2 251
Urushning 50-kuni: «Moskva» o‘yindan tashqarida, AQSH Kiyevga yangi qurollar bermoqda, rossiyaliklar qashshoqlashmoqda
Mariupolda og‘ir janglar davom etmoqda / ANADOLU AGENCY
Rossiya flagman kreyseri «Moskva»ni yo‘qotdi - tomonlar hodisani turlicha talqin etishmoqda. AQSH Ukrainaga yangi qurollar, jumladan jangovar vertolyotlar bermoqda. Xarkov yana o‘qqa tutildi - halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor. Jahon banki qashshoqlik chegarasidan quyi darajada yashayotgan rossiyaliklarning soni keskin o‘sishini prognoz qilmoqda.
«Moskva» o‘yindan tashqari holatda
Rossiya harbiy-dengiz flotida uchta flagman korabli bor - Qora dengiz flotining «Moskva» kreyseri (suratda), Tinch okeani flotida «Varyag» va Shimoliy okeandagi «Marshal Ustinov». «Moskva» - ularning eng eskisi, 2019 yilda u kapital ta’mirdan chiqarilgan.
Urushning 50-kuni Rossiya tomonining ulkan yo‘qotishi bilan yodda qoladigan bo‘ldi - Qora dengiz floti flagmani, «Moskva» kreyseri safdan chiqdi. 14 aprelga o‘tar kechasi kreyser halokat signali yuborishni boshlagan, ammo Rossiya nashrlari bu haqda faqat bugun keng jamoatchilikka xabar berdi.
Ularning versiyasiga ko‘ra, bortda o‘q-dori portlagan va bu yong‘inga sabab bo‘lgan.
Kreyser chindan yongan, ammo Kiyevdagilarning ma’lum qilishicha, bu ukrain harbiylari «Neptun» rusumli kemalarga qarshi qanotli raketalari yo‘llashi oqibatida sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda kreyserning holati bo‘yicha ishonchli ma’lumot yo‘q. Rossiya mudofaa vazirligi korabl «suzuvchanligini saqlab qolgani» va ayni vaqtda shatakka olinib, eng yaqin port tomon olib ketilayotganini ma’lum qilgan.
Ukraina va G‘arbdagi ayrim manbalar esa kreyser cho‘ka boshlagani to‘g‘risida xabar qilishgan. Ukraina tomoni ma’lumotiga ko‘ra, hodisa ro‘y bergan vaqtda kema turgan joyda kuchli shtorm ko‘tarilgan.
Litva mudofaa vaziri Arvidas Anushauskas turkiyalik dengizchilar kemadagi rossiyalik dengizchilarni qutqarib qolgani haqida xabar berdi. Bundan tashqari, u ruminiyalik va turkiyalik harbiylar kema cho‘kib ketganini ma’lum qilishgani haqida aytdi.
BBC turk xizmati bilan gaplashgan turkiyalik amaldorlardan biri Turkiya dengizchilari kemadan rossiyaliklarni qutqarib olgani haqidagi xabarni rad etdi, kema cho‘kib ketgani haqidagi ma’lumotni izohlashni istamadi.
AQSH Harbiy-dengiz kolleji qoshidagi Rossiyaning dengizdagi salohiyatini o‘rganish instituti direktori, professor Maykl Petersenning fikricha, «Moskva» kreyseriga qay darajada shikast yetganidan qat’i nazar, bu hodisa Ukraina uchun ramziy jihatdan ham, harbiy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega.
«Bu Qora dengiz floti flagmani. Korabl eskirgan, ammo hamon Rossiyaning Qora dengizdagi harbiy qudrati ramzi edi», degan ekspert.
Uning fikricha, kreyser bilan ro‘y bergan hodisaning harbiy ahamiyati shundaki, endi Rossiya floti katta ehtimol bilan Ukraina qirg‘oqlaridan nariroqqa ketadi.
Qolaversa, ushbu kreyser havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali dengizdagi boshqa rus kemalarini himoya qilayotgandi va endi bu himoya sezilarli darajada zaiflashadi.
Ushbu kreyser Rossiyaning urushdagi eng qimmatbaho harbiy yo‘qotishi bo‘ldi. Forbes ma’lumotiga ko‘ra, uning qiymati 750 mln dollarni tashkil etadi.
Harbiy harakatlar bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar
Foto: Getty Images
Payshanbaga o‘tar kechasi nisbatan faol harbiy harakatlar Ukrainaning uch oblastida - Donetsk, Lugansk va Xersonda kechdi. Bu haqda «Ukrainskaya pravda» gazetasi mazkur regionlar ma’muriyatlariga asoslangan holda xabar tarqatdi.
Shuningdek Xarkov oblastidagi Izyum rayonida ham janglar davom etmoqda. Xarkov shahri esa artilleriyadan o‘qqa tutilmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan tunda bu yerda uch kishi halok bo‘lib, 10 kishi yaralangan.
«Mariupolda - o‘zgarish yo‘q: blokada, aviatsiya va artilleriyadan o‘qqa tutish davom etmoqda. Rossiyaliklar shahardan odamlar chiqishiga ruxsat bermayapti», deya yozadi nashr.
BMT Ukraina sharqida keng ko‘lamli gumanitar halokatdan ogohlantirdi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, faol harbiy harakatlar tufayli bugungi kunda sharqiy hududlardagi jami 1,4 mln kishi ichimlik suvisiz qolgan, yana 4,5 mln kishi yaqin vaqt ichida suv ta’minotidan uzilishi mumkin.
Rossiya tomoni Mariupoldagi ukrain dengiz piyodalari va harbiylar asirga tushishda davom etayotganini bildirmoqda. RF mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, payshanbaga o‘tar kechasi 134 kishi taslim bo‘lgan. Bir kun oldin DXR ayirmachilari 1300 nafardan ortiq ukrainalik qurollarni tashlab, asir tushgani haqida ma’lum qilgandi. Kiyevdagilar bu ma’lumotni tasdiqlamagan, faqat prezident ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich shahardagi 36-brigada jangchilari qurshovni yorib o‘tishga harakat qilgani va ularning bir qismi shaharning boshqa qismidagi «Azov» polkiga qo‘shilgani, bir qismi asirga tushganini tasdiqlagan.
Rossiya mudofaa vazirligi so‘nggi bir kunda Ukrainaning S-300 zenit-raketa majmualari yo‘q qilingani haqida hisobot bergan.
Bundan tashqari, FXX Ukrainani payshanba kuni kunduzi «Novie Yurkovichi» chegara o‘tkazish punkti va Bryansk oblastidagi Klimovo aholi punktini o‘qqa tutishda aybladi.
Gubernator Aleksandr Bogomazning so‘zlariga ko‘ra, Klimovo Rossiya-Ukraina chegarasidan 20 km masofada joylashgan. Rossiya tomoni xabar qilishicha, hujum oqibatida qurbonlar yo‘q, ikki avtomobil shikastlangan.
Avvalroq RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov bunday «provokatsiya harakatlari»ga javoban Rossiya Kiyevdagi «qaror qabul qilish markazlari»ga zarba berishi mumkinligini aytgandi. Bunga javoban Arestovich Kiyevga zarba berilgan taqdirda, Ukraina ham javob qaytarishga tayyorligini aytib o‘tdi.
Ukraina tomoni Rossiya hududiga yoki chegara hududlariga zarba berilayotganini rad etgan.
Evakuatsiya davom etmoqda
BMT ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 24 soatda Ukrainani 40 mingdan ortiq kishi tark etgan. Rossiya bosqini boshlanganidan buyon 4,5 milliondan oshiq kishi qochqinlarga aylangan (mamlakatdan chiqib ketganlar) yoki majburan ko‘chgan (ya’ni, o‘z uyini tark etgan, ammo Ukraina hududida qolgan).
Harbiy harakatlar davom etayotgan hududlarda hamon o‘n minglab kishilar qolmoqda. Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchukning so‘zlariga ko‘ra, payshanba kuni qator regionlarda gumanitar yo‘laklar faoliyati tiklangan, bir kun oldin Rossiya tomoni o‘t ochishni to‘xtatmagani tufayli bu yo‘laklarning birortasi ochilmagandi.
Ayni vaqtda Lugansk, Donetsk va Chernigov oblastlari aholisi evakuatsiya qilinishini kutmoqda.
AQSH Ukrainaga zamonaviy qurollar yetkazib beradi
G‘arbdagi hamkorlar Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda. Payshanba kuni AQSH 800 mln dollarlik qurollar yetkazib berishni nazarda tutuvchi yangi paketni tasdiqladi.
Pentagonning ma’lum qilishicha, Ukraina tankka qarshi «Javelin» raketa tizimlari, dron-kamikadzelar va quyidagi qurollarni oladi:
- 11 ta Mi-17 vertolyotlari, ular avvaliga Afg‘onistonga jo‘natilishi mo‘ljallangandi (Vashingtonda mamlakatda hokimiyatni toliblar egallashidan oldin shunday reja bo‘lgan);
- 18 ta 155 mm kalibrli gaubitsalar;
- Havo hujumiga va artilleriya hujumlariga qarshi radarlar;
- 200 ta M113 zirhli transporterlari;
- 100 ta Humvee jangovar mashinalar;
- Kimyoviy, biologik va radiatsion hujumlardan himoyalanish vositalari;
- Masofadan boshqariluvchi sohil muhofazasi kemalari.
Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbining so‘zlariga ko‘ra, ayrim turdagi qurollarni boshqarish uchun ukrainalik harbiylarni maxsus tayyorlash talab etiladi. Ukraina qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari NATO bazalarida tayyorgarlik o‘tish uchun Yevropadagi qo‘shni davlatlarga yuborilishi taxmin qilinmoqda.
13 aprel kungi videomurojaatida Volodimir Zelenskiy Rossiya armiyasiga qarshi turish uchun aynan qanday qurollarga zarurat borligi haqida aytgandi:
- Artilleriya qurilmalari (155 mm kalibrli) va o‘q-dorilar;
- Artilleriya snaryadlari (152 mm kalibrli);
- Baravar o‘t ochish tizimlari: «Grad», «Uragan» yoki Amerikaning M142 HIMARS;
- Tanklar (T-72, Amerika yoki nemischa muqobillari);
- Havo hujumidan mudofaa tizimlari (S-300, "Buk" yoki G‘arbda ishlab chiqarilgan shu kabi zamonaviy HHM tizimlari);
- Jangovar aviatsiya.
Rossiyaga qarshi sanksiyalarning dastlabki effekti
Jahon banki prognozlariga ko‘ra, yil oxiriga qadar qashshoqlik yoqasidagi rossiyaliklar soni bir necha million kishiga oshadi / AFP
Dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan Moskvaga qarshi qo‘llangan sanksiyalarga payshanba kuni Avstraliya ham qo‘shildi va Rossiyaning 14 ta davlat kompaniyasi vakillari bilan aloqalarni cheklash to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi.
Tahlilchilarning baholariga ko‘ra, xalqaro sanksiyalar Rossiyada so‘nggi 30 yillikdagi eng jiddiy inqirozni keltirib chiqardi, holbuki G‘arb tomonidan ko‘rilgan choralarning aksari kechiktirilgan ta’sir ko‘rsatish kuchiga, ya’ni Rossiya iqtisodiyotiga asosiy zarba hali oldinda.
Ayni vaqtda mamlakat mehnat bozorida o‘tkir inqiroz yuzaga kelgan. Rossiyadan McDonald's, Apple, IKEA va barcha xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ketishi tufayli butun mamlakat bo‘ylab yuz minglab kishilar ishsiz qolgan.
Jahon banki prognozlariga ko‘ra, yil oxiriga qadar qashshoqlik chegarasida yashayotgan rossiyaliklar soni 2,6 mln kishiga ko‘payadi. Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"