15:43 / 03.04.2022
1 290

Ukraina Mudofaa vazirligi: Kiyev viloyatida Rossiya qo‘shinlari qolmadi

Ukraina Mudofaa vazirligi: Kiyev viloyatida Rossiya qo‘shinlari qolmadi
Buchadagi ukrainalik harbiylar
Foto: Reuters

Kiyev viloyatida Rossiya qo‘shinlari qolmadi. Bu haqda Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar ma’lum qildi. Malyarning qayd etishicha, endilikda Ukraina harbiylari tomonidan nazorat qilinayotgan aholi punktlari orasida Irpin, Bucha va Gostomel ham bor.

Shu bilan birga vazirlik vakili mahalliy aholini minalardan tozalash jarayoni tugaguniga qadar ushbu aholi punktlariga qaytishdan vaqtincha tiyilishga chaqirdi.

Ukraina muzokarachilar jamoasi rahbari David Araxamiyaning ma’lum qilishicha, Rossiya Istanbuldagi muzokaralarda Ukraina taklif qilgan tinchlik shartnomasi loyihasini og‘zaki qabul qildi, Qrim bo‘yicha taklif bundan mustasno.

Araxamiyaning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev hozir Moskva o‘z pozitsiyasini yozma ravishda tasdiqlashini kutmoqda. U shuningdek, hozirda bir guruh huquqshunoslar va diplomatlar hujjatlarning yakuniy variantlarini tayyorlayotganini aytdi.

Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan suhbatiga ishora qilib, Araxamiya Rossiya kelishuv loyihalarini prezidentlar Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish uchun yetarli darajada ishlab chiqilgan deb hisoblayotganini aytdi.

«Bizning vazifamiz — ko‘rib chiqilgan masalalarning yakuniy bosqichini tezroq ishlab chiqish va prezidentlarning ehtimoliy uchrashuviga zamin yaratish», — dedi ukrainalik muzokarachi uchrashuv Anqara yoki Istanbulda o‘tkazilishi mumkinligini ta’kidlab.

Rossiya — Ukraina delegatsiyalarining yuzma-yuz muzokaralari 29 mart kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgandi. Muzokaralar chog‘ida Ukraina delegatsiyasi Kiyev xavfsizlik kafolatlari evaziga NATOga qo‘shilish rejalaridan voz kechishga tayyorligini ma’lum qildi, Donbass masalasi esa o‘t ochishlar to‘xtatilgandan keyin Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi keyingi muzokaralar jarayonida hal qilinishi kerak. Qrimning maqomi masalasida esa Ukraina 15 yil davomida ikki tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazishni taklif qilgan.

Muzokaralardan so‘ng Rossiya Kiyev va Chernigov yo‘nalishlarida harbiy faollik keskin qisqartirilishini e’lon qildi. Mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fominning aytishicha, bunday qaror «o‘zaro ishonchni oshirish va keyingi muzokaralar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida» qabul qilingan.

30 mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi bu rus qo‘shinlarining «rejalashtirilgan qayta guruhlanishi» ekanligini ta’kidlab, buni «Rossiya kuchlarining Kiyev va Chernigov yo‘nalishlaridagi barcha asosiy vazifalari bajarib bo‘lingani» bilan izohladi. Vazirlik qayta guruhlanish sababini «Donbassni to‘liq ozod qilish bo‘yicha operatsiyani yakunlash» deb atadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina Mudofaa vazirligi: Kiyev viloyatida Rossiya qo‘shinlari qolmadi