12:30 / 22.03.2022
1 383

Tafsilotlar: Xitoyda bortida 132 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchradi

Tafsilotlar: Xitoyda bortida 132 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchradi
Foto: Global Look Press
Xitoy fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi Kunmindan Guanchjouga uchayotgan China Eastern Airlines kompaniyasining "Boing 737" samolyoti halokatga uchragani haqida xabar berdi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, bortda 132 kishi, jumladan 123 yo‘lovchi va to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Xitoy davlat televideniyesi CCTV avvalroq voqea natijasida tog‘larda yong‘in boshlangani haqida xabar bergan edi.

Samolyot Guansi-Chjuan avtonom viloyatining Uchjou shahar okrugi, Ten tumanidagi tog‘li hududga quladi, deb xabar berdi «TASS».

Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q, qutqaruvchilar voqea joyiga yetib borgan. Ba’zi OAV Xitoy qutqaruv xizmati rasmiysiga iqtibos keltirgan holda samolyot qulashi chog‘ida parchalanib ketganini ma’lum qildi.

Voqea joyida 600 dan ortiq qutqaruvchilar ishlamoqda. Halokatdan keyin tog‘larda chiqqan yong‘in o‘chirildi.

Mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda samolyot qulagan hududda olingan kadrlarni joylashtirmoqda. Ularda "Boing"ning parchalari, shuningdek, olov va tutunni ko‘rish mumkin.

Xitoy yetakchisi Si Szinpin voqea yuzasidan zudlik bilan tergov o‘tkazishni buyurdi, Xitoyning China Eastern Airlines aviakompaniyasi o‘zining barcha "Boing 737" reyslarini to‘xtatgani haqida xabar berdi.

Halokat sabablari haqida ma’lumot berilmagan. Halokatga uchragan avialayner yo‘lovchilarining yaqinlari uchun rasmiylar maxsus aloqa liniyasini ishga tushirdi.

Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, halokatga uchragan "Boing 737-800" yetti yil avval ishlab chiqarilgan. Ushbu sayt ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot mahalliy vaqt bilan 13:11 da havoga ko‘tarilgan va taxminan 980 metr balandlikda, soat 14:22 da radarlardan g‘oyib bo‘lgan. U mahalliy vaqt bilan 15:05 da qo‘nishi kerak edi.

Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, Xitoy aviatsiya sanoatining xavfsizlik ko‘rsatkichlari dunyodagi eng yaxshilaridan biridir. “Reyter” agentligi Aviation Safety Network saytiga tayanib yozishicha, Xitoyda odamlar o‘limi bilan bog‘liq aviatsion hodisa oxirgi marta 2010 yilda yuz bergan, o‘shanda Henan Airlines mintaqaviy aviakompaniyasining Embraer E-190 layneri past ko‘rish masofasi sharoitida qo‘nish vaqtida halokatga uchragan, bortdagi 96 kishidan 44 kishi halok bo‘lgan.

China Eastern aviakompaniyasi davlatga tegishli bo‘lib, Xitoydagi uchta eng yirik aviakompaniyadan biridir, qolgan ikkita bozor yetakchisi - China Southern va Air China hisoblanadi.

21 mart kuni Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinga Xitoyda yo‘lovchi samolyoti halokatga uchragani munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinga Xitoyning Guansi-Chjuan avtonom hududidagi Uchjou shahri yaqinida yo‘lovchi samolyoti halokatga uchragani munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi”, deyiladi rasmiy xabarda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tafsilotlar: Xitoyda bortida 132 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchradi