09:57 / 25.02.2022
965

Zelenskiy Rossiya hujumining birinchi kunida 137 nafar ukrainalik harbiy halok bo‘lganini aytdi

Zelenskiy Rossiya hujumining birinchi kunida 137 nafar ukrainalik harbiy halok bo‘lganini aytdi
Foto: Videodan kadr
Rossiyaning Ukrainaga «maxsus harbiy operatsiyasi»ning birinchi kunida 137 nafar ukrainalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi, ulardan 10 nafari ofitser. Yana 316 kishi jarohatlangan. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy videomurojaatida aytib o‘tdi.

U Kiyevni tark etgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi hamda rafiqasi va bolalari ham Ukrainada ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, Zelenskiy ularning aynan qayerda bo‘lib turganini oshkor etolmasligini aytdi. «Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, dushman meni birinchi, oilamni ikkinchi raqamli nishon sifatida belgilagan. Ular mamlakat rahbarini yo‘q qilish orqali Ukrainani siyosiy yo‘l bilan yo‘q qilmoqchi», — deya tushuntirdi u.

Ukraina prezidenti, shuningdek, qo‘lidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning qo‘poruvchilik guruhlari Kiyevga kirganini aytdi. Shu munosabat bilan Zelenskiy shahar aholisini hushyor bo‘lishga va komendantlik soatiga rioya qilishga chaqirdi.

Bundan tashqari, Zelenskiy Ukrainaning neytral maqomi bo‘yicha Kremlning muzokaralarga tayyorligi haqidagi bayonotga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO davlatlari Ukrainani alyansga taklif qilishdan «qo‘rqmoqda», u agar mamlakatga aniq xavfsizlik kafolatlari berilsa, Ukrainaning neytral maqomini muhokama qilishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.

Zelenskiy umumiy safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni ham imzoladi. Hujjat Ukraina prezidentining rasmiy saytida e’lon qilingan. Safarbarlik Rossiyaning harbiy aralashuvi bilan asoslanadi. Farmon kuchga kirgan kundan boshlab 90 kun ichida uni Ukrainaning barcha hududlarida qo‘llash topshirildi.

22 fevral kuni Rossiya o‘zini o‘zi respublika deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olganidan so‘ng, Zelenskiy zaxiradagi harbiylarni chaqirish to‘g‘risida farmon chiqargandi, biroq u hali umumiy safarbarlik uchun zarurat ko‘rmayotganini aytgan.

24 fevral kuni ertalab, Rossiya hujumi boshlanganidan keyin Vladimir Zelenskiy Ukrainada 30 kunlik harbiy holat joriy qildi. Ukraina fuqaroligiga ega bo‘lgan 18-60 yoshli erkaklarga endi mamlakatni tark etish taqiqlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy Rossiya hujumining birinchi kunida 137 nafar ukrainalik harbiy halok bo‘lganini aytdi