1 932
Rossiya Ukrainaning muhim harbiy ob’ektlariga uyushtirgan hujumidan keyin nimalar sodir bo‘lmoqda?
Foto: AP Photo
Rossiya 24 fevral kuni Donbassda «maxsus harbiy operatsiyalar» boshlagandi. Donbassdagi harbiy operatsiyalar tufayli ushbu jarayon butun dunyoda keng jamoatchilikning diqqat markazida bo‘ldi. «Daryo» 24 fevral kuni soat 13:00 dan 23:00 gacha e’lon qilingan mazkur mavzuga oid xabarlarni bir sahifaga jamlab, dayjest shaklida e’tiboringizga havola qiladi.
Rossiya Ukrainaga havodan bergan zarbalar oqibati
Rossiya harbiylari Ukraina harbiy infratuzilma ob’ektlarining 74 tasi vayron qilinganini, jumladan, 11 ta aerodrom va 3 ta qo‘mondonlik punkti, shuningdek, harbiy-dengiz bazasi yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Mazkur ma’lumotni Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov tasdiqlagan.
Shuningdek, hujumlar oqibatida PVO s-300 hamda «Buk – M1» zenit-raketa komplekslarining 18 ta radiolokatsiya stansiyasi (RLS) yo‘q qilingan.
Bundan tashqari, ma’lumotlarga ko‘ra harbiy vertolyot urib tushirilgan va to‘rtta uchuvchisiz boshqariladigan «Bayraktar TB-2» qurilmalari havoda yo‘q qilingan.
Rossiya harbiylari Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyalarni davom ettirmoqda, DXR va LXR qo‘shinlari dushman mudofaasini yorib kirishga urinmoqda, deya ma’lumot bergan Rossiya Mudofaa vazirligining vakili Igor Konashenkov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Donetsk va Lugansk qo‘shinlarining bo‘linmalari Ukraina quruqlikdagi harbiy eshelonining himoyasini yorib o‘tib, 6-8 kilometr ichkariga kirgan. Shuningdek, Konashenkov ushbu ishlar Rossiya artilleriyasi va armiya aviatsiyasining ko‘magi bilan muvaffaqiyatli amalga oshirilganini qayd etgan.
Rossiya diplomatik missiyalari xodimlarini Ukrainadan evakuatsiya qilish ishlari yakunlandi
Rossiya Ukrainadagi diplomatlarini evakuatsiya qilishni yakunladi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qilgan.
«Diplomatlarimizni Ukrainadan evakuatsiya qilish ishlari tunda yakunlandi. Ukrainada xorijiy muassasalarimiz – diplomatik va konsullik idoralarimiz faoliyat olib bormayapti. Endi u yerda diplomatlarimiz yo‘q», — degan Zaxarova «NTV» telekanali efirida.
Kiyevdagi havo hujumidan himoya trevogasi
Kiyev shahri davlat administratsiyasi Ukraina poytaxtida havodan hujum xavfi mavjudligi haqida xabar qildi.
Foto: Getty Images
«Kiyevda havodan hujum xavfi ortgani tufayli trevoga e’lon qilindi! Barchadan tezkorlik bilan fuqaro muhofazasi maxsus joylariga yashirinishni so‘raymiz!» – deya xabar bergan Kiyev shahri administratsiyasi.
Kiyev metrosidagi poyezdlar harakati to‘xtatilgan «Beresteyskaya», «Nivki», «Svyatoshin» va «Jitomirskaya» bekatlari havodan hujum xavfi sabab e’lon qilingan trevoga vaqtida odamlarning yashirinishi uchun maxsus joylarga aylangan. Bu haqda Kiyev meri Vitaliy Klichko bayonot qilgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Kiyev metrosidagi barcha stansiyalarga odamlar istalgan vaqtda kelib joylashishi mumkin. Xarkovda ham odamlar metro bekatlarida havodan beriladigan hujum zarbalaridan saqlanishga urinmoqda.
G7 davlatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlamoqda
Katta yettilik mamlakatlarining rahbarlari Ukrainaga qarshi maxsus harbiy operatsiyani boshlagani uchun Rossiyani qoralab, Kiyevga ko‘mak berishga tayyorliklarini bildirishdi. G7 mamlakatlari bu haqidagi bayonotni imzolagan.
«Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganini keskin qoralaymiz. Ukrainaga hamdard ekanimizni va ushbu mamlakatga har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligimizni bildiramiz», – deyiladi hujjatda.
Estoniyaga joylashtirilgan AQSH qurollari
Estoniyadagi Emari aviabazasiga AQSH harbiy havo kuchlarining F-35 qiruvchi samolyotlari qo‘ngan. Shuningdek, F35 qiruvchi samolyotlari Litva shimolidagi Shyaulyay qishlog‘iga ham joylashtirilgan.
Estoniya qurolli kuchlarining bosh shtabi qiruvchi samolyotlar AQSH hukumati tomonidan Ukrainadagi vaziyat keskinlashgani tufayli Boltiqbo‘yi mamlakatlari hududiga yo‘naltirilgan.
«AQSH tomonidan shu haftada Estoniyadagi ittifoqchilarni eng zamonaviy samolyotlar bilan kuchaytirish haqidagi qaror mamlakatning o‘z ittifoqdoshlarini himoya qilishga bel bog‘laganligidan dalolat bermoqda», – degan Estoniya mudofaa vaziri Kalle Laanet.
Shuningdek, AQSH Boltiqbo‘yidagi pozitsiyasini Polshaga F-35 qiruvchi samolyotlari, AH-64 shturm vertolyotlari va 800 nafar askardan iborat maxsus bo‘linmalar yuborish orqali ham yaxshilamoqda, deyiladi Estoniya bosh shtabi axborotida.
Litva Mudofaa vazirligi esa Litva, Latviya va Estoniyaga 800 ga yaqin harbiylar, 8 ta F-35 qiruvchi samolyotlari, 20 ta AH-64 Apache vertolyotlari ajratilganini bildirgan.
Rossiyadagi va butun dunyodagi Ukrainaga qilingan hujumni qoralab o‘tkazilayotgan norozilik namoyishlari
24 fevral kuni Rossiyaning bir nechta shaharlarida Ukrainaga qarshi boshlangan urushga nisbatan norozilik namoyishlari o‘tkazildi. «OVD-Info» ma’lumotlari bo‘yicha Moskva vaqti bilan 20:39 holatiga (Toshkent vaqti bilan 22:39) mamlakatning 44 ta shahrida mingga yaqin odam hibsga olingan. Moskvaning o‘zida 472 nafar kishi qo‘lga olingan.
Shuningdek, Latviya, Estoniya, Polsha, Avstraliya, Yaponiya, Germaniya, Ispaniya, Livan, Shvetsiya, Norvegiya, Isroil, Niderlandiya va Fransiya kabi davlatlarda aholi Ukrainaga e’lon qilingan urushni qoralab, ko‘chalarga chiqib norozilik namoyishlari o‘tkazgan. Ular Rossiya elchixonalari yoniga Ukraina bayroqlarini ko‘targan holda chiqib, urushni to‘xtatishni talab qilmoqda.
Buyuk Britaniya Rossiya va Belarusga qarshi sanksiyalar qo‘lladi
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qildi. Bu haqda Sky News va BBC xabar tarqatgan.
Yangi sanksiyalar quyidagi cheklovlar va taqiqlarni qamrab olgan:
- 100 ga yaqin rossiyalik jismoniy shaxslar va kompaniyalarga sanksiyalar qo‘llanildi. VTB, «Rostex» va Vladimir Putinning kuyovi ekanligi taxmin qilinadigan Kirill Shamalov shular jumlasidan;
- «Aeroflot»ning Buyuk Britaniya hududiga parvozlariga taqiq qo‘yildi;
- Rossiya fuqarolari Britaniya banklarida saqlashi mumkin bo‘lgan mablag‘larga cheklovlar belgilandi;
- Rossiyaning katta kompaniyalarining Britaniya bozorini moliyalashtirishiga taqiq qo‘yildi;
- Rossiyaga yuqori texnologiyalar va neftni qayta ishlash uskunalarining eksporti taqiqlandi.
Xuddi shunday sanksiyalar Belarusga nisbatan ham joriy qilingan.
Putin Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiya ilojsizlik oqibatida amalga oshirilgani haqida gapirdi
«Sodir bo‘layotgan ishlar ilojsizlik sabab amalga oshirilgan chora. Boshqacha yo‘l tutishimizga imkon qoldirishmadi. Xavfsizlik borasidagi xavotirlar oqibatida boshqacha vositalar bilan javob berish ilojsiz bo‘lib qoldi. Barcha urinishlar (diplomatik yo‘l) samarasiz bo‘ldi. Rostini aytsam, o‘zim ham hayratdaman. Hech bir masalada vaziyat loaqal bir millimetrga ham o‘zgarmadi», — degan Putin.
U Rossiya Ukrainada harbiy operatsiyalar boshlamaganida bundan ham og‘irroq tavakkallarga duch kelinishining ehtimoli oshishini bildirdi.
«Shunday tahdidlar yuzaga kelardiki, buyog‘iga mavhumlik cho‘qqiga chiqib, mamlakat butunlay yo‘q bo‘lib ketishi hech gap emasdi. Albatta, biz qanday dunyoda yashayotganimizni yaxshi tushunamiz, qarama-qarshiliklar va sanksiyalar siyosati bo‘lishidan ham xabardormiz», — deya qayd etgan Rossiya prezidenti.
Zelenskiy nima demoqda?
Ukraina tinchlik o‘rnatish yo‘liga qaytish kerak deb hisoblaydi, deya bayonot qilgan mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra Ukraina armiyasida yo‘qotishlar mavjud, biroq harbiylar Rossiyaning ko‘plab samolyotlari va bronotexnikasini ham yo‘q qilgan.
Foto: Reuters
«Urush yo‘lini Ukraina tanlagani yo‘q, biroq Ukraina tinchlik o‘rnatish uchun muzokaralarga qaytishni taklif qiladi»,— degan Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videomurojaatida.
U Rossiyada urushga qarshi norozilik namoyishlariga chiqqan aholida hukumatdan urushni to‘xtatishni talab qilishni so‘radi.
«Bizni eshitayotgan, dardimizni tushunayotgan bo‘lsangiz, Rossiyaning suveren davlat chegarasini buzib bostirib kirganini anglagan bo‘lsangiz, iltimos, maydonlarga chiqing, o‘z mamlakatingiz prezidentiga murojaat qiling. Biz, ukrainaliklar hozir o‘z yerimizdamiz»,— deya ta’kidlagan Zelenskiy.
Jo Bayden ham Ukrainaga bostirib kirgan Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llanilganini e’lon qildi
AQSH prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgani va u yerda harbiy operatsiyalarni boshlagani uchun mamlakatga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qildi.
Sanksiyalarda quyidagilar ko‘zda tutilgan:
- Rossiya biznesining dollar, yevro, funt va iyenadagi operatsiyalari cheklanadi;
- Rossiyaga yuqori texnologiya mahsulotlari importida 50 foizlik cheklovlar belgilanadi;
- Rossiyaning 4 ta banki, jumladan, VTBga nisbatan sanksiyalar;
- AQSH va EI bozorlarida Rossiya davlat kompaniyalarining munosabatlari cheklandi;
- Rossiyalik amaldorlar, katta biznesmenlar va ularning oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar qo‘llandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vazirini qabul qildi
1 dekabrdan ichimlik va oqova suv uchun to‘lov faqat elektron shaklda amalga oshiriladi
Shols «tez orada» Putin bilan gaplashishga tayyorligini ma’lum qildi