22:35 / 25.02.2022
2 759

Ukraina: Kiyev qamal qilindi

Ukraina: Kiyev qamal qilindi
Foto: Ukraina milliy gvardiyachilari
Kiyevga hujumlar
Juma kuni tongida Ukraina poytaxtida portlashlar ovozi eshitildi. Ukraina hukumati ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya Kiyevdagi bir necha ob’ektga raketa zarbalari yo‘llagan. Ukraina Bosh shtabi raketalarning ikkitasi havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali to‘xtatib qolinganini ma’lum qildi. Bu raketa qoldiqlaridan biri aholi turar joy binosiga tushgan va yong‘in kelib chiqqan. Hodisa oqibatida uch kishi yaralangan, ulardan birining ahvoli og‘irligi aytilgan.

Ukraina poytaxtida havo hujumidan ogohlantirish signallari yangradi, aholi «zudlik bilan yaqin atrofdagi pana joylarga bekinish»ga chaqirildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda shahardagi portlashlar, shuningdek havoda qandaydir ob’ekt portlagani aks etgan videoyozuvlar tarqaldi. Avvaliga bu raketalardan biri ekani taxmin qilingandi, keyin Ukraina hukumati Kiyev osmonida rossiyaliklar qiruvchi samolyoti urib tushirilganini ma’lum qildi. CNN jurnalisti Metyu Chens esa o‘z manbalariga asoslangan holda rossiyalik harbiylar Ukraina samolyotini urib tushirganini aytgan. Qulagan samolyot aslida kimniki bo‘lgani aniq emas.

Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba hozirgi vaziyatni Ikkinchi jahon urushidagi vaziyatga qiyosladi. «Rossiyaliklarning Kiyevga dahshatli raketa zarbalari. Bunaqasi bizning poytaxtda so‘nggi bor 1941 yilda, shaharga fashistlar Germaniyasi hujum qilganida kuzatilgan. Ukraina yovuzlik ustidan g‘alaba qozongan va g‘alaba qozonadi. Putinni to‘xtating. Rossiyani izolyatsiya qiling. Barcha aloqalarni uzing. Rossiyani dunyodan uloqtirib yuboring», deb yozdi u tvitterda.

Rossiya tomoni Kiyevga qilingan hujum bo‘yicha rasmiy izoh bermagan.

Poytaxtdagi otishmalar va rossiyaliklarning yaqinlashuvi
Aviazarbalardan bir necha soat o‘tib, UNIAN agentligi Kiyevdan 10 km masofadagi Vishgorodda «zambaraklar gumburlayotgani» eshitila boshlaganini ma’lum qildi. «Ko‘chalarda odamlar bolalari va yuklarini olib qochmoqda. Kimning imkoni bo‘lsa - avtoda ketmoqda», - deya yozdi agentlik.

Bundan tashqari, rossiyaliklar zirhli texnikalari shahar tomon harakatlanayotgani, ukrain harbiylari qiyofasidagi rossiyalik harbiylar Ukraina armiyasi texnikasida Kiyev markaziga qarab harakatlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ko‘p o‘tmay Kiyev shahri aholisi shahar chetidagi Obolon tumanida otishmalar ovozi eshitilayotganini xabar qildi.

Keyinroq Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar feysbukdagi sahifasi orqali ruslarning razvedka-qo‘poruvchilar guruhi ukrainalik harbiylar qiyofasida shahar markaziga kirishga uringani va ular to‘xtatilib, yo‘q qilingani haqida yozdi. Rossiya tomoni bu bayonotga izoh bermadi.

Ukraina mudofaa vazirligi ham Kiyevning Obolon tumanida ruslarning diversiya-razvedka guruhi harakatlanganini tasdiqladi. «Fuqarolardan texnika harakati bo‘yicha xabar berishlarini so‘raymiz. Ogoh bo‘ling! Uyingizdan chiqmang!», deyiladi xabarda. Vazirlik fuqarolardan dushmanni zararsizlantirish uchun Molotov kokteyllari tayyorlashni so‘ragan.

BBC korrespondenti Svyatoslav Xomenko Obolon hududida doimiy portlashlar ovozi eshitilayotganini xabar qilgan. Ijtimoiy tarmoqda rayon hududida ruslarning bir necha tanki harakatlanayotgani aks etgan video tarqalgan.

Ukraina IIV rahbari o‘rinbosari Anton Gerashchenko juma «eng og‘ir kun» bo‘lishidan ogohlantirgan. «Dushmanning rejasi - tanklar kolonnasi bilan Ivankovo va Chernigov tomondan Kiyevga yorib kirish», deya qayd etdi u.

RF mudofaa vazirligi bayonotlari
Rossiya mudofaa vazirligi 25 fevral tongida harbiy harakatlar bo‘yicha navbatdagi bayonotini e’lon qildi. Unda Rossiya harbiy desanti Chernobil AES hududi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgani ma’lum qilingan - avvalroq bu hudud qo‘ldan ketgani haqida Ukraina hukumati ham ma’lum qilgandi.

«Chernobil AESning ukrainalik qo‘riqchilari bilan energiya bloklari va stansiya sarkofagini birgalikda qo‘riqlash bo‘yicha kelishib olindi. Atom elektr stansiyasi hududida radioaktiv fon normal holatda. AES xodimlari stansiya ob’ektlariga normal rejimda xizmat ko‘rsatishni davom ettirmoqda va radioaktiv vaziyatni kuzatib bormoqda», degan RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov.

RF mudofaa vazirligi harbiy harakatlar boshlanganidan buyon Ukraina armiyasining yo‘qotishlari bo‘yicha ma’lumotlarini taqdim etgan:
- 11 harbiy aerodrom
- Ukraina qurolli kuchlarining 13 ta boshqaruv punkti va aloqa nuqtalari
- 14 ta S-300 va «Osa» zenit-raketa komplekslari
- 36 radiolokatsiya stansiyalari
- 5 jangovar samolyot
- 1 vertolyot
- 5 uchuvchisiz uchish qurilmalari
- 18 tank va boshqa jangovar zirhli mashinalar
- 7 ta baravar o‘t ochish tizimlari
- 41 ta maxsus harbiy avtomobil texnikalari
- 5 ta jangovar katerlar.

Ukraina armiyasi Bosh shtabi bu ma’lumot yuzasidan munosabat bildirmadi.

RF urush boshlangandan buyon faqat ikki yo‘qotishini tan olgan: Su-25 shturmovigi qulashi va An-24 rusumli harbiy-transport samolyoti halokati (Voronej yaqinida qulagan, ekipaj halok bo‘lgan). Bu hodisalarga «texnik xato» sabab qilib ko‘rsatilgan.

Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovichning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni harbiy harakatlarning birinchi kunida jiddiy yo‘qotishlarga uchragan: «Faqat bugunning o‘zida ularning yo‘qotishlari - yetti samolyot va yetti vertolyot, 30dan ortiq tanklar, 130 dan ortiq zirhli mashinalar. Bizning razvedkamiz ma’lumotiga ko‘ra, ularning yo‘qotishlari 450 askar va zobitlar (birgina Gostomel yaqinida kamida 200 kishi)».

Uning so‘zlariga ko‘ra, 20dan ortiq rossiyalik askarlar asirga tushgan, ularning qariyb yarmi endi xizmatga chaqirilganlar hisoblanadi.

Kunning ikkinchi yarmida Rossiya mudofaa vazirligi yana bir bayonot berdi, unda 25 fevralga o‘tar kechasi Kiyev yaqinidagi Gostomel aerodromiga desant tushirilgani, aerodromni egallashda rossiyaliklarning 200dan ortiq vertolyoti ishtirok etgani, Ukraina maxsus bo‘linmalari tarkibidan 200dan ortiq kishi yo‘q qilingani, Rossiya tomonida yo‘qotish bo‘lmagani aytilgan.

Ukraina tomoni esa harbiy harakatlar davomida Rossiya tomonining yo‘qotishlari mingdan oshganini ma’lum qilgan.

Kiyev qamal qilinmoqda
Kiyevda yana ogohlantiruvchi sirenalar yangray boshladi. RF mudofaa vazirligi Kiyev shahri g‘arbdan to‘sib qo‘yilganini ma’lum qilmoqda.

«Ayni vaqtda havo-desant qo‘shinlarining asosiy kuchlari Gostomel aerodromida Rossiya desant bo‘linmalari bilan birlashib, Kiyevning g‘arbdan to‘sib qo‘yilishini ta’minladi», degan RF mudofaa vazirligi rasmiysi.

U shuningdek, rus harbiylari Kiyev shimolidagi Chernigov yo‘nalishini ham to‘sib qo‘yishganini ma’lum qilgan.
Bu vaqtda Kiyev meri Vitaliy Klichko shahar mudofaaga o‘tganini ma’lum qildi.

«Hozir bir qator tumanlarda o‘q va portlash ovozlari yangrayotganini eshitmoqdasiz. Ukrainalik harbiylar rossiyalik qo‘poruvchi guruhlarni yo‘q qilmoqda. Ayrim qo‘poruvchi guruhlar, afsuski, poytaxtga kirishga erishdi va dushman poytaxtni hamda siz bilan bizni yo‘q qilmoqchi.

Shahar mudofaa bosqichiga o‘tdi. Dushman Kiyevga yetib keldi va bizni yo‘q qilmoqchi
», degan u.

U Kiyevni himoya qilishga qodir barchani harbiylarga yordam berishga chaqirdi, aholidan suv, oziq-ovqat va issiq buyumlar zaxirasini hozirlashni hamda uyda qolib, ko‘chaga chiqmaslikni so‘radi.

Ukraina qurolli kuchlari Kiyevga kirmoqda va shahar mudofaasiga tayyorlanmoqda. Kiyevliklardan harbiy texnikalarni tasvirga olmaslik va bu bilan dushmanga yordam ko‘rsatmaslik so‘ralmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina: Kiyev qamal qilindi