / 23.02.2022
1 076

Sardor Umurzoqov Kobulda «Tolibon» rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

Sardor Umurzoqov Kobulda «Tolibon» rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi
Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Kobul shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalarining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati. O‘zbekiston tomoniga bosh vazirning o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Afg‘oniston tomoniga esa muvaqqat hukumati rahbarining o‘rinbosari Abdulg‘ani Barodar boshchilik qilgan.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuv chog‘ida tomonlar investitsiyalar, savdo, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida o‘zbek-afg‘on hamkorligining kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashgan.

Afg‘on tomoni mamlakatda xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani tiklash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot bergan.

Termiz—Mozori Sharif—Kobul—Peshavor trans-afg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Tomonlar loyihani hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlarini muhokama qilib, mavjud barcha masalalarni birgalikda hal qilishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston kompaniyalarini infratuzilmani qurish va tiklash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va tabiiy resurslarni qazib olish bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etishga jalb qilish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilgan. Yaqin kelajakda o‘zbek—afg‘on savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha Tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda uni amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishilgan.

Shuningdek, tomonlar yaqin orada o‘zaro savdo hajmini oshirish va ikki davlat hududlari orqali tranzitni ko‘paytirish mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib olgan.

«Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari alohida yo‘nalishlar kesimida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdilar va yuzaga kelayotgan masalalarni hal qilishni tezlashtirish maqsadida ikki tomonlama aloqalarni faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar», — deyiladi xabarda.

Tadbir yakunida delegatsiyalar rahbarlari muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish ustuvorligini ta’kidlagan va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi tadbirlarni belgilab olgan.

Shuningdek, Sardor Umurzoqov Kobul shahrida Afg‘oniston muvaqqat hukumati rahbari o‘rinbosari Abdulla Salam Hanafiy bilan uchrashgan.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Uchrashuv davomida Afg‘oniston delegatsiyasining 2021 yil oktabr oyida Termiz shahrida bo‘lib turganida chegaralar xavfsizligi, investitsiyalar, savdo, energetika, xalqaro yuk tashish va tranzit, ta’lim va gumanitar sohalardagi hamkorlik yo‘nalishlarida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqilgan.

Xususan, o‘zaro savdo hajmini oshirish, savdo va transport to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha birinchi darajali vazifalar ko‘rib chiqilgan. Shu nuqtai nazardan, o‘z hududida logistika markazi, ishlab chiqarish va saqlash ob’ektlari, mahsulotlarni sotish punktlari va zarur infratuzilmani birlashtirgan «Termiz» xalqaro savdo markazining imkoniyatlaridan foydalanish taklif qilingan.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Afg‘on tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonda mintaqa davlatlarining transport va tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan. Xususan, Afg‘oniston hududi orqali o‘tib ketayotgan transport vositalari va yuklarning harakatlanishi uchun o‘zaro maqbul sharoitlarni ishlab chiqish, muqobil transport yo‘nalishlarini joriy etish hisobiga mamlakatning tranzit imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishib olingan.

22 fevral kuni Umurzoqov Afg‘oniston muvaqqat hukumati rahbari vazifasini bajaruvchi Mulla Muhammad Hasan Oxund bilan O‘zbekiston—Afg‘oniston hamkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Muzokaralar chog‘ida tomonlar o‘zaro munosabatlarni kompleks kengaytirishdan ikki taraf ham manfaatdor ekanliklarini bildirgan. Savdo-iqtisodiy, energetika, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha dolzarb vazifalar ko‘rib chiqilgan.

Afg‘onistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiy faoliyatni qayta tiklashni jadallashtirish va barqaror tinchlikni saqlashga qaratilgan hamkorlikni tiklash bo‘yicha navbatdagi tadbirlar rejalashtirilgan.

Termiz—Mozori Sharif—Kobul—Peshavor trans–afg‘on temir yo‘lini qurish loyihasi, shuningdek, Surxon—Puli-Xumri elektr uzatish liniyasini o‘tkazish loyihasini amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi navbatdagi tadbirlarga alohida e’tibor qaratilgan. Afg‘oniston tomoni ushbu yo‘nalishda hamkorlikni davom ettirishga va loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.

Shuningdek, Mozori Sharif shahridagi xalqaro aeroport faoliyatini tiklash doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda mahalliy mutaxassislar orasidan texnik kadrlar tayyorlash bo‘yicha tashkil etilgan tayyorlov kurslari uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zbek—afg‘on hamkorligini yanada chuqurlashtirish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etishni jadallashtirish maqsadida muloqotni rivojlantirishga kelishib olingan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sardor Umurzoqov Kobulda «Tolibon» rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi