Xitoylik olimlar bir qator tajribalar orqali ikki va undan ortiq marta qaynatilgan suvning zarari haqidagi keng tarqalgan ma’lumotlar noto‘g‘ri ekanini aniqladi. Bu haqda Journal of Water and Health xabar berdi.
Bir necha marta qaynatilgan suvning zarari va hatto xavfliligi haqida ko‘plab da’volar mavjud. Suv birinchi marta qaynatilayotganda unda zararli kimyoviy birikmalar hosil bo‘la boshlaydi, agar takroran qaynatilsa, ularning konsentratsiyasi ko‘p marta ortadi, deb ishoniladi. Ba’zi tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, suv hatto «og‘ir» bo‘lib qoladi - go‘yo unda deyteriy vodorod izotopini hosil qiladi. Og‘ir suv odatda yadroviy reaktorlarda ishlatiladi.
Ushbu da’volarni tekshirish uchun xitoylik olimlar suvni qayta-qayta qaynatib, tajriba o‘tkazdilar. Har safar ular suvdan namuna olib, magniy, rux, alyuminiy, temir, xrom, simob, qo‘rg‘oshin, mis, selen, kadmiy, surma, xlor ko‘rsatkichlarini o‘lchadilar, shuningdek, rangi, hidi, shaffofligini, ichak tayoqchasi mavjudligini tekshirdilar.
Ko‘p soatlik sinov va namunalarni tahlil qilish natijalariga ko‘ra, hatto qayta-qayta qaynatilgan suv ham xavfsizlik standartlari doirasidagi ko‘rsatkichlarga ega ekani ma’lum bo‘ldi.
Faqat pH darajasi biroz oshdi - 8,95 gacha (Rossiyada qabul qilingan standartlar - 6,5 dan 8,5 gacha). Bunday suvni ichish xavfsiz bo‘lib chiqdi. Faqat qayta-qayta qaynatilgan suvning ta’mi oddiy suvdan ancha yomonroq ekani aniqlandi xolos.
Olimlarning fikriga ko‘ra, qaynagan suvni sovitib yoki iliq holda ichish jo‘mrakdan oquvchi suvga qaraganda salomatlik uchun foydali. Chunki, qaynatilgan suv patogen mikroorganizmlarni samarali o‘ldiradi va dezinfeksiya vositalari qoldiqlarini kamaytiradi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring