Foto: Aleksandr Yermochenko / Reuters
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mariupoldagi «Azovstal» zavodini shturm qilishni to‘xtatishga buyruq berdi. Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashuvda u bu shturmni maqsadga muvofiq emas deb aytdi. BBC rus xizmati buning sabablarini ko‘rib chiqdi.
Rossiyalik harbiylar bir necha haftadan buyon «Azovstal» metallurgiya kombinati hududini egallashga urinmoqda, bu yerda shahar himoyachilarining so‘nggi qismi va ko‘plab tinch aholi vakillari bor. Bu yerni boshpana qilganlarning aniq soni ma’lum emas. Rossiya mudofaa vazirligi baholariga ko‘ra, hozirda «Azovstal» hududida 2,5 ming kishi bo‘lib turibdi. Rossiya harbiylari bunda asirga tushgan ukrain jangchilarining ma’lumotlariga asoslanishmoqda.
Ukraina hukumati zavod hududida 1000 nafargacha tinch aholi vakillari bo‘lishi mumkinligini aytgan. Bu raqam Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchuk tomonidan keltirilgan. Mariupol meri Vadim Boychenko qurshovda qolgan tinch aholi vakillari soni 300 nafardan 1000 nafargacha bo‘lishi mumkinligini aytgan. Bu raqamlarni tekshirishning imkoni yo‘q.
Zavod Kalmius daryosi va Azov dengizi sohili o‘rtasidagi katta maydonni egallagan. Zavod o‘zining yuk tashiluvchi portiga va keng tarmoqli yerosti kommunal tizimiga ega hisoblanadi.
Putin va Shoygu nima haqda gaplashdi
Putin bilan uchrashuvda Shoygu Mariupolni «Azov» natsiolistlari poytaxti deb atadi. U shahar nazoratga olingani - faqat «Azovstal» korxonasi hududi mustasno ekanini ma’lum qildi. «U yerda ukrain jangarilari va xorijlik yollanma jangchilar qamalib qolgan», degan Shoygu.
Vazirning ma’lumotiga ko‘ra, zavod hududida 2,5 ming atrofida kishi bor.
«Men sanoat zonasiga hujumni maqsadga muvofiq emas deb hisoblayman, uni bekor qilishni buyuraman. Hozir biz askar hamda ofitserlarimizning hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolishni o‘ylashimiz kerak bo‘lgan vaqt. Ushbu sanoat ob’ektlari ostidagi katakombalarga tushib, emaklash kerak emas. Mazkur sanoat zonasini hatto pashsha ham uchib o‘ta olmaydigan qilib, bloklab qo‘ying», dedi Putin Shoyguning Mariupoldagi vaziyat bo‘yicha hisobotidan keyin.
Putin shuningdek taslim bo‘lgan ukrain harbiylarining joni omon qolishini kafolatlagan.
«Azovstal» qamalidan voz kechish Putin tomonidan rus harbiylarining hayoti va sog‘ligi haqida qayg‘urish bo‘lib ko‘rinadi, generallar esa mudofaachilarning ishini imkon qadar tez vaqt ichida yakunlashga intilayotgandi.
«Azovstal» zavodiga yashirinib, hamma tomondan o‘rab olinganlarga kelsak, «Azovstal»dagi bu ishni yakunlash uchun bizga uch-to‘rt kun kerak bo‘ladi», deya Putinga hisobotini yakunladi Shoygu.
Shundan keyin Putin shturmni bekor qilishga buyruq berdi.
Putin nega «Azovstal»ni qamal qilib egallash fikridan qaytdi?
1-versiya - harbiy qaror
«Azovstal» - sovetlar davrida qurilgan ulkan zavod bo‘lib, uning ostida keng kommunikatsiya tizimiga ega bo‘lgan butun yerosti shahri joylashgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, uning alohida tuzilmalari yadroviy zarbaga ham dosh bera oladi.
Zavod ukrainalik harbiylarning yaxshi tayyorlangan va qarshilikni davom ettirishdan qaytmaydigan yirik guruhi tomonidan mudofaa qilinmoqda. Himoyachilar ixtiyorida qanday qurollar, o‘q-dorilar va oziq-ovqat zaxirasi mavjudligi haqida ma’lumot yo‘q. Ammo shunisi ma’lumki, qamaldagilarda dengizga chiqish imkoniyati va cheklanmagan suv zaxiralari bor (dengiz suvini qaynatib bug‘lantirib ichimlik suviga aylantirish mumkin), qamal sharoitida esa bu oziq-ovqat zaxiralaridan ham muhimroq.
''SCM'' matbuot xizmati / TASS
Bunday mustahkam himoyalangan hududni piyoda bo‘linmalari orqali qamal qilish (boshqa yo‘li yo‘q) natijasi kafolatlanmagan holda haftalab davom etishi mumkin, hujumlar vaqtida esa katta yo‘qotishlar berilishidan qochib qutulib bo‘lmaydi, yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirish esa - katta masala.
Rossiyaning Mariupolga hujumi boshlangan fevral oyi oxiri - mart oyi boshlaridan buyon ukrain harbiylari bu yerda rossiyalik harbiylar va «Donetsk xalq respublikasi»ning katta kuchlarini tutib turibdi - Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yaqinda shahar qamalida dushmanning 10 minglik guruhi (bu shu vaqtgacha halok bo‘lganlar va yaralanganlarni hisobga olmaganda) band qilinganini aytgandi.
Ayni vaqtda rossiyaliklarning Donbass janubida (Gulyaypole - Velikaya Novoselka liniyasi bo‘ylab) hujumi sust bormoqda. Ammo bu yo‘nalishga Mariupolda turgan kuchlar tashlansa, Ukrainaning bu yo‘nalishdagi vaziyati murakkablashishi mumkin.
Shoyguning «Azovstal» atrofi to‘sib qo‘yilgani haqidagi bayonotidan anglash mumkinki, u endi zavod hududidagi ukrain harbiylarini janubiy qanotdagi rus qo‘shinlariga jiddiy tahdid deb hisoblamaydi.
Katta ehtimol bilan, endi Rossiya harbiy qo‘mondonligi qo‘shinlarning bir qismini boshqa yo‘nalishga olib o‘tishni, bir qismi «Azovstal»dagi ukrain garnizonida kuch, oziq-ovqat zaxiralari va qarshilik uchun boshqa resurslar tugaguncha qamalni davom ettirib, zarbalar yo‘llashni davom ettirishini rejalashtirgan.
2-versiya - siyosiy qaror
Britaniya harbiy razvedkasining 19 aprel kungi ma’lumotnomasida shunday deyiladi: «Rossiya Mariupoldagi qarshilikni bostira olmagani va mahalliy aholiga zarar yetkazgan pala-partish hujumlari shundan dalolatki, rossiyalik harbiylar o‘z maqsadiga o‘zlari xohlagani kabi tez erisha olmaydi».
Rossiyaning Mariupoldagi harbiy amaliyoti yakunlanish vaqtini hozir hech kim oldindan ayta olmayapti, vaqt esa kam qolmoqda. CNN telekanali AQSH davlat tuzilmalaridagi manbaga asoslanib xabar berishicha, Putin 9 mayga qadar qandaydir g‘alabaga erishishni istamoqda. Bu sana uning uchun katta ramziy ma’noga ega - bu kunda Moskvada har yili harbiy parad o‘tkazish an’anasi bor va Putin bu kunda «harbiy amaliyot»dagi muvaffaqiyat haqida e’lon qilishni xohlamoqda.
Ammo «Azovstal» shturmi davom etishi hamda tinch aholi va ikki tomondan ham harbiylar qurbon bo‘lishi davom etadigan sharoitda hatto eng sodiq fuqaroni ham Mariupoldagi amaliyot muvaffaqiyatli yakunlanganiga ishontirish qiyin bo‘ladi. Ammo agar zavod hududidagi amaliyotning faol bosqichi «muzlatib qo‘yilib», shahar «ozod etilgani» va anneksiya qilingan Qrimga quruqlik orqali yo‘l ochilgani e’lon qilinsa - g‘alabaning bunday talqini Rossiya jamoatchiligini qanoatlantirishi mumkin.
Boshqa tomondan, «Azovstal» shturmidan voz kechish siyosiy muloqot uchun imkon qoldiradi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Mariupoldagi ukrain himoyachilari o‘ldirilishi Rossiya bilan har qanday muzokaralarga nuqta qo‘yishi haqida ogohlantirgandi: «Bu o‘nta Borodyanka kabi bo‘lishi mumkin».
Kiyevdagilar shahar harbiy yo‘l bilan deblokada qilish imkonsizligini aytib kelmoqda, shuning uchun siyosiy metodlar qo‘llanmoqda - boshqa davlatlar rahbarlari orqali Rossiyaga ta’sir o‘tkazishga harakat qilinmoqda.
Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovichning hisoblashicha, Putin zavodni shturm qilishni to‘xtatishga buyruq berishi amalda rossiyalik harbiylar korxonani egallashga qodir emasligini ko‘rsatadi.
«Putin «rossiyalik soldatlarga qayg‘urishi»ni namoyish etdi. Bu shuni anglatadiki, ular «Azovstal»ni egallashga qodir emas. Ular buni tushunishgan. Ular katta yo‘qotishlarga uchragan. Himoyachilarimiz zavodni qo‘lda tutib turishda davom etmoqda», degan Arestovich payshanba kungi brifingda.
3-versiya - iqtisodiy qaror
«Azovstal» - Yevropaning eng yirik metallurgiya kombinatlaridan biridir.
Urushgacha kombinat yiliga 4 mln tonna po‘lat, 3,5 mln tonna cho‘yan, 1,2 mln tonna prokat temir ishlab chiqargan. «Azovstal» mahsulotlari kemalar, ko‘priklar va neft quvurlari qurishda foydalanilgan. U Ukrainadagi yagona temiryo‘l relslari ishlab chiqaruvchisi.
Janglar vaqtida zavodning ko‘p qismi vayron qilinganiga qaramay, Moskva bu yerda qimmatli nimanidir saqlab qolish to‘g‘risida o‘ylayotgan bo‘lishi mumkin. Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Toshkentda vafot etgan rossiyalik jurnalist ishiga doir qo‘shimcha ma’lumot