Yosh boshimga yopirilgan g‘alvalardan dovdirab qoldim. Shu paytgacha hayotning faqat oppoq tomonini ko‘rib kelgan ekanman. Endi esa uning qora ranglarini ham ko‘rishga majbur bo‘lyapman. Eng yomoni, bu qoraliklarni menga o‘z yaqinlarim, ishonganlarim ko‘rsatishdi. Shundan keyin bolalagimda men uchun tushunarsizdek tuyulgan ayrim voqea va hodisalarga ham aniqlik kiritilgandek bo‘ldi. Odamning ko‘zi moshdek ochilganidan keyin tushunmovchiliklarning barchasi barham topsa kerak...
Hikoyam tushunarli bo‘lishi uchun gapni hayotimning oq tomonidan boshlasam. Oilada to‘rt qizmiz. Dadam esimni bilganimdan buyon rahbar lavozimlarda ishlaganlar. Onam esa uy bekasi. Ro‘zg‘orimizda kamchilik bo‘lmasa-da, onam negadir qisinib-qimtinib yurardi. Biz — qizlar sho‘xlik qilib, ba’zida onamga “Nega sira bo‘yanib-yasanmaysiz?” deb o‘zimizcha stilistlik qilib, onamni sochlarini turmaklab, bo‘yantirib qo‘yardik. Onam kun bo‘yi quvonib shu tarzda yurardi-da, dadam ishdan kelar vaqti bo‘lganda yuzini yuvib, boshiga ro‘molini o‘rab olardi. Lekin onam soddagina bo‘lgani bilan bizga o‘ta qattiqo‘l edi. Hammamiz maktabda “a’lo” baholarga o‘qirdik. Maktabda bizning oilani hamma maqtardi. Lekin dadam o‘qishni davom ettirishimizga qarshi edi. Opamning shifokor bo‘lish orzusi bor edi, lekin dadam gapiga quloq ham solmadi va turmushga berib yubordi. Opamdan keyin menga ham sovchilar kela boshladi. Liseyni tugatay deb yalinib-yolvorib, dadamni zo‘rg‘a ko‘ndirdim. Bo‘lmasa, meni ham uzatib yubormoqchi bo‘lishgandi. Liseyga eng yuqori ball bilan kirganman, jamoat ishlarida ham faolligim uchun hech bir tadbir mensiz o‘tmaydi. O‘qituvchilarim o‘qishni davom ettirishimni istab, buni onamga ham aytishgan. Onam esa “dadasi qo‘ymaydi” deb gapni qisqa qilardi. Yaqinda liseyimizda shahar hokimi va boshqa martabali mehmonlar tashrif buyurishgan bir tadbirida boshlovchilik qildim va tadbir tugagach, sahnaning zinasidan yiqilib tushdim. Oyog‘im shishib, uch kun shifoxonada yotishimga to‘g‘ri keldi. O‘sha kunlarning birida bir yosh ayol meni ko‘rgani keldi. Tanimaganim uchun ajablandim. U esa o‘zini Sabohat deb tanishtirdi va dadam bilan birga ishlashini, mening kasalxonada yotganimni eshitib, atayin ko‘rgani kelganini aytdi. Qimmatbaho atir hidi ufurib turgan, sochlari chiroyli turmaklangan, o‘ziga yarashgan libosi qomatiga chippa yopishgan ayolning husniga havasim keldiyu, lekin negadir ko‘nglim xira bo‘ldi. Bu chiroyli ayol har kuni dadamning ko‘z o‘ngida yurishini o‘ylab, o‘zimning sodda, kamsuqum onam bilan qiyoslab dadamni qizg‘andim. Ayol ertasi kuni yana keldi. Bu safar ham tansiq taomlar, shirinliklar keltirdi. Bir marta bo‘lsa, onamga aytmay qo‘ya qolardim, ammo ikki marta kelgani va hali yana xabar olaman degani g‘alati tuyulib onamga og‘iz ochdim. Onam “Sabo keldimi?” dedi g‘alati bo‘lib.
— Ie, siz u ayolni taniysizmi? — dedim hayron qolib.
— Ha... yaxshi tanishmasmizu, bir-ikki ko‘rganman, — dedi onam ovozi titrab. Keyin shifokorlardan iltimos qilib meni shifoxonadan olib ketdi. Nazarimda, onam u ayol bilan boshqa uchrashishimni istamayotgandek edi. Shu voqeadan keyin ko‘p o‘tmay, dadam onamga “Qizing o‘qishini yig‘ishtirsin, direktori bilan o‘zim gaplashaman, o‘qishga bormasa ham bo‘ladi, qiz bola o‘qiyman deb ko‘cha-ko‘yda daydib yurishini istamayman”, debdi. Bu gapni eshitib rosa yig‘ladim. Biroq oyog‘im tuzalgach, baribir o‘qishga bordim. O‘sha kuni tushdan keyin o‘qishdan qaytayotib, svetaforda turgan tanish mashinaga ko‘zim tushdiyu, muzlab ketdim. Dadamning xizmat mashinasi rulida haydovchi Sardor akaning o‘rnida dadam o‘tirar, yonida esa Sabohat opa...
Ko‘zim tinib ketdi. Xayolimdan yomon fikrlarni haydash uchun ish yuzasidan biror joyga borishayotgandir, deb o‘yladim. Lekin Sabohat opa dam-badam mehr bilan dadamning yuzini silab qo‘yayotganini ko‘rganimdan keyin hammasini tushundim. O‘sha kuni uygacha yig‘lab bordim. Ostonadan o‘tishim bilan onamga baqirdim:
— Siz bilgansiz! Dadam Sabo bilan yurishini bila turib indamagansiz!
Onam avvaliga gap nimadaligini tushunmay turdiyu, keyin sekingina «Sen aralashma! Bu sening ishing emas, shang‘illamasdan xonangga kir, singillaring bilmasin», dedi. Onamning dard to‘la ko‘zlariga qarab nafasim ichimga tushdi. Xonamga kirib yig‘lay-yig‘lay uxlab qolibman. Kech kirganda g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozdan uyg‘onib ketdim, quloq solsam dadam bilan onam oshxonada janjallashayapti.
— Uni men emas, sen yashirgansan! Endi qizlaringga o‘zing tushuntir! Ajrashib ketmaganimga shukr qilsang-chi!
Bu gaplarni eshitib quloqlarimga ishonmadim. “Shu mening dadammi? Nahotki dadamning boshqa oilasi bo‘lsa? Eng yomoni, buni onamga ochiqchasiga aytganu, onam ko‘ngan bo‘lsa?” Bu narsani qabul qilish men uchun qiyin edi. Onam sho‘rlik necha yildan buyon xiyonatga chidab kelayotgan bo‘lsa? Nega? Qaysi aybi uchun”.
Xuddi shuni kutib turgandek, dadam savolimga javob bergan kabi onamga dedi:
— Tuqqaning nuqul qiz bo‘lsa, seni deb do‘stu yorimning yonida boshim egilib yashashim kerakmidi? Axir, o‘zing «mayli, o‘g‘il tug‘ib beradiganiga uylaning» demaganmiding?
Bu gapdan keyin ustimdan sovuq suv quyilgandek bo‘ldi. Demak, dadam bizni farzand o‘rnida ko‘rmagan ekan-da, deb o‘yladim.
Onam esa: “Men bir narsa dedimmmi? Faqat, iltimos, qizlaringiz bilmasin”, dedi siniq tovushda.
— Haliyam, “qizlarimni uzatib olgunimcha ajrashmang” deb yalinganing uchun, chidab yuribman. Buni bila turib, qizlaringni tezroq-tezroq uzataylik desam, o‘qisin deysan... Sabo to‘g‘ri aytadi, “sen vaqtni cho‘zsam, fikridan qaytadi”, deb o‘ylayapsan. Xomtama bo‘lma!
Bu janjalning davomini eshitgim kelmay quloqlarimni bekitdim. Men oila deb ishongan, suyangan, muqaddas bilan narsa sarob bo‘lib chiqdi. Bir zumda hayotim gugurt qutisidan qurilgan o‘yinchoqdek ostin-ustin bo‘lib ketdi. Endi qanday yashashni bilmay qoldim. Onamga baqirganimdan pushaymon edim. Ertalab hech narsa yuz bermagandek (onamga achinganimdan) o‘qishga yo‘l oldim. Darsda ham ichimdagi tug‘yonni bosolmay titrab-qaqshab o‘tirdim. Qulog‘imga hech kimning gapi kirmasdi. Darsdan chiqib uyga yo‘l olganimda lisey ko‘chasida kimdir otimni aytib chaqirdi.
O‘girilsam qarshimda chiroyli jilmaygancha Sabohat opa turardi. Kutmaganim uchun salom berishni ham unutib unga qarab turaverdim. Chiroyli yuziga tarsaki tortib yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiydim. Indamay yo‘lga tushdim, u esa menga ergashdi.
— Sen aqlli qizsan, dadangni to‘g‘ri tushunasan deb o‘ylayman. Dadangga qiyin paytda dalda bo‘lganman, taqdir ekan, qo‘limizdan nima ham kelardi...
— Dadamni tushunganingiz yaxshi, onamni ham tushunasizmi? — dedim ko‘zlariga tik qarab.
U bir zumga o‘zini yo‘qotdiyu, keyin darrov qo‘lga oldi:
— Kattalarning gapiga aralashmaganing yaxshi... Istasang, sen bilan o‘rtoq bo‘lishimiz mumkin. Xohlasang, menikiga mehmonga borib tur, meni ikkinchi ona sifatida qabul qilsang xursand bo‘lardim.
Uning muloyim gapidan dovdirab qoldim. Onamning siniq ovozda mulzam bo‘lib gapirishi ko‘z o‘ngimdan o‘tib yana g‘azabim qo‘zidi:
— Nega menga ona bo‘lmoqchisiz? O‘zingizning bolalaringiz kamlik qilyaptimi?
Chiroyli opaning rangi oqarib ketdi.
— Sen ham onangga o‘xshab, pismiq, zahar ekansan-ku! Endi ko‘rasan mendan, — dedi va yugurgilab ketib qoldi.
Uning nega birdan o‘zgarganini tushunolmay qotib qoldim. Asl basharasini ko‘rsatishiga qaysi gapim sababchi bo‘ldi ekan, deb o‘ylay boshladim. Uyga kelganimdan keyin bor gapni onamga gapirib berdim.
— Uning farzandi yo‘q, shuning uchun gaping yomon ta’sir qilgan. Dadangga sizga qo‘sha-qo‘sha o‘g‘il tug‘ib beraman deb va’da qilib, boshini aylantirib olgan. Seni shunga shama qilyapti deb o‘ylagan-da... — dedi onam xo‘rsinib.
Bu xabarni eshitganimdan keyin dadamning xatti-harakati mantiqsizdek tuyula boshladi. Chunki onamga «faqat qiz tug‘ding» deb ajrashmoqchi bo‘lgan odam nega unda farzand ko‘rolmaydigan ayol bilan yashab yuribdi? Balki bu onamning ko‘z yoshlari uchun jazomikan? Xayolimga kelgan fikrdan qo‘rqib ketdim.
Sabohat opa bekorga tahdid qilmagan ekan. Dadam ertasi kuni uydan chiqib ketganicha, mana, yarim yildirki, qaytib kelmayapti. Singillarim dadamni so‘rab yig‘laganda ezilib ketaman.
Shu voqeadan keyin odamlarga ishonchim qolmadi. Bundan bu yog‘iga qanday yashashni bilmayapman...
Dilfuza SOBIROVA
Manba: darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Respublikada bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxslarning ro‘yxati shakllantiriladi
Lukashenko agar norozilik namoyishlari bo‘lsa, Belarusda internetni butunlay “uzish” bilan tahdid qildi