20:40 / 01.03.2022
4 030

«Askarlar bizni otib tashlamoqchi bo‘ldi» — Ukrainadan qaytgan o‘zbekistonlik ayol

«Askarlar bizni otib tashlamoqchi bo‘ldi» — Ukrainadan qaytgan o‘zbekistonlik ayol
Ukrainada davom etayotgan harbiy harakatlar sababli ko‘plab davlatlar o‘z fuqarolarini mamlakatdan evakuatsiya qilmoqda. 28 fevral kuni Ukrainada yashayotgan 251 nafar o‘zbekistonlik ham Polsha orqali Toshkent shahriga olib kelindi. «Daryo» muxbiri evakuatsiya reyslarining dastlabkisida O‘zbekiston fuqarolari bilan suhbatlashdi.

Kiyevda oilasi bilan 4 yildan beri yashab kelgan Barno Sobirova Polsha chegarasiga yetib olguncha bo‘lgan vaqtda boshidan o‘tgan voqealarni so‘zlab berdi.

«Ukrainada ‘dom'da yashardik. 24 fevral kuni bomba portlab, uyimiz derazalari tebranib ketdi. 25 fevralgacha urush to‘xtar deb o‘yladik. Keyin erim: ‘To‘xtamaydi, shekilli, hamma Polshaga qarab ketyapti’, — dedi. O‘zimizning mashinamiz bor edi. Biz ham unda Polshaga qarab yo‘lga chiqdik. Mashinada ketyapmiz, orqamizda qolgan yerlarda portlashlar bo‘lyapti. Agar bir soat kechikkanimizda Kiyevdan chiqa olmay qolar edik. To‘g‘risi, hayotdan umidimni uzgandim. Orqamizdan yetib kelishadi, deb o‘yladim. Ko‘chada tanklar, ‘soldat'lar turganini ko‘rdim. Juda ham qattiq qo‘rqdim. Tanklar orasidan o‘tib ketdik. Ukrainadan Polsha chegarasiga kelguncha mashinalar juda tirband edi. Ko‘plari ‘avariya’ bo‘lib ketgan. Tirbandlikdan amallab o‘tib oldik.

Bizni yana qattiq qo‘rqitgan holat bilmagan holda boshqa yo‘ldan yurgan ekanmiz. U yerdan ukrain askarlari chiqdi. Ular bizni dushman deb o‘ylashdi. Hatto otib tashlamoqchi bo‘lishdi. Bolam va meni ko‘rib, Ukrainadan qochib kelayotgan odamlar ekanimizga ishonishdi. Keyin bizni qo‘yib yuborishdi. Ularning avtomatlarini ko‘rib qo‘l-oyog‘im titrardi. Mashinada erimning o‘rtoqlari ham bor edi. Ular: ‘Bir o‘lib tirilgandek bo‘ldik’, deyishdi.

Yo‘lda 2 kun yurdik. Erim mashinani uxlamasdan haydadi. Tirbandlikda ‘avariya’ bo‘lib yotgan mashinalarni ko‘rib qo‘rqdim. Biz bu yo‘llardan o‘ta olarmikanmiz, yurtimizga qayta olarmikinmiz, deb rosa o‘yladim. Keyin Polsha chegarasiga keldik. U yerda bizni O‘zbekiston elchixonasi xodimlari yaxshi kutib oldi. Oziq-ovqat bilan ta’minlashdi. Prezidentimizga Polshaga samolyot qo‘yganlari uchun rahmat aytamiz. Xudoga shukr, vatanga qaytish nasib qildi.

Mashinamiz hozir Ukraina—Polsha chegarasida qolgan. Erim ham Polshada qolib ketdilar. Chunki anchadan beri Ukrainada yashayotgan edik. Eng yomoni, yillar davomida topgan pullarimizning hammasi qolib ketdi. Bir tiyin pulsiz yo‘lga chiqdik. Shuning uchun erim pul ishlab keyin boraman, deb qoldi
», – deydi ilk reys bilan Toshkent shahriga uchib kelgan xorazmlik yo‘lovchi.

Yana bir yo‘lovchi Shahriyor Eshonov ham Kiyev shahrida yashagani, O‘zbekistonga qaytguncha nimalar yuz bergani haqida gapirdi.

«Ukrainada urush boshlangan vaqtda bir kecha metroda tunab qoldik. Ertasiga Polshaga qarab yo‘l oldik. Biz Kiyevdan chiqib ketganimizdan so‘ng, ko‘prik portlatilib, shaharda urush boshlanib ketgan. Bizdan 2 kilometr uzoqlikda kuchli portlash ovozi eshitildi. Bomba portlaganda yer qimirlab ketdi. Ko‘chalarda odamlar ham, mashinalar ham juda kam edi. Bor mashinalar ham boshqa davlat yoki shaharga ketayotganlarga tegishli. U yerda o‘zbeklar bir-biriga yordam berdi. Mashinasi borlari qolgan vatandoshlarini Lvovgacha eltib qo‘ydi. Polshaga borganimizda O‘zbekiston elchixonasi vakillari bizni kutib olishdi. Biz uchun hamma sharoitlar yaratib berildi. O‘zbekiston hukumatiga rahmat», – dedi u.

Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovning ta’kidlashicha, Ukrainadan evakuatsiya qilinadigan o‘zbekistonliklar uchun yetarlicha reyslar yo‘lga qo‘yiladi.

«Hukumatimiz tomonidan Ukrainadagi fuqarolarimizni evakuatsiya qilish, ularni mamlakatga xavfsiz yetkazib kelish bo‘yicha tizimli ishlar qilinyapti. Tegishli vazirlik va idoralar tomonidan maxsus tezkor shtab tashkil etilgan. Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadagi fuqarolarimizni mamlakatning turli shaharlaridan to‘plab, Polsha hududiga olib o‘tmoqda va u yerdan maxsus reyslar orqali O‘zbekistonga jo‘natmoqda. Reyslarning barchasi hukumat tomonidan bepul amalga oshirilmoqda. Ushbu reyslarda kelgan yo‘lovchilardan chipta uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi. Shu o‘rinda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda mazkur reyslarga chiptalar sotilayotgani haqidagi turli yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Fuqarolarimizdan bu kabi xabarlarga ishonmasliklarini so‘rab qolamiz. Vaziyatdan kelib chiqqan holda fuqarolarni Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xavfsiz hudud — Polshaga olib o‘tilishi bilan yana qo‘shimcha reyslarni tashkil etilishi ko‘zda tutilgan», — dedi vazirlik vakili.

Avvalroq 28 fevral kuni Ukrainadan O‘zbekistonga 251 nafar fuqaro maxsus reyslar orqali olib kelingani xabar qilingandi. 1 mart kuni esa yana 258 kishi Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keldi.

Ma’lumot uchun, Ukraina hududida bo‘lgan 1,5 ming nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarosi Polsha orqali evakuatsiya qilinadi. Ayni paytgacha uchinchi samolyot evakuatsiya qilinayotgan o‘zbekistonliklarni Polshadan Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelmoqda. 2 mart kuni yana ikkita reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Ukraina1, O‘zbekiston fuqarolari1, Evakuatsiya1, Polsha orqali1, Maxsus reys1 Ukraina va Rossiya urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Askarlar bizni otib tashlamoqchi bo‘ldi» — Ukrainadan qaytgan o‘zbekistonlik ayol