1 842
Urushning uchinchi kuni: Rossiyaning hujumi sekinlashdi, G‘arb yanada ko‘proq qurol yubormoqda
Sergei Supinsky / AFP / Scanpix / LETA
Shanba kuni Ukraina hududida janglar davom etdi, ammo rossiyalik harbiylar yirik aholi punktlarini egallay olishmadi. Kun o‘rtalarida Britaniya mudofaa vazirligi rossiyaliklar yurishi sekinlashgani, bunga katta ehtimol bilan ta’minotdagi muammolar sababligi haqida ma’lumotga egaligini aytdi.
Ukrainada qonli to‘qnashuvlar davom etmoqda. Ukraina mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 26 fevral kuni asosiy janglar Chernigov, Sumi, Mariupol, Xerson va Odessada kechdi. Vazirlik 300 nafardan ortiq rossiyalik asir tushgani haqida ma’lum qildi (Rossiya mudofaa vazirligi bu ma’lumotlarni tasdiqlamayapti).
Kiyevda kechga yaqin komendantlik soati boshlandi, qorong‘i tushishi bilan shahar bo‘ylab havo hujumidan ogohlantirish trevogalari yangray boshladi. Shuningdek, quyosh botishi bilan Xarkovni baravar o‘t ochish tizimlaridan o‘qqa tuta boshlashdi.
Kunning asosiy voqealaridan biri - bu mojaroning kechishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin - shanba kuni Germaniya hukumati o‘z siyosatini o‘zgartirib, Ukraina qurolli kuchlariga o‘limvor qurollar yetkazib berishni boshladi.
Ukrainaga qo‘lda boshqariladigan tankka qarshi granatomyotlar (500ta) va yer-havo tipidagi «Stinger» raketalari (1000ta) yuborishga qaror qilindi. BBC muxbiri bilan suhbatda Ukraina mudofaa vazirligining sobiq rahbari rossiyaliklar quruqlikdagi harakatlarda muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin katta ehtimol bilan taktikasini o‘zgartirib, aviatsiya orqali hujumlarga ko‘proq e’tibor qaratishini taxmin qilgan va bu holda «Stinger»lar juda qo‘l kelishini ta’kidlagan.
Ukraina tomoni kun oxirida Berdyanskdagi aerodrom boy berilganini tasdiqladi. Rossiya kuchlari bu yerdan ta’minot va qo‘shimcha kuchlar yetkazish uchun foydalanishi mumkin.
Rossiyaning SWIFT’dan uzilishi va MB zaxiralari muzlatilishi
Shanba kuni kechqurun AQSH, YEI va boshqa ittifoqchilar Ukrainaga bosqin tufayli joriy etilgan sanksiyalar ostiga tushgan Rossiya banklarini SWIFT xalqaro to‘lov tizimidan uzishga kelishib olgani ma’lum bo‘ldi. Zaruratga ko‘ra Rossiyadagi boshqa banklar ham SWIFT’dan uzilishi mumkin. Oldindan bu chorani «eng qattiq» chora sifatida aytib kelishayotgandi.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen esa YEI Rossiya banki aktivlarini muzlatishga tayyorlanayotganini ma’lum qilgan. «Bu ularning butun dunyo bo‘ylab faoliyatini to‘xtatadi va Rossiya eksporti va importini samarali ravishda bloklaydi. Biz Rossiya Markaziy bankining aktivlarini falaj qilib qo‘yamiz. Putin Ukrainani yo‘q qilish yo‘liga o‘tdi. Ammo uning qilayotgan ishi aslida o‘z mamlakatining kelajagini yo‘q qilishdir», degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chora Rossiyaga «o‘z harbiy budjetidan foydalanish»ga imkon bermaydi.
Rossiya banki oltin valyuta zaxiralariga kirish imkoni to‘silishi uni banklarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, bozorda intervensiya amalga oshirish va rubl kursini tartibga solish imkoniyatidan mahrum qiladi.
Bundan tashqari, AQSH va uning ittifoqchilari Rossiyadagi rejim bilan aloqador bo‘lgan badavlat rossiyaliklarga sarmoya evaziga chet el fuqaroligini olish imkonini beruvchi «oltin pasportlar» dasturidan voz kechmoqchi. Sanksiyalar samarali qo‘llanishini ta’minlash uchun butun guruh tashkil etilgan.
«Biz rossiyalik amaldorlar va Rossiya hukumatiga yaqin bo‘lgan elita vakillariga, shuningdek ularning oila a’zolari va hamkorlariga nisbatan ularning bizning yurisdiksiyamizdagi aktivlarini aniqlash va muzlatish uchun sanksiyalar va boshqa moliyaviy va majburiy choralarni qo‘llash tarafdorimiz», deyiladi bayonotda.
«Chelsi» va osmonning yopilishi
Rossiyalik milliarder Roman Abramovich shanba kuni Londonning «Chelsi» klubi boshqaruvini vasiylar kengashiga topshirdi.
«Men hamisha klub manfaatlaridan kelib chiqib qaror qilaman. Men hamon bu qadriyatimga sodiqman. Shuning uchun men bugun boshqaruvni «Chelsi» xayriya fondi vasiylariga topshiryapman. O‘ylaymanki, ayni vaqtda ular klub, futbolchilar, xodimlar va muxlislar manfaatlarini ko‘zlash uchun yaxshiroq holatda», degan milliarder.
«Chelsi» bosh murabbiyi Tomas Tuxel bu qaror Ukrainadagi urush bilan bog‘liqligini tasdiqlagan.
Kunning asosiy natijalaridan biri Rossiya fuqarolik aviatsiyasi uchun havo kengliklari yopilishi bo‘ldi. Sharqiy Yevropadagi qator davlatlar (Polsha, Chexiya, Bolgariya, Latviya, Litva, Ruminiya va Estoniya) Rossiya aviakompaniyalariga o‘z osmoni ustidan uchishni taqiqladi va Rossiya va G‘arbiy Yevropa o‘rtasida o‘ziga xos devor hosil bo‘ldi.
Endi ruslar o‘z hududi - Kaliningradga uchish uchun ham Boltiqbo‘yi davlatlarini shimoldan aylanib o‘tishi talab etiladi.
26 fevral tongida nimalar bo‘ldi?
Shanba tongida Rossiya Kiyevni tinchlik muzokaralaridan bosh tortishda ayblab, Ukrainaga hujum davom ettirilishini ma’lum qildi. Ukraina hukumati bu bayonotni rad etdi. Ukraina hududida shanbaga o‘tar kechasi ham aholi yashash punktlarini egallash uchun janglar davom etgan. O‘n minglab kishilar tunni yer ostida bombapanagohlarda o‘tkazishgan. Kiyev atrofida qurolli to‘qnashuvlar davom etgan, ammo tomonlarning pozitsiyalarida o‘zgarish bo‘lmagan.
25 fevral kuni o‘tkazilishi kutilgan tinchlik muzokaralari o‘tkazilmasdan barbod bo‘ldi. Avvaliga Rossiya Ukrainani muzokaralardan bosh tortishda aybladi. «Ukraina tomoni muzokaralardan bosh tortgani sababli, biz bugun Rossiyaning asosiy kuchlarining tegishli reja bo‘yicha harakat qilishini tiklaymiz», degan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, juma kuni prezident Vladimir Putin rossiyalik harbiylarga oldinga harakatlanishni to‘xtatishga buyruq bergandi.
Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi esa, o‘z navbatida, Kiyev Rossiya bilan muzokaralarga tayyor bo‘lgani, ammo qabul qilib bo‘lmaydigan shartlar va ultimatumlarsiz, to‘laqonli muzokaralar o‘tkazilishi kerakligini aytdi. U Rossiya juma kuni harbiy harakatlarni to‘xtatganini rad etdi.
«Ukraina Moskva tomonidan bildirilgan muzokaralar pozitsiyasini eshitdi. Ular bizning muzokaralar formati bo‘yicha qarashlarimiz va muzokaralar pozitsiyamizni bilishadi. Shu tufayli ularning biz muzokaralardan bosh tortganimiz haqidagi bayonoti, shunchaki ularning taktikasining bir qismi. Ular muzokaralar boshlanmasidan uni boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘yishdi. Boshqacha yondashuv zarurligi ko‘rinib turibdi», deya Mixail Podolyakning so‘zlarini keltirgan BBC Ukraina xizmati.
«Ular qurolli kuchlariga to‘xtashga buyruq bergani haqidagi gaplar yolg‘on, buni juma kuni kechqurun va bugun tongda butun dunyo guvoh reallikning o‘zi inkor etadi», deya qo‘shimcha qilgan u.
Ukraina qurolli kuchlari matbuot xizmati avvalroq rossiyalik harbiylar tunda Kiyev g‘arbidagi G‘alaba prospektidagi harbiy qismga hujum qilganini xabar qilgandi.
Shuningdek, poytaxtning bir necha rayonlarida yong‘inlar yuzaga kelgan. Ko‘p qavatli binolardan biriga raketalar kelib tushgan.
Kiyevning Julyan aeroporti yaqinidagi ko‘p qavatli uyga raketa kelib urilgan. Foto: Ukraine Emergency Ministry
Nikolayev va Vasilkov
Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko‘ra, Ukraina janubida - Novaya Kaxovka va Nikolayevda ham janglar davom etgan, rus armiyasi bu hududga Qrim tomondan kirib kelgan.
Mahalliy vaqt bilan tonggi soat 5da Nikolayev oblasti administratsiyasi rahbari Vitaliy Kim shaharga tunda uyushtirilgan hujum qaytarilganini ma’lum qildi.
Keyinroq u shaharliklarga murojaat qilib, barrikadalar o‘rnatish va mudofaaga tayyorlanish zarurligi haqida aytdi.
Vasilkov shahri meri (Kiyev yaqinida) Natalya Balasyanovich tunda shaharda harbiy qismlar va aviabazalar uchun qattiq janglar kechganini ma’lum qildi. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi aerodromga desant tushirishga harakat qilgan.
Boshqa aholi punktlari rahbarlari ham shanbaga o‘tar kechasi Rossiya harbiylarining shunday urinishlari haqida xabar bergan, ammo bu urinishlar rossiyaliklar uchun muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
Xarkovda tun xotirjam o‘tmagan. Havo hujumi haqidagi trevogalar tinmagan, shaharliklarning ko‘p qismi ikkinchi kundirki bombapanagohlarda qolishgan.
«Moy Xarkov» xabariga ko‘ra, shanbaga o‘tar kechasi temiryo‘l stansiyasi o‘qqa tutilgan.
Shanba tongida Vinnitsa, Umani, Rovno, Lutsk, Lvov va Xersonda ham trevogalar yangragan. Bu esa Ukrainaning butun hududlari bo‘ylab - sharq, janub va g‘arbda ham hujumlar davom etganini anglatadi.
Yangi sanksiyalar va Rossiyani SWIFT’dan o‘chirishga tayyorgarlik
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba YEI mamlakatlari Rossiyani SWIFT xalqaro to‘lov tizimidan o‘chirish uchun harakat boshlagani haqida yozgan. «Rasmiy qaror hozircha qabul qilinmadi, ammo qaror qabul qilish va bu sanksiyalarni qo‘llash uchun texnik tayyorgarlik allaqachon boshlangan», deya yozdi u feysbukda.
AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainaga zudlik bilan 600 mln dollar hajmidagi yordamni yetkazib berish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Shundan 350 mln dollarni Bayden harbiy ehtiyojlar uchun ajratgan.
Bu qaror shunisi bilan ahamiyatliki, Oq uy uni Kongress bilan oldindan kelishmagan holda qabul qildi. AQSH hukumati murakkab vaziyatda yordamni kechiktirmaslik kerakligi bilan izohlagan.
Shuningdek, AQSH ukrainlar prezidenti Vladimir Zelenskiyga evakuatsiya bo‘yicha yordam taklif etgan, ammo u rad etgan. Washington Post xabariga ko‘ra, Vashington Zelenskiy Vladimir Putinning birinchi raqamli nishoni ekani va uni istalgan daqiqada Kiyevdan olib ketishga tayyorligini ma’lum qilgan.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, dunyoning 27 mamlakati, jumladan NATO a’zolari Ukrainaga qurollar yetkazib berishga tayyor. Germaniya uchinchi davlatlarga Germaniyada ishlab chiqarilgan qurollarni yetkazib berishga ruxsat bergan. Litvadan ilk partiyalar Ukrainaga yetkazilgan. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
KXDR askarlarlari urushga kirdi. Razvedka nima demoqda?
Ramzan Qodirov Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan munosabat bildirdi
Kiyev: Tramp inauguratsiyasigacha «tinchlik rejalari» haqidagi gaplar asossiz