12:04 / 20.12.2017
8 995

Sevgilim

Sevgilim
Ohista xonaga kirdim. Kichkinagina qishloq kulbasi qorasoch tul ayol qiyofasida edi. O‘choqboshida soya ko‘zga tashlanardi. Tirsagingni qo‘lingga tirab, boshingni qo‘llaring orasiga olib olovga tikilgancha o‘yga botganding.

O‘sha kuni oqshomga qadar yomg‘ir yoqqan va biz yomg‘ir ostida ho‘l bo‘lgunimizcha sayr qilgandik. Yelkamizga qalin yomg‘irpo‘sh tashlab olganimizga qaramay, ust-boshimiz jiqqa ho‘l bo‘lgan, otlar ustidan tuman chiqardi. G‘ildiraklar suv ichida aylanar, qir-adirlarda, butun daralar suv ichida qolgan, har tarafdan sel suvlari oqar, kichik kichik ko‘l va irmoqlarni kechib borardik.

Seni sovqotayapsan deb o‘ylab ahvolingni so‘rganim senga xush yoqar, bundan mamnun bo‘larding.
Faqat hozir olov qarshisida kiyimlaringni almashtirib, isinayotganingda seni yana o‘sha menga sababi noma’lum qayg‘uga botganingni ko‘rdim.

Ohista yaqinlashdim. To‘satdan qalqib ketding:
— Meni qo‘rqitding!- deding.
— Nega, sevgilim?
— Ko‘zim ilinibdi chog‘i.
— Kiyimlaringni almashtirdingmi?
Yaxshiyam, bu qalin choyshabni olgan ekanman, yo‘lda savatga qaramabmiz, ichidagi hamma narsa ho‘l bo‘libdi.
Chindan ham hamma narsani quritish uchun olov atrofiga yoyib qo‘ygandi.

Charsillab yonayotgan olovning soyasi etaginga soya solardi. Bir tola soching o‘rimdan ayrilib qolib, yuzinga tushgan edi. Nihoyatda go‘zal eding, juda go‘zal eding. Bilmadim, qaydandir mening ham ko‘nglimga qayg‘u cho‘kdi. Yerga cho‘kib sening yoningda boshimni tizzamga qo‘yib o‘tirishni istadim. Lekin sen negadir tashqariga chiqishni istading va mening yolvorishlarimga parvo qilmading:
— Havo salqin, sevgilim, kunduzi ho‘l bo‘ldik. Sovqotasan, qara quyosh ham botgan. Qo‘llaring muzlab yotibdi. Yer loy, hamma yoq suv bo‘lib yotibdi,- deb seni ko‘ndirishga urindim.

— Yo‘q, sovqotmayman. Soy bo‘yigacha boraylik. Men yomg‘irdan keyin qirlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘raman,- deya zorlanding. Boladay zavqli, beg‘ubor holatda eding, menga bu holatinga qarshi bir nima qilolarmidim, sevgilim?!
Yomg‘ir tinganiga uch-to‘rt soat bo‘lgandi. Endi yo‘llardan arava g‘ldiraklari izidan ariqchalar oqmasdi. Oyoq ostidagi kichik-kichik ko‘lmakchalar yaltirab ko‘rinardi.

Quyosh botgan, kamalak uzaygan, tiniq bulutlar orasida samo oltin ranglari porlab, soydagi turg‘un suvda akslanar, uzun qamishlarning soyasi suvda go‘zal manazara kasb etgandi.

U tarafda, ufq ustida bir qishloqning, bo‘yoqlari o‘chib, devorlari ko‘chib ketgan, uzoqdan qaraganda kulohga o‘xshab ko‘rinadigan otxonalar, osmon ostida kulrang, quyuq tuman ichidagi viqorli tog‘lar sukunatli juda ajoyib manzara edi.

Bu Bulg‘or qishlog‘ini juda sevarding. Qalbingni butkul zabt etgandi. Har doim soy bo‘yiga chiqib atrofni kuzatmoqchi bo‘lganimizda, ko‘zlaring o‘sha tomonga qadaladi. O‘y-xayollaring boshingni chulg‘ab, ruhingga mahzunlik cho‘kardi.

Tez-tez o‘sha tomonga ketarding. Qishloq ayollari seni yaxshi ko‘rardi. Bolalarni o‘qitadigan yosh Bulg‘or qizi qadrdonlarcha kelib, seni quchardi. Bu qadar seni bu qishloqqa yaqinlashtirgan, bog‘lagan robita nima edi? Hech narsa so‘ramasdim. Faqat shu so‘roq-savol yuragimni o‘rtardi.

Sevgilim! Oqshom qanchalar go‘zal, soy qanchalik yorqin va turg‘un. Yomg‘irdan keyin ovulning sukunatini faqatgina itlarning ovozi buzardi. Yonimda turarding. Yuzinga qarolmasdim. Lekin allanechuk his bilan ikki tomchi ko‘z yoshing go‘zal yonog‘ingdan dumalab tushganini his qildim. O‘sha lahza o‘girilib yuzinga boqsam derdim. Ammo totli xayollaringni to‘zg‘itadigandek, go‘zal tushdan uyg‘otib yuboradigandek cho‘chidim. Odatdagidek butkul sen bilan mashg‘ul bo‘lib, toshday qotib qoldim.

Sevgilim! Odatdagidek, erkaladim. Chunki sen mening shirin xayolim eding. Seni faqat ruhim bilan his qilardim. Qachon senga qo‘limni uzatsam, ruhing to‘lqinlanardi. Qo‘llarim orasida faqat shirin bir vujud ko‘rardim.

Nimani o‘ylading, sevgilim, nega kulding? Lablaringdan totli tabassum uchdi:
— Nega bunchalik mahzunsan?- deganimda har doim bir xil javob:
— Hech nima...- deb javob bo‘ladi va so‘ng mahzun tabassum bilan boladek zavqlanib “ Meni sevasanmi?” deb so‘rading. Men esa bu savolga javob berolmasdim. Chunki seni qanchalik sevishimni bilmasdim...
Turk tilidan Umida ADIZOVA tarjimasi

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sevgilim