20:38 / 17.08.2017
11 332

"Fotiham buzildi, sovchi kelmayapti, nahot oilali erkak taqdirim bo‘lsa...?"

"Fotiham buzildi, sovchi kelmayapti, nahot oilali erkak taqdirim bo‘lsa...?"
— Yigirma ikki yoshdaman. Opam bilan oramizdagi farq ikki yil. Dadam doim «Ikkalangizni teng uzataman», deya hazillashardi. Men o‘qishdaligimda opamga sovchilar keldi. Bir kuni dadam qo‘ng‘iroq qilib, to‘y boshlashganini aytdi. Tabrikladim. Keyin esa meni ham uzatishayotgani haqida so‘z ochdi. Doimgidek hazil aralash javob berdim. Dadam buni rozilik alomati deb tushunib, meni unashtirib qo‘yibdi. O‘shanda o‘n sakkiz yosh edim.

Tish-tirnog‘im bilan to‘yga qarshilik qila boshladim. Aksiga olib, bo‘lajak kuyov tomon barcha sarpo-suruqlarni jo‘natib, to‘yni tezlashtirish tashvishiga tushib qolishdi. Dadam yaxshi gap bilan ham, qattiqqo‘llik bilan ham meni ko‘ndirishga harakat qildi. Ammo qaysarlik bilan to‘yni to‘xtatdim. Axir yosh edim, tag‘in ko‘nglim yo‘q odamga turmushga chiqishni istamasdim. O‘shanda dadam «Endi senga ajrashganlar og‘iz soladi», deya aytgandi. Mana, oradan to‘rt yil o‘tdi. Shu vaqt mobaynida hech kim meni so‘rab eshik taqillatib kelmadi. Sevgi izhor qiladigan yigitlar bor, biroq hech biri uyimizga sovchilarini jo‘natmaydi. Nari borsa, mahalladan surishtirib ketishadi.

Alam qiladigani, oxirgi paytlarda sochiga oq oralaganlar ham gap otadigan bo‘lgan. Engiltak qiz bo‘lmasam, nega menga bunday munosabat bildirishadi? Uch oy oldin esa o‘zimdan o‘n bir yosh katta inson bilan tanishib qoldim. Ishining tayini bor, bosiqqina, yaxshi odam. U menga uylanmoqchi. Biroq o‘z oilasi, ikki bolasi bor. Men oilali erkakka turmushga chiqolmasligimni qancha tushuntirmay, u ahdida turib olgan. Onam bu gapni eshitsa, adoyi tamom bo‘ladi. Shundoq ham ota-onamning va yana ko‘pchilikning diliga qaysarligim sabab ozor etkazdim.

Nahot mening taqdirim oilali yoki ajrashgan inson bilan bog‘lansa? Dadamning aytgani haqiqatga aylansa? Bir tomonda tezroq turmushga chiqishim ham kerak. Bizda qizlarni juda yosh uzatishadi. Dugonalarimning allaqachon bolalari bor...

Dilnoza

Otasining majburloviga qarshi tura olgan qizning bugun ruhi singan. Endi aybdorlik hissi va qo‘rquv uni qiynayapti. Ruhshunos Shahnoza XALILOVA bilan mavzuni tahlil qilib, Dilnozaning vaziyatiga o‘xshash holatdagi qizlarga yo‘l ko‘rsatishga harakat etamiz.

Avvalo...

Qiz bolani turmushga berish telefonda hal qilinadigan masala emas. Bu o‘rinda ota farzandi taqdiri ustidan osongina hukm chiqargan. Biroq Dilnozaning fe’liga xos biroz shaddodlik va qaysarlik bu hukmga qarshi jur’at paydo qilgan va u to‘yni to‘xta olgan. Xo‘sh, buning nimasi fojea? Dilnoza, gap fotihangizni buzganingizdamas, undan keyin ruhingizni sindirishganida. Ota-ona qachon bolasiga qattiq gapiradi? Uning ovozini o‘chirish, xarxashasiga nuqta qo‘yish, o‘zining aytganini qildirish uchun. Aytganga ko‘nmaydigan, o‘z bilganidan qolmaydigan bolalar esa, albatta, jazolanadi. Jismoniy jazo berilmasa, qo‘rqitiladi. Sizda ham shunday bo‘lgan. Dadangizning «endi baxting ochilmaydi» qabilidagi bashoratidan qo‘rqib qolgansiz va to‘rt yildan buyon xavotirdasiz. Chunki o‘zingizni aybdor sanaysiz. «Ota-onamni norozi qildim, bir yigitning ko‘nglini sindirdim, odamlarga gap-so‘z bo‘ldim» — mana shu fikrlar miyangizga chuqur o‘rnashib olgan. O‘n sakkiz yoshingizda bugungi kunga qaraganda o‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz yuqoriroq bo‘lgan. Endi esa o‘sha paytdagi jur’atdan asar ham qolmagan.

O‘zingizni jazolamang
«Endi ajrashganlardan sovchi keladi» — otangizning bu gaplarini jazo deb qabul qilgansiz. Ong ostingizda qarg‘ish, albatta, bir kun haqiqatga aylanadi, degan vahima bor. Shu sabab ham sochiga oq oralaganlar paydo bo‘layapti yo‘lingizda. Ya’ni siz faqat ularni ko‘rayapsiz va qo‘rquvingiz o‘z isbotini topayapti. Dilnoza, siz o‘zingizni o‘zingiz jazolayapsiz. O‘n sakkiz yoshimda katta xato qilganman, degan o‘y tufayli uylanmagan yigitlarni ham o‘zingizdan uzoqlashtirayapsiz. Bir haqiqatni tushuning, muammo sizga qarmoq nazar tashlayotganlar, sevgi izhor qilib, uylanishni xayoliga keltirmayotganlar yoki qo‘ni-qo‘shningizdamas, sizning miyangizda. Miyangizni dasturlashtirib qo‘ygansiz: «Fotiham buzildi, otam qarg‘adi, yigitlar og‘iz solmaydi, ajrashganlargina menga uylanishi mumkin, yoshim ham o‘tib ketayapti». Mana shu dasturni o‘zgartirib, aybdorlik hissi va qo‘rquvdan xalos bo‘lmas ekansiz, hayotingiz shu tarzda davom etaveradi. Otangizni ham ayblayvermang. Balki u ham o‘zini aybdor sanab yashayotgandir. Shuning alamidan o‘tgan voqeani eslataverar.

Boshqalarning fikri
Yodda tuting, biz o‘zimiz haqimizda qanday o‘ylasak, boshqalar ham shu fikrda bo‘lishadi. To‘g‘ri, toki siz bilan yuzma-yuz kelishguncha o‘zicha nimalardir deb o‘ylashlari mumkin, ammo bir-ikki suhbatdan keyin ularda qanday taassurot qoldirish, xulosasini o‘zgartirish o‘z qo‘lingizda.

Dilnoza, sizga kimdir yengiltaksan deyaptimi? Yoki ota-onangiz to‘rt yil odingi qaysarlingizni yuzingizga solayaptimi? Bunday munosabatlarga munosib javob qaytarish uchun o‘z ustingizda ishlab, o‘zingizni qo‘lga olib, o‘zingiz haqingizda xulosalaringizni o‘zgartirishingiz shart. Tushuning, boshqalarning fikrini o‘zgartirishning iloji yo‘q, faqat o‘zimizni o‘zgartirish orqaligina buning uddasidan chiqa olamiz.

Ajrashgandan sovchi kelsa....
Ko‘pchilik qizlar uylanib ajrashgan yoki xotini vafot etgan insondan sovchi keldi, deya tushkunlikka tushib qolishadi. Nega deb o‘zidan kamchilik, nuqson izlay boshlashadi. Bu noto‘g‘ri. Yoshdani tafovut, fotihaning buzilgani, sevgan yigiti bo‘lgani, odamlarning gaplari, ota-onasining mavqei — bularning hech biri muhim emas. Siz o‘zingizni kimga mos ko‘rasiz, hamma gap ana shunda!

Aslida, ajrashgan kishi bilan oila qurish baxtsizlik degani emas. Ajrashgan erkak yomon, unga turmushga chiqadigan qiz yengiltak bo‘ladi, deya xulosa qilish xato. Bu — hayot, u kutilmagan voqealarga, mo‘’jizalarga boy. Tanlov o‘z qo‘lingizda, yoshi katta erkakka yoki oilasi buzilgan kishiga turmushga chiqish-chiqmaslikni o‘zingiz belgilaysiz.

Oilali erkakning taklifi
Bu o‘rinda qo‘rquvingiz «Onam adoyi tamom bo‘ladi», «Gunohimning jazosini tortayapman», «Dugonalarim oilali, men esa hamon yolg‘izman» tarzida bo‘y ko‘rsatayapti. Sizning bu odamga maylingiz bor-yo‘qligi bizga qorong‘u. Rad qilishingiz zamirida esa ta’kidlaganimizdek qo‘rquvlaringiz yotibdi. Biroq nega yigirma ikki yoshingizda, hali butun hayotingiz oldinda turganda kundoshlik azobiga ko‘nishingiz kerak? Dugonalaringizga tezroq etib olish uchunmi? Yoki menga tuzuk joydan sovchi kelmaydi, chunki otam shunaqa degan farazingiz sababmi? Keling, oilali erkak bilan turmush qurish savdosining o‘ziga yarasha tomonlarini ko‘rib chiqamiz.

*U sizga uylanishi mumkin, ammo qonunan xotini bo‘lolmaysiz. Demak, hech qanday huquqingiz himoyalanmagan.
*Uning ota-onasining xizmatini qilmaysiz, ammo ularning oldida hech qanday o‘rningiz ham bo‘lmaydi. Siz na kelin sanalasiz, na o‘g‘illarining xotini.
*U bilan farzand ko‘rishingiz mumkin, biroq yolg‘iz onalik mas’uliyatiga tayyor turing. Bolaga familiyasini bergan taqdirda ham otalik vazifalarini to‘liq ado etolmaydi. Uning o‘z asosiy oilasi, farzandlari bor. Besh yil, o‘n yil, yigirma yildan keyin ham bolangizga otalik qilishga esa hech kim kafolat berolmaydi.
*Unga, ya’ni birinchi oilasini qadrlamagan erkakka rozilik berish, bu juda katta tavakkal degani. Ertaga nima bo‘ladi, hech kim bilmaydi. Uni omad tark etib, ishlari orqaga ketsa, sizdan ham yuz o‘girishi mumkin. Doim «Tashlab ketsa-chi» degan hozirgidan-da kuchli xavotir ichida yashashingizni ham inobatga oling.

Biz hali ayollik baxti, atrofdagilarning munosabati, ota-onangizning yuzi haqida gapirmayapmiz. Shunchaki jazo tariqasida bu taklifni qabul qilmasligingizga asos bo‘ladigan ayrim omillarnigina sanayapmiz.

«Yoshim o‘tib qolayapti...»

Yo‘q! Hech qachon baxtli bo‘lishga kech emas! O‘ttizida oila qurib, baxt qasrining malikasiga aylanganlar qancha? Qirqida haqiqiy baxtini uchratganlar ham bor. Bir bor turmushidan kuyib, ikkinchi oilasi bilan shirin hayot kechirayotganlar ham yo‘q emas! Siz esa yigirma ikki yoshdasiz. Shoshishga esa hojat yo‘q!

Chin dildan qilingan niyatlar ijobat bo‘ladi, deyishadi. Niyatni yaxshi qiling, hammasi yaxshi bo‘ladi.


Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Fotiham buzildi, sovchi kelmayapti, nahot oilali erkak taqdirim bo‘lsa...?"