13:54 / 26.02.2022
2 028

Urush kaliti: DXR va LXR nima uchun, qachon va qanday tashkil topdi?

Urush kaliti: DXR va LXR nima uchun, qachon va qanday tashkil topdi?
1945 yildan beri jahonda o‘z chegaralarini qo‘shnilari hisobiga kengaytirish umuman kuzatilmayotgan edi. XXI asrda mamlakatlar uchun qo‘shnisi emas, terrorizm asosiy xavfga aylandi. Biroq bugun butun dunyo Rossiya Federatsiyasining qo‘shni va qardosh davlat — Ukrainaga bosqinchilik hujumi uyushtirayotganiga guvoh bo‘lmoqda. Ushbu dahshatli urushga sabab bo‘lgan, urush kaliti (bahonasi)ga aylangan Donetsk va Lugansk ayirmachiligi qanday paydo bo‘lgandi? Nega aynan ushbu ikki viloyat Ukrainadan ajralishni istadi? «Daryo» kolumnisti Muhammadqodir Sobirov shu haqida batafsil ma’lumot beradi.

Foto: «rusdozor.ru»
2014 yil fevraldagi Yevromaydon inqilobidan keyin aprel oyida mamlakat sharqidagi, rusiyzabonlar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi Donetsk va Lugansk viloyatlari o‘zlarining Ukrainadan ajralib chiqqanini, alohida respublika tuzilganini e’lon qildi. Dastlab ko‘pchilik buni jiddiy qabul qilmadi. Donetsk va Lugansk aholisi ham o‘zlarning yangi rahbarlarini yaxshi tanimas edi. Keyinroq viloyat aholisi ham separatizmni qo‘llab-quvvatlay boshladi. Aprel oyida qurolli separatistlar Donetskdagi mahalliy hukumat binolariga hujum qilganda, olomon ham ularga hamrohlik qildi.

Shundan so‘ng Ukraina armiyasi ayirmachilarga qarshi hujumga o‘tdi va ularni chekinishga majbur qildi. Biroq tez orada Donetsk va Luganskdagi rusiyzabonlarni himoya qilish bahonasi bilan vaziyatga Rossiya aralashdi, separatistlarga qurol-yarog‘ va harbiy instruktorlar yetkazib bera boshladi. Natijada Ukraina armiyasi Donetsk va Lugansk viloyatlarining Rossiya chegarasiga tutash qismida ayirmachilarni mag‘lub eta olmadi. Viloyatlarning ma’muriy markazlari separatistlar qo‘lida qoldi.

Nega Donetsk va Lugansk aholisi Ukrainadan ajralib chiqishni ma’qul ko‘rdi? Buning asosiy sabablari nima edi?

Noteng taqsimot
Donbass SSSR davridan buyon sanoat mintaqasi bo‘lib kelgan. Yirik tog‘-kon, metallurgiya, mashinasozlik Donbassni Ukrainaning sanoat yuragiga aylantirdi. Viloyat sanoati davlat budjetiga ulkan daromad keltirardi. Ayni paytda donbassliklar markaziy hukumat ulardan eng ko‘p foyda olishini, ammo hudud infratuzilmasiga kam mablag‘ yo‘naltirishni ta’kidlab kelar edi. Donetsk va Lugansk Ukrainaning aholi eng zich joylashgan viloyatlaridan ham bo‘lib, ikkala viloyatda olti-yetti million inson yashardi.

2014 yilgi Maydon voqealari donbassliklarning budjet taqsimoti borasidagi noroziliklarini yanada oshirdi. Bir necha oy davom etgan tartibsizlar sabab ko‘plab zavod ishchilari maoshsiz qoldi. Hudud aholisi «Maydondagi insonlar ishsizlik va boshqa nafaqalarni olishyapti, ammo biz quruq o‘tiribmiz» deya o‘z noroziligini bildirdi. Xususan, o‘sha paytda markazdagi tartibsizliklar va ishdan to‘xtamayotgan donbassliklar haqida «Kiyev maydanaet, Donbass rabotaet» (kiyevliklar Maydon-namoyish o‘tkazadi, donbassliklar esa ishlaydi) kabi iboralar ham paydo bo‘ldi. Noteng taqsimot haqidagi qarashlar donbassliklarni asta-sekin mamlakatning qolgan qismidan uzoqlashtira boshladi.

2014 yildagi Maydon inqilobi
Foto: «Kommersant»

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining Bojxona ittifoqi va Yevropa ittifoqi
Yanukovich prezidentlik lavozimini egallagach (2010 yil) Ukraina Rossiya va Belarus o‘rtasida tuzilgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining Bojxona ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha harakat olib boradi. Bu ittifoq postsovet mamlakatlari o‘rtasidagi bojxona to‘siqlarini yengillashtirishni ko‘zda tutardi. Biroq Ukraina rahbariyati mamlakatning Yevropa ittifoqi tomon yaqinlashishini birinchi o‘ringa qo‘yadi va Bojxona ittifoqiga qo‘shilishni rad etadi.

Aynan Yevropa va Bojxona ittifoqiga qo‘shilish masalasida ham Donetsk va Lugansk aholisi boshqalarga qaraganda o‘zgacha fikr yuritdi. Bojxona ittifoqi Ukraina va sobiq sovet davlatlari o‘rtasidagi savdo aloqalarini saqlab qolar, bu esa donbassliklarga ish o‘rinlarini yo‘qotmaslik, zavodlarning doimiy daromadga ega bo‘lishiga yo‘l ochar edi. Yevropa ittifoqiga kirish esa Donbass hayotida muhim bo‘lgan mashinasozlik, metallurgiya va tog‘-kon sanoati mahsulotlari sotuvini kamaytirishi mumkin edi. Chunki ukrain zavodlari Yevropa bozori bilan raqobat qila olmasdi.

Shuningdek, Rossiya bilan aloqalar yomonlashuvi manzarasida Donbassdagi korxonalar buyurtmasiz qolib, ba’zilari yopildi va bu donbassliklarning Kiyev muxolifiga aylanishini kuchaytirdi.

Mamlakatni butunlay Yevropa tomon burilishini belgilab bergan Yevromaydon voqealari esa donbassliklar noroziligini yanada oshirdi.

«Berkut»
2013 yil noyabrda boshlangan Maydon voqealari kuchaya boshlagach, amaldagi prezident Viktor Yanukovich miting va namoyishlarni bostirishda uyushgan jinoyatchilik, tartibsizlarga qarshi kurashish uchun 1990 yil tuzilgan «Berkut» maxsus guruhidan foydalandi. Guruh Maydon voqealarida prezidentning asosiy himoya kuchi bo‘ldi va namoyishlarni bostirish chog‘ida ko‘plab zo‘ravonliklarga qo‘l urdi.

Prezident administratsiyasini qo‘riqlayotgan «Berkut» maxsus guruhi askarlari. 2014 yil
Foto: Kharkiv Today

Biroq Yanukovich rejimi qulab, Maydon namoyishchilari g‘alaba qozongach, ukrain aholisi ko‘z o‘ngida «Berkut» shafqatsiz jinoyatchilar sifatida gavdalandi va yangi hukumat guruhni tarqatib yubordi.

Ko‘pchilik a’zolari Donbass va qrimlik bo‘lgan bu guruh faoliyatiga qarashlar Donetsk va Luganskda boshqacha bo‘ldi. Donbassliklar guruh o‘z xizmat vazifasini bajarganini ta’kidladi. Xususan, donbasslik sobiq «Berkut» a’zosi Maydon voqealaridan so‘ng quyidagicha fikr bildirdi: «Bizda oldin mamlakatimiz bor edi, endi esa u yo‘q. Butun Ukraina uchun sharq hech nimani anglatmaydi. Biz fuqaromizmi yoki yo‘q? Ular o‘z vatandoshlariga (g‘arbiy ukrainlar nazarda tutilyapti) mehr ko‘rsatishdi. Ular qahramonlar, biz esa budjet uchun ishlaydigan mehnatkash chorvaga aylandik».

Ultramillatchilik
Ukrainada ultramillatchilik 2004 yilgi «To‘q sariq (yoxud Zarg‘aldoq) inqilob»dan so‘ng kuchaydi. O‘shanda Ukrainadagi prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lgan, sobiq Donetsk gubernatori Viktor Yanukovichga qarshi norozilik aksiyalari boshlanib ketdi. Namoyishchilar ovozlar soxtalashtirilganini iddao qiladi va natijalar bekor qilinib, saylov qayta o‘tkaziladi. Qayta saylovlarda esa Yanukovich mag‘lubiyatga uchradi. Uning partiyasi «Partiya regionov» bunga javoban sharqiy viloyatlarning davlatdan ajralib chiqishi bilan tahdid qildi. Ammo bu amalga oshmadi.

2010 yilgi saylovlarda Viktor Yanukovich g‘olib chiqdi va sharqiy viloyatlar aholisi biroz xotirjam bo‘ldi.

2014 yilda esa vaziyat keskin o‘zgardi. Yanukovich rejimi Maydon inqilobi natijasida quladi va uning o‘zi Rossiyaga qochib ketdi. Inqilob g‘alabasida muhim rol o‘ynagan «O‘ng sektor» va «Svoboda» kabi ultramillatchi siyosiy harakatlar etnik ruslarni mamlakat muammolarining sababchisi sifatida ko‘rsata boshladi. Hukumat inqilobda asosiy vazifani bajargan ushbu tashkilotlarning ksenofobik nutqlarini tanqid qilmadi yoki qila olmadi.

Mamlakatda boshlangan milliy harakatlar Donbass aholisi tomonidan salbiy kutib olindi va ulardagi norozilik kayfiyatini yakuniy nuqtaga olib chiqdi.

Til to‘g‘risidagi qaror
Nihoyat 2014 yilgi yangi hukumatning mamlakatda til to‘g‘risidagi qonunni bekor qilishga urinishi ham ayirmachilik harakatlari boshlanishida katta rol o‘ynadi. 2012 yil qabul qilingan til to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, har bir hududda aholining o‘n foizdan ko‘prog‘i muloqot qiluvchi til hududiy til deb tan olinishi belgilangan edi. Hududiy tilga qator imtiyozlar berildi, xususan, mahalliy davlat va o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ta’lim, televideniye va boshqa sohalarda hududiy tildan foydalanish, ish yuritish mumkin bo‘ldi.

Maydon inqilobidan so‘ng esa Oliy Rada ushbu qonunni bekor qilish uchun ovoz berdi va tegishli qonunni qabul qildi. Biroq vaqtincha prezident Aleksandr Turchinov yangi til to‘g‘risidagi qonun tayyor bo‘lmasdan turib, bu qonunni imzolash mumkin emasligini aytdi va uni imzolashdan bosh tortdi. Oliy Rada qarori bekor qilindi va 2012 yilgi qonun o‘z kuchida qoldi.

Ukraina Respublikasining til xaritasi
Foto: Pinterest

Shunday bo‘lsa ham Oliy Radaning bunday harakati nafaqat Donetsk va Luganskda, balki Qrim va janubi-sharqiy viloyatlarda ham keskin qabul qilindi. Rossiya bilan chegaradagi Donetsk va Lugansk esa Moskva ta’sirida Kiyev bilan aloqalarni uzishga qaror qildi. Rossiya qo‘llab-quvvatlovi ostida 2014 yil aprel oyida Donetsk va Lugansk viloyatlarida ayirmachilar hukumat binolarini egallashni boshlab yubordi.

Lekin shu davrda o‘tkazilgan so‘rovnomalar hudud aholisi orasida rusparastlik kayfiyati kuchli bo‘lmaganini ko‘rsatadi. Ularga ko‘ra, yigirma foizga yaqin inson mustaqillik va viloyatlarga rus qo‘shinlari kirishini yoqlagan bo‘lsa, taxminan, shuncha donbasslik Kiyev uchun kurashishga tayyor bo‘lgan. Qolganlar betaraflik va har qanday holatda ham urushga qarshi pozitsiyani egallagan.

Mamlakatda davom etayotgan tartibsizliklar fonida viloyatlardagi hukumat kuchlari ayirmachilarga qarshilik qila olmadi. Asosiy ma’muriy binolar egallangach, ayirmachilar o‘zlarini mustaqil Donetsk va Lugansk «Xalq Respublikalari» deb e’lon qildi. Shu oyning o‘zidayoq Ukraina armiyasi hamda DXR va LXR xalq militsiyasi o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Sentabrgacha davom etgan bu urushda Ukraina ikki viloyatning katta qismini qaytarib olishga erishdi, biroq DXR va LXR qarshi hujumga o‘tib, hukumat kuchlarini chekinishga majbur qildi. Rossiya rusiyzabon aholi himoyasi bahonasi ostida ayirmachi respublikalarni qo‘llab-quvvatladi.

Ayirmachi Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalari
Foto: Google Images

Sentabrda Belarus Respublikasi poytaxti Minskda «Normand to‘rtligi»: Ukraina, Rossiya, Fransiya va Germaniya vakillari ishtirokida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Yakunda Minsk kelishuvlari imzolanib, «Donetsk va Lugansk viloyatlarining ayrim hududlarida mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida» qonun qabul qilindi. Tomonlar o‘t ochishni to‘xtatdi.

Oliy Rada Minsk kelishuvlari doirasida Donbassning alohida maqomi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi va hududga qator erkinliklarni berdi. Biroq DXR va LXR tomoni qonunning arzimagan qismini nomaqbul deb topdi hamda buni ratifikatsiya qilmadi. 2015 yilda vaziyat yana keskinlashgach, «Normand to‘rtligi» Minskda qayta yig‘ildi. Davlat rahbarlari front chizig‘idan og‘ir artilleriya qurollarini olib ketish, asirlar almashinuvi va o‘t o‘chishni to‘xtatishga kelishib oldi. Ikki yil ichida Ukraina sharqidagi harbiy to‘qnashuvlar tufayli olti mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, jarohatlanganlar soni esa o‘n besh mingdan ko‘proq edi. Millionlab insonlar urush sabab o‘z uylarini tark etib, ko‘chib ketdi.

24 fevral kuni rus qo‘shinlarining DXR va LXR hududidan hujumga o‘tishi
Foto: Washington Post

DXR va LXR hamda Ukraina o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar davom etdi. DXR va LXR mustaqilligini dunyoda hech qaysi davlat tan olmadi, hatto 2022 yilga qadar Rossiya ham. Bu yerlar xalqaro doirada rasman Ukrainaning bir qismi deb qaralsa-da, aslida Moskva nazorati ostida edi. DXR va LXRda ta’lim rus tiliga o‘tkazildi, rus pul birligidan foydalanildi. 2019 yildan esa hudud aholisiga Rossiya pasportlarini berish boshlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, DXR va LXRning sakkiz yuz mingga yaqin aholisi Rossiya fuqaroligiga ega. Biroq bu umumiy aholining 20—30 foizni tashkil qiladi, xolos. Rossiya esa aynan mana shu fuqarolarni himoya qilish uchun Ukraina bilan urushga ham tayyor ekanini ta’kidladi.

2022 yil 22 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin DXR va LXR mustaqilligini tan olish haqida qonunni imzoladi. 24 fevral kuni ushbu ayirmachi hududlarni himoya qilish uchun Rossiya qo‘shinlari ichkariga kiritildi va rus harbiylari Donbassdagi ukrain pozitsiyalarini o‘qqa tutishni boshladi. Rossiya nafaqat DXR va LXR chegarasida, balki butun Ukraina bo‘ylab hujumlarni amalga oshirdi. Vladimir Putin boshliq rus hukumati Ukraina oldiga Qrim, DXR va LXR mustaqilligini tan olish bo‘yicha ultimatum qo‘ydi, ammo Kiyev buni rad etdi.

Hozirda butun Ukraina bo‘ylab jang harakatlari davom etmoqda.

Muallif: Muhammadqodir Sobirov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Urush kaliti: DXR va LXR nima uchun, qachon va qanday tashkil topdi?