Nafaqat Amerika adabiyoti, balki dunyo badiiy so‘z san’atida o‘z o‘rniga ega va o‘z so‘zini ayta olgan Ernest Xeminguey «Chol va dengiz» asarini yozganida 51 yoshda edi. Gipertoniya va ateroskleroz kasalligi adib sog‘lig‘iga xavf solsada, u oddiy obrazlar va oddiy jarayon tasviri orqali kelajakka umid tuyg‘ularini aks ettira oldi.
Quyma so‘z oqimi, hech qanday g‘alizliklarsiz, tahrir talab qilmas asar ikki oy ichida yakuniga etdi. Obrazlar sodda, shu bilan birga, o‘z zimmasiga hayotiy haqiqat va tuyg‘ularni yuklab olgan.
Hayot shunday jarayonki, baxt o‘rnini baxtsizlik, omad o‘rnini mag‘lubiyat sanoqli soniyalarda egallashi mumkin. Ammo insonni hayotda ishonch ushlab turadi. Inson o‘zligini anglabdiki, o‘z oldiga maqsad qo‘yadi va o‘z kuchiga ishonib ish ko‘radi. G‘ayrati so‘nmas, charchoq nima ekanligini bilmas vaqtlarda hammasi oson tuyuladi. Ammo keksalik chog‘larida kishi o‘zi va o‘zgalar bosib o‘tgan yo‘l tajribasiga ko‘proq suyanadi. Shuning barobarida o‘ziga bo‘lgan ishonchi bir qadar sustlasha boshlaydi.
«Chol va dengiz» asarida aynan o‘sha — inson o‘z hayotida yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqadigan tuyg‘ular — UMID va IShONCh haqida so‘z boradi.
***
Baxt degan narsa odam bolasiga turlanib keladi, uni bilib bo‘larmidi? Boringki, men qanday bo‘lib kelmasin, o‘zimga jindakkina baxt olgan bo‘lardim va uning evaziga nima so‘ramasinlar, ikki qo‘llab baxsh qilardim…
***
Dog‘lar cho‘zilib gardanigacha tushgan, yirik baliqlarni tortib olayotganda, chizimchalar o‘yib yuborgan qo‘llarida chuqur chandiq izlari ko‘rinardi. Ammo bu izlar ichida yangisi yo‘q, hammasi ham uzoq suvsizlikdan qaqrab yotgan biyobon darzlari singari ko‘hna edi. Cholda nimaiki bor bo‘lsa, bari ham eski, faqat dengiz tusini olgan moviy, mardona odamlarnikiga xos quvnoq ko‘zlari bundan mustasno edi…
***
Itoatkorlik ruhi qachondan boshlab o‘z qalbida qo‘nim topgani ustida bosh qotirib o‘tirmoqlik uchun chol benihoya soddadil edi. Ammo u o‘zining itoatgo‘y bo‘lib qolganini va bu itoatdan u o‘z nomusi, insonlik qadr-qimmatini yo‘qotmaganligini bilar edi…
***
Bir narsa ikki marta hech qachon qaytarilmaydi…
***
— Haqiqatan ham avvalgi kuching bo‘lsa, dunyoda sen eplolmaydigan baliq topilmasa kerak…
— Balki ilgarigi kuchim qolmagandir. Lekin menda g‘ayrat bor, chidamim ham etarli…
***
— Men uchun qarilikning o‘zi qo‘ng‘iroq soat. Chollar nega juda barvaqt turisharkin-a? Nahotki, buni qolgan umrlaridan bir kunini bo‘lsa ham cho‘zish niyatida qilishsa?
— Bilmadim. Faqat shuni bilamanki, yoshlar qattiq va ko‘p uxlashadi…
***
Chol qushlar va ayniqsa, betinim oziq axtarib uchgan, ammo deyarli hech qachon uni topolmaydigan jimit va nozik dengiz qaldirg‘ochlariga achinib ketar va qushlar turmushi, qirin-qora va katta, kuchli qushlarni hisobga olmaganda, bizning kun kechirishimizga qaraganda ham juda og‘ir. Okean gohida shu qadar ham berahm bo‘lar ekan, nima uchun qushlarni mana bu dengiz qaldirg‘ochlari singari nozik va shikasta qilib yaratganlar. Okean saxiy va go‘zal, ammo u goho to‘satdan shunday shaf-qatsiz bo‘lib ketadiki, uning ustida oziq ilinjida charx urib sho‘ng‘ib, ojiz va mungli ovoz bilan bir-birlariga jo‘r bo‘lib uchgan bu qushlar unga nisbatan benihoya zaif va mo‘rt ko‘rinadi…
***
Har kunning o‘z taomili bor. Albatta, kishining ishi yurishib turganiga nima etsin. Ammo men o‘z ishimning puxta bo‘lishini ma’qul ko‘raman, baxt kelgan chog‘da, uni kutib olmoqqa tayyor turaman…
***
Endi faqat bir narsa ustida bosh qotirish kerak. Gap mening nima uchun tug‘ilganim ustida boradi…
***
O‘zi ham baliqmisan baliq ekan. Endi men uning o‘zida qanday kuch yashiringanini bilib olishiga yo‘l qo‘ymayman, — deb o‘ylardi u. — Agar juftakni rostlab qoladigan bo‘lsa, meni nima ko‘ylarga solishi mumkinligini unga bildirish kerak emas. Uning o‘rnida men bo‘lganimda, yo o‘lish, yo qolish deb, to o‘pka tushguncha olg‘a siljigan bo‘lardim. Ammo, ming qatla shukurki, baliqlar o‘zlarini qiruvchi odamlar singari aqlli emaslar; vaholanki, ular bizga qaraganda ham epchil, ham olijanobroqdirlar…
***
Garchi adolatdan bo‘lmasa-da, — fikran davom etdi u, — men odam bolasining nimalarga qodir ekanligi va nimalarga dosh berib, chidashi mumkinligini ko‘rsatib qo‘yaman…
***
Kishini benihoya hayratga soladigan ajoyib qushlar va hayvonlar oldida odam bolasi — nima degan gap o‘zi. Men hozir shu tobda, huv o‘sha dengiz tubida suzayotgan maxluq bo‘lib qolishni istar edim…
***
…dunyoda osonlik bilan bitadigan ishning o‘zi yo‘q.
***
Tasavvur qilib ko‘rgin-a, odam uzzukun oyni bo‘g‘izlashga harakat qilib yursa! Oy bo‘lsa, undan qochib ketadi. Bu ham mayli-ya, agar odamga har kuni quyoshni ovlashga to‘g‘ri kelib qolganda, nima bo‘lardi? Yo‘q, nima desang ham bizning toleimiz bor, deb o‘yladi u…
***
Ammo inson bolasi yengilib, yengilganiga rozi bo‘lib ketaverish uchun yaratilmagan, — dedi u. — Odamzodni yanchib tashlash mumkin, lekin uni engib bo‘lmaydi…
***
Umidsizlik — halokat, — deb o‘ylardi u. — Buning ustiga, fahmimcha, umidsizlik hatto — gunoh. Nima gunohu nima gunoh emas, deb bosh qotirib o‘tirishning hojati yo‘q. Busiz ham dunyoda boshni qotiradigan narsalar to‘lib-toshib yotibdi. To‘g‘risini aytganda, men gunoh bo‘lgan narsalarni yaxshi tushunmayman…
Manba: Mulohaza.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi