20:45 / 27.03.2022
1 435

Bayden amerikalik milliarderlarning daromadiga 20 foiz soliq joriy etishga qaror qildi

Bayden amerikalik milliarderlarning daromadiga 20 foiz soliq joriy etishga qaror qildi
Foto: Getty Images
AQSH prezidenti Jo Bayden jami aktivlarining qiymati 100 million dollardan ortiq bo‘lgan uy xo‘jaliklariga 20 foizlik soliq stavkasi joriy etishni nazarda tutadigan yangi «milliarderlar uchun minimal daromad solig‘i»ni taklif qilmoqda. Bu haqda Amerika ommaviy axborot vositalari, xususan, CNBC va CNN telekanallari, shuningdek, The Washington Post Oq uyda tayyorlangan hujjatlar va manbalarga tayanib xabar bermoqda.

Nashrlar qayd etishicha, Bayden ma’muriyati yangi soliqni 2023 yilgi budjetning bir qismi sifatida taklif qilmoqda. WP ma’lumotlariga ko‘ra, Amerikada 700 dan ortiq xonadon 100 million dollardan ortiq qiymatdagi mulkka ega.

«Milliarderlar uchun minimal daromad solig‘i eng badavlat amerikaliklarning umumiy daromadlari, shu jumladan realizatsiya qilinmagan foydasining kamida 20 foizi miqdorida soliq to‘lashini ta’minlaydi», — deya hujjatdan nusxa keltirgan CNN. Unda aytilishicha, «eng boy amerikaliklar bundan buyon o‘qituvchi va o‘t o‘chiruvchilardan kam soliq to‘lamaydi».

Agar soliq kutilganidek amalga oshirilsa, kelgusi o‘n yil ichida budjet taqchilligini taxminan 360 milliard dollarga qisqartiradi.

Oq uy tomonidan o‘tgan yilning sentabr oyida taqdim etilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2010 yildan 2018 yilgacha AQSHning eng boy 400 ta oilasi 1,8 trillion dollar daromad uchun o‘rtacha 8,2 foiz federal daromad solig‘ini to‘lagan.

«Milliarder solig‘i»ni joriy etish tashabbusi 2021 yili Oregon shtatidan demokrat senator Ron Uayden tomonidan e’lon qilingandi. Uning rejasiga ko‘ra, AQSHning eng boy odamlari sotiladigan aksiyalar va obligatsiyalar qiymatining o‘sishi bilan yillik 23,8 foiz soliq to‘lashi kerak. Demokratlarning fikricha, qonun Bayden ma’muriyatining ijtimoiy dasturini moliyalashtirishga imkon beradi.

Bunga AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp qarshi chiqqan, u soliq tushumlarining oshishi milliarderlarni mamlakatni tark etishga majbur qilishini aytgan. SpaceX rahbari Ilon Mask ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamagan va hatto «100 foiz soliq joriy etish» ham AQSHning qarz muammosini hal qilmasligiga ishora qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bayden amerikalik milliarderlarning daromadiga 20 foiz soliq joriy etishga qaror qildi