Nazarboyev sobiq Ittifoq hududida uzoq muddat davlatni idora etgan rahbar sifatida rekord o‘rnatgan.
Foto: Reuters
Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning maqomi mamlakat konstitutsiyasida mustahkamlanadi. Bu haqda asosiy qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ishchi guruh a’zosi Yermek Abdurasulov ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, birinchi prezidentning mustaqil Qozog‘iston asoschisi sifatidagi xizmati konstitutsiyaviy darajada e’tirof etilishi katta ahamiyatga ega.
Ayni paytda Nazarboyevning maqom-martabasi 2000 yilda qabul qilingan «Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra belgilanadi.
Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnov Nazarboyevga berilayotgan konstitutsiyaviy maqomni o‘q o‘tmas, zirhli nimchaga qiyoslagan.
«Mamlakatning birinchi prezidenti haqidagi mavjud qonun KPSS MQ Siyosiy byurolarini ko‘rgan 81 yoshli patriarxni bir necha yuz kishining o‘limiga olib kelgan yanvar voqealariga aloqadorlik bo‘yicha ayblov va hamlalardan asrashga yetarli bo‘lmay qolgani aniq. Boshqa tomondan, Nazarboyevning yelkasiga «konstitutsiyaviy zirh»ning tashlanishi ikkinchi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Nazarboyevlar oilasi o‘rtasidagi sulh natijasi bo‘lib ko‘rinmoqda. Yaqin-yaqingacha mamlakat siyosiy qiblanamosi ushbu oila vakillari qo‘lida bo‘lib, ular deyarli butun Qozog‘iston iqtisodiyotini nazorat qilar edi», – deb yozadi A.Dubnov.
Tahlilchi Qozog‘istonni ostin-ustun qilgan ommaviy namoyishlar ortidan Nazarboyevlar oilasining yulduzi so‘na boshlaganiga e’tibor qaratadi.
Darhaqiqat, joriy yil fevral oyida Darig‘a Nazarboyeva parlament deputatligini tark etdi.
O‘z davrida Senat raisi bo‘lgan, hatto Nazarboyevning vorisi o‘laroq ko‘rilgan siyosatchi ayolning iste’fo berishi Elboshi oilasining katta siyosatdan chetlatilishiga muqaddima bo‘ldi.
Mart oyida Elboshining jiyani, general Qayrat Sotiboldi davlat xavfsizligiga tahdid solishda ayblanib hibsga olindi.
So‘ng gal kuyovlarga keldi. Nazarboyevning daromadli sohalarni nazorat qilgan kuyovlari birin-ketin lavozimini topshirdi.
Elboshining yaqin safdoshlaridan biri, oxirgi yillarda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi vazifasida faoliyat yuritgan Karim Masimovning qamalishi esa Q.To‘qayevning niyati qat’iy ekanini tasdiqladi.
A.Dubnovning ta’kidlashicha, Elboshi oilasi mansublari katta siyosatdan chetlatilgan bo‘lsa-da, Nazarboyev shaxsi mustaqil Qozog‘iston ramzi sifatida daxlsiz qoladi. Siyosatshunos bu borada Xitoy «dohiy»si Mao Szedun shaxsiyatiga bo‘lgan munosabatni yodga olgan. Xitoyda yangilanish siyosatini boshlab bergan Den Syaopin sobiq rahbari Mao Szedunning ulkan xatolaridan ko‘z yumib, uni zamonaviy davlat asoschisi sifatidagi maqom-martabasini saqlab qolgandi.
Qozog‘istonning sobiq bosh vaziri Akejan Kajegeldin esa Nazarboyevning maqomi asosiy qonun darajasida mustahkamlanishini xato deb atagan. U mazkur masala referendum orqali hal etilish kerak deb hisoblaydi. Sobiq amaldor, ayni choqda, konstitutsiyaga Nazarboyev maqomiga doir o‘zgartirish kiritilishi amaldagi prezident To‘qayevning beobro‘ qilishini ham aytadi.
Nursulton Nazarboyev sobiq Ittifoq hududida eng uzoq muddat davlatni idora etgan rahbar sifatida o‘ziga xos rekord o‘rnatgan. U 1989 yilning 22 iyunidan 2019 yilning 19 martiga qadar – 29 yil, 8 oy va 26 kun birinchi rahbar kursisida o‘tirgan. Prezidentlikdan ketganidan keyin ham muhim lavozim (Xavfsizlik kengashi raisi) va katta vakolatlarni saqlab qolgan. «Chol ket!» degan talablar ostida o‘tgan yanvar namoyishlari ortidan Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini topshirishga majbur bo‘lgan. Noroziliklar davrida Nazarboyev chel elga chiqib ketgani haqida ziddiyatlar xabarlar tarqalgandi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Qatarga qarshi qilish kerak bo‘lgan ishni qilmadik!