2 915
Urushning 34-kuni: Shoygu paydo bo‘ldi va asosiy maqsadni aytdi, Nikolayevda ma’muriyat binosiga hujum
Ukrainada urush 34 kundan buyon davom etmoqda. Rossiya—Ukraina delegatsiyalari Istanbuldagi muzokaralarda aftidan, qandaydir kelishuvlarga erishishni boshladi, ammo janglar davom etmoqda.
Rossiyaning Ukrainaga bosqinidagi asosiy yangiliklar harbiy harakatlar maydonidan emas, Istanbuldan keldi, Ukraina Rossiya bilan muzokaralardan keyin yana bir bor harbiy harakatlar markazi Donbass bo‘lishi haqida bayonot berdi. Bu vaqtda Yevropaning qator mamlakatlari o‘nlab rossiyalik diplomatlarni chiqarib yubordi, Rossiya mudofaa vaziri Shoygu esa ikki haftadan oshiq tanaffusdan so‘ng yana jamoatchilikka ko‘rinish berdi.
Ukraina va Rossiya delegatsiyalarining Istanbulda o‘tkazilgan navbatdagi muzokaralaridan keyin Rossiya delegatsiyasi vakili, mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin mohiyatan rossiyalik harbiylar o‘tgan hafta oxiridan ayta boshlagan gaplarni takrorladi: u Rossiya armiyasi Ukraina shimolida, Kiyev va Chernigov oblastlari hududida intensiv harbiy harakatlarni keskin qisqartirishini aytdi.
Undan oldinroq Rossiya mudofaa vazirligi vakillari harbiy kampaniyaning asosiy fokusi Donbassga qaratilayotgani haqida gapirgandi. Xususan, 25 mart kuni Rossiya Bosh shtab bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i Sergey Rudskoy Ukrainadagi maxsus operatsiyaning birinchi bosqichi yakunlarini sarhisob qilgandi va asosiy vazifa «Donbassni ozod qilish» bo‘lib qolayotganini ta’kidlagandi.
Seshanba kuni selektor yig‘ilishida ishtirok etgan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyaning asosiy vazifalari bajarilganini, shuning uchun endi asosiy maqsad – Donbassni ozod qilishga e’tibor qaratish imkoniyati yuzaga kelganini aytdi. U 11 martdan buyon ilk bor ommaga ko‘rinib, bayonot berdi (uning ikki haftadan ortiq vaqt mobaynida axborot maydonidan yo‘q bo‘lib qolishi turli farazlarni tug‘dirgan, jumladan u qattiq betobligidan tortib, iste’foga chiqarilganigacha gaplar tarqalgandi).
Ukraina Bosh shtabi seshanba kuni Rossiyaning ayrim bo‘linmalari olib ketilgani va Kiyev atrofidagi ayrim aholi punktlari ozod etilgani haqida xabar berdi.
Umuman olganda esa, Ukraina ham, uning ittifoqchilari ham rossiyaliklarning bu bayonotlariga ishonchsizlik bilan yondashmoqda. AQSH davlat kotibi Entoni Blinken va Britaniya bosh vaziri Boris Jonson rossiyaliklarning aytgan gaplari qilayotgan ishlariga to‘g‘ri kelmasligi va ularga faqat ishlari bo‘yicha baho berilishi haqida gapirishdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy millatga har kungi videomurojaatida Istanbuldagi muzokaralar jarayoniga izoh berdi. «Biz muzokaralar maydonida eshitgan signallarni ijobiy deb atashimiz mumkin, ammo bu signallar Rossiya snaryadlarining ovozlarini bosib qo‘ya olmaydi», degan Zelenskiy.
U mamlakatda vaziyat yaxshilanib qolmaganini qayd etgan va Moskvaning Kiyevga hujum to‘xtatilgani haqidagi bayonotlariga aldanmaslikka chaqirgan. «Biz tajovuzkor davlat vakillarining so‘zlariga ishonish uchun asos ko‘rmayapmiz», degan Zelenskiy.
Shu munosabat bilan u Rossiyadan sanksiyalarni yechish masalasini muhokama qilishga hali vaqtli ekanini ta’kidlagan. «Urush yakunlanmas ekan, biz hududlarimizni qaytarib, adolatni tiklamas ekanmiz, sanksiyalar masalasini ko‘tarib bo‘lmaydi», degan Ukraina prezidenti.
Rossiya delegatsiyasi vakili Vladimir Medinskiy Istanbuldagi uchrashuvdan keyin Ukrainaning muzokaralardagi takliflarini bayon etdi. Medinskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari, shuningdek Turkiya va Isroilning aniq va qat’iy kafolati evaziga bloklardan xoli davlat maqomiga rozi bo‘ladi.
Lekin harbiy harakatlar odatdagidek davom etdi. Frontda jiddiy ilgarilash kuzatilmagan - faqat yuqorida keltirilganidek, Ukraina tomoni Kiyev atrofida qarshi yurish qilmoqda, shuningdek, Xerson oblastida ham bir qancha aholi punktlari qaytarib olingan.
Rossiya Ukrainaning turli shaharlaridagi turli nishonlarga raketa uchirmoqda. Xususan, 29 mart tongida Nikolayev oblasti ma’muriyati binosiga hujum qilindi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, xarobalar ostidan 12 kishining jasadi olib chiqilgan, 33 kishi yaralangan. Oblast gubernatori, urush davrida o‘z videohisobotlari bilan internet yulduziga aylangan Vitaliy Kim jabrlanmagan, uning o‘zi aytishicha, «uxlab qolgani» sababli ishga kech qolgan va bu uning hayotini saqlab qolgan.
Bundan tashqari, rossiyaliklar turli shaharlarda yonilg‘i saqlash bazalariga hujumlar uyushtirgan.
Yevropaning qator mamlakatlari demarsh amalga oshirishdi va ikki kun ichida 50 nafarga yaqin rossiyalik diplomatlar josuslikda ayblanib, chiqarib yuborildi.
Belgiya seshanba kuni 21 nafar rossiyalik diplomat chiqarib yuborilgani haqida e’lon qildi, Niderlandiya - 17, Irlandiya - 4. Urushdan oldinroq Rossiya elchixonasi xodimlari sonini keskin qisqartirgan Chexiya bir nafar diplomatni josuslikda gumonlagan, Shimoliy Makedoniya esa dushanba kuni besh nafar rossiyalikni persona non-grata deb e’lon qilgandi.
Rossiya esa seshanba kuni Boltiqbo‘yi davlatlaridan bo‘lgan to‘qqiz diplomatni persona non-grata deb e’lon qildi. Bu ikki hafta muqaddam Estoniya, Latviya va Litvadan rossiyalik diplomatlar chiqarib yuborilganiga javob bo‘ldi.
Meduza 29 mart kuni urush zonasidan olingan asosiy fotosuratlarini jamladi.
Donetsk harbiylari Mariupol yo‘lida. Shahar fevral oyining oxiridan beri qamalda qolmoqda
Foto: Reuters
«O‘ng sektor» bataloni artilleriyasi. Batalon 2014 yilda mamlakat sharqida jang qilgan qo‘mondon — 26 yoshli Ukraina qahramoni Dmitriy Kotsyubayloning chaqiruv belgisidan keyin «Da Vinchi bo‘rilari» nomi bilan ham tanilgan. Rossiyada ushbu batalon ekstremistik tashkilot deb tan olingan va taqiqlangan.
Foto: «Grati»
Ukrainalik harbiy xizmatchi front chizig‘iga yaqin joyda egasi tashlab ketgan uydagi o‘yinchoq pulemyotni qo‘liga olib ko‘rmoqda. Kiyev viloyati.
Foto: Reuters
Frontda avtomatiga suyanib tin olayotgan ukrainalik harbiy. Kiyev viloyati.
Foto: Reuters
Ukrainalik askarlar Kiyev shimolidagi okoplarda.
Foto: AP Photo
Nikolayevdagi viloyat ma’muriyati binosi portlatilgandan so‘ng. Kechqurun vayronalar ostidan qutqaruvchilar 12 kishining jasadini topdi.
Foto: AP Photo
Nikolayevdagi otishmadan keyin shikastlangan devor.
Foto: AP Photo
Yaqinlarining daragini kutib yig‘layotgan ayol. Nikolayev.
Foto: Reuters
Ukrainalik politsiyachi katta kalibrli pulemyot bilan jihozlangan sport mashinasi ustida. Nikolayev.
Foto: AFP
Mariupol chekkasida qabr qaziyotgan mahalliy aholi.
Foto: AP Photo
Donetsk harbiy xizmatchilari Mariupol chekkasida otishma va janglar natijasida vayron bo‘lgan turar joy binolari oldida suratga tushmoqda.
Foto: AP Photo Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Tramp jamoasi rasmiylarga yoqmagan generallarni “tozalash” uchun farmon tayyorladi
Jaloliddin Masharipov: "Qatar ustidan g‘alaba qozonsak, Jahon chempionati masalasini 90 foizga hal etamiz"
AQSHda Tramp siyosatidan qochmoqchi bo‘lganlarga 4 yillik sayohat taklif qilindi