Foto: Focus Washington
Rossiya mart oyi oxirida tabiiy gazini sotib olgan Yevropa davlatlaridan to‘lovlarni dollar yoki yevroda emas, rublda amalga oshirishni talab qilgan edi. Bir oy oldin bu juda yaxshi kelishuv edi: Rossiyaning Ukraina bilan urushi ortidan rubl 40 foizga tushib, 1 dollar 139 rublgacha tushib ketgandi.
Biroq fevral oyidagi qulash jarayonidan so‘ng, Rossiya rubli keskin tiklandi. 6 aprel kuni esa rubl 84 rublga baholanib, urushdan avvalgi qiymatiga to‘liq qaytdi. 11 aprel holatiga ko‘ra 1 dollar 81 rubl bo‘lmoqda. Shubhasiz, rubl mart oyida dunyodagi eng tez o‘sgan valyuta bo‘ldi.
Shunga qaramay, urush boshlanganda kiritilgan barcha sanksiyalar hali ham amalda. Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar yanada og‘irroq sanksiyalarni joriy etmoqchi. Jumladan, G‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiya ko‘miriga embargo qo‘yildi. Xo‘sh, Rossiya qanday qilib o‘z valyutasini qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi?
Rublning tiklanishiga bir nechta sabablar bor.
Tabiiy gaz
AQSH va Yevropa kiritgan sanksiyalar fonida eng katta kamchilik bu tabiiy gaz edi. Yevropaning bir qancha davlatlari Rossiya gaziga qaram bo‘lib qolgani va talabni qondirish uchun muqobil yetkazib beruvchilar yetarli emasligi sababli gazni sotib olishda davom etmoqda.
Foto: Financial Times
Sanksiyalar esa Rossiya bilan ko‘plab sohalarda aloqalarni uzishga qaratilgan edi. Buning oqibatida gaz narxlari tarixdagi eng baland darajaga ko‘tarildi. Bir qancha davlatlar, jumladan, Yaponiya Yevropaga gaz yetkazib berishi mumkin.
Neft va tabiiy gaz narxlarining oshishi, Rossiyaning Xitoy va Hindiston kabi boshqa yirik iqtisodiyotlar bilan savdo aloqalarining mustahkamligi mamlakatga hali ham doimiy xorijiy valyuta oqimini yuzaga keltirmoqda. Bu esa rubl kursi ko‘tarilishiga sabablardan biri bo‘ldi.
Qarzlarni to‘lash
Yana bir e’tibordan chetda qolgan jihat — suveren qarzni to‘lash. Rossiyaga qo‘yilgan eng katta va eng ta’sirli sanksiyalardan biri uning xorijiy hisoblarini muzlatish edi. Rossiya butun dunyo banklarida 640 mlrd dollarga yaqin yevro, dollar, iyena va boshqa xorijiy valyutalarni saqlaydi.
Bu miqdorning yarmiga yaqini AQSH va Yevropada joylashgan. Sanksiyalar Rossiyaning ushbu pulga kirishiga to‘sqinlik qilar edi.
AQSH G‘aznachiligi esa Rossiyaga qarzlarini to‘lashi maqsadida bank hisoblaridan foydalanish uchun ruxsat berishga majbur bo‘ldi. Aprel oyida bu to‘xtatilishi rejalashtirilgan. Shunga qaramay, Rossiya birinchi bor 650 mln dollarlik yevroobligatsiyalarni rublda to‘ladi. Bu esa defolt sifatida tan olinishi mumkin.
Moliyaviy omillar
28 fevral kuni Rossiya Markaziy banki foiz stavkalarini 20 foizga oshirdi. O‘z rubllarini sotish va dollar yoki yevro sotib olish vasvasasiga tushgan har qanday rus endi bu pulni tejashi kerak edi. Qanchalik kam rubl sotuvga chiqarilsa, valyutaga tushadigan bosim shunchalik kam bo‘ladi.
Keyinchalik hukumat rossiyalik tadbirkorlarga bir nechta talablar qo‘yadi. Unga ko‘ra, korxonalar chet elda topadigan har qanday pulning 80 foizi rublga almashtirilishi kerak.
Kreml, shuningdek, rus brokerlariga xorijliklarga tegishli qimmatli qog‘ozlarni sotishni taqiqlovchi farmon chiqardi. Ko‘pgina xorijiy investorlar Rossiyaning korporativ aksiyalari va davlat obligatsiyalariga ega. Sanksiyalar sabab ular bu qimmatli qog‘ozlarni sotishlari mumkin edi. Buni taqiqlash orqali hukumat qimmatli qog‘ozlar va obligatsiyalar bozorlarini mustahkamlab, pulni mamlakat ichida saqlamoqda. Bularning barchasi rublning tushib ketishiga yo‘l qo‘ymayapti.
Pul o‘tkazmalariga cheklovlar
Rossiya fuqarolariga hukumat tomonidan chet elga pul o‘tkazishni cheklovchi qarorlar qabul qilindi. Dastlabki taqiqda barcha valyuta kreditlari va o‘tkazmalari to‘xtatilishi aytilgan edi. Bu mamlakatda chet el valyutasini ushlab turishga xizmat qildi va rossiyaliklarni rublni dollar yoki yevroga sotishdan qaytardi.
Valyuta bosimi esa kuchayib bordi. Chet elga muntazam ravishda pul yuboradigan rossiyaliklarga qulayliklar berish uchun ushbu cheklovlar yaqinda biroz yengillashtirildi. Ammo joriy yil oxirigacha jismoniy shaxslar 10 000 dollargacha mablag‘larni chet elga jo‘natishi mumkin.
Putinning qarori
Rubl mustahkamlanishining asosiy sabablaridan biri Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sanksiya qo‘llagan mamlakatlarga gazni faqat rublda sotish haqidagi qarori bo‘ldi.
Foto: Reuters
- Mahsulotlarimizni Yevropa Ittifoqi, Amerika Qo‘shma Shtatlariga yetkazib berib, to‘lovni dollar, yevro yoki boshqa valyutada olish biz uchun endi hech qanday ahamiyatga ega emas, — izohlaydi Putin.
Tabiiy gaz shartnomalarida odatda yevro yoki dollarda to‘lash kelishilgan bo‘ladi. Rossiya gazini sotib oladigan davlatlar esa katta rubl zaxirasiga ega emas. Putinning qarori ushbu davlatlarni rublni sotib olishga majbur qilishi mumkin. Aynan shu sababli rublga nisbatan talab tabiiy ravishda oshdi.
Rossiya Markaziy banki tomonidan qabul qilingan himoyaviy choralar rubl uchun o‘ziga xos ko‘prikdir. Agar Rossiya va Ukraina urushi tugab sanksiyalar bekor qilinsa, rubl hozirgi qiymatini saqlab qolishi mumkin. Rublning yana bir bor qulashi esa inflyatsiyani keskin ko‘tarilishiga va rus xalqining og‘ir iqtisodiy ahvolga solib qo‘yishi mumkin.
Ayrim cheklovlar esa bekor qilinishi kerak. Asosiy foiz stavkasining 20 foiz bo‘lib turishi moliyaviy jihatdan iqtisodiyotga jiddiy zarar bo‘ladi. Rossiya iqtisodiyoti bu yil 8 foizdan ko‘proq qisqarishi, sanoat hajmining pasayishi kutilmoqda.
Rossiya dunyodagi eng yirik tabiiy gaz ishlab chiqaruvchisi va eng yirik eksportchisidir. Lekin u yagona manba emas va rus gazining xaridorlari boshqa muqobil variantlarga murojaat qilishlari mumkin. Rossiya gaziga to‘lovlar faqat rublda qabul qilinishi esa bu jarayonni muqarrar holatga olib keladi.
AQSH allaqachon Yevropaga tabiiy gaz jo‘natmoqda. Buyuk Britaniya, Norvegiya, Qatar va Ozarbayjon ham tabiiy gaz yetkazib berishi mumkin. Katta hajmdagi rus gazini sotib oladigan davlatlar bir kechada undan voz kecholmaydi. Biroq bu jarayon sekin-asta sodir bo‘lishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi