date 13:26 / 06.03.2022
views 1 261

Visa va Mastercard Rossiyadagi faoliyatini toʻxtatdi

Visa va Mastercard Rossiyadagi faoliyatini toʻxtatdi
Foto: SOPA Images
Visa va Mastercard xalqaro toʻlov tizimlari Rossiyadagi faoliyatini toʻxtatganini e'lon qildi. Rossiyada chiqarilgan Visa va Mastercard kartalaridan chet elda ham Apple Pay va Google Pay hamyonlarida ham foydalanib boʻlmaydi, xorijiy moliya institutlari tomonidan chiqarilgan kartalar esa Rossiyada ishlamaydi.

«Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va biz guvohi boʻlib turgan bugungi voqealar tufayli ushbu qadamni qoʻyishga majburmiz. Mazkur urush hamda tinchlikka va barqarorlikka doimiy tahdidlar bizdan qadriyatlarimizga muvofiq javob berishni talab qiladi», — deyiladi Visa bayonotida.

«Barchamiz uchun yanada ijobiy, samarali va tinch kelajak umidida ushbu qadamni tashlab, boshqa koʻpchilikka qoʻshilyapmiz», — deyiladi Mastercard izohida.

Rossiya Markaziy bankining tushuntirishicha, Rossiya banklari tomonidan chiqarilgan barcha Visa va Mastercard kartalari Rossiyada odatdagidek ishlashda davom etadi, chunki ular boʻyicha operatsiyalar Milliy toʻlov kartalari tizimida amalga oshiriladi.

Biroq Visa va Mastercard bilan transchegaraviy operatsiyalar amalga oshirilmaydi. Bu xorijiy onlayn-doʻkonlardan xaridlar uchun toʻlov qilishga ham, chet elda ushbu kartalardan foydalanishga ham taalluqli boʻladi.

«Xorijga sayohat qilganda, naqd pul va ayrim davlatlarda amal qiladigan ‘Mir’ kartasini olish tavsiya etiladi. Bugungi kunda ushbu karta Turkiya, Vetnam, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Janubiy Osetiya va Abxaziyada amal qiladi», — deyiladi Markaziy bank xabarida.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo