18:00 / 04.02.2018
5 340

Men jodugarman

Men jodugarman
— Bolaligimda o‘zimdagi Xudo bergan qobiliyatdan juda qo‘rqardim, — deydi ijevsklik Marina Fedorova. — Lekin bora-bora bunga ko‘nikib ham ketdim. Odamlarga yaxshilik qilish baribir yaxshi-da!..

TO‘LIN OYNING ChO‘RISI
Marina o‘n ikki yoshligida bir narsani aniq sezdi. U oy to‘lib chiqqan kechalargina uxlayolmay qiynalib chiqadigan bo‘lib qolibdi. Boshqa kunlari yaxshi uxlaydi. Faqat oy to‘lgan kechalar, garchi osmonni qora bulut qoplab tursa-da, uyqusi qochadi, qornidan pastrog‘ida og‘riq paydo bo‘ladi. Uyqu dorisi-yu, tinchlantiruvchi dorilarning birontasi yordam bermaydi.

Ota-onasi avvaliga e’tibor qilishmadi. Lekin bir kecha qizaloq to‘satdan o‘rnidan turdi-da, negadir derazani ochib o‘zini tashqariga otishga urinaverdi. O‘sha mahal uxlayotganmidi-yo‘qmi, eslay olmaydi. Ishqilib, onasi zo‘rg‘a ushlab qoldi. Ertasigayoq uni do‘xtirga olib borishdi. Foydasi bo‘lmadi. Vrachlar uning soppa-sog‘ ekanini aytishdi. Shunda onaning yodiga olis qishloqlardan birida yashovchi buvisi Nastya xola tushib qoldi.

— Balki, Nastya buvimiz yordam berar? — eriga maslahat soldi u. — U kishining jodugarlikdan xabari bor. Balki qizimiz…

Eri ham qarshilik qilib o‘tirmadi. Marinani mashinaga o‘tqazib buvisinikiga olib ketishdi…

MEROSXO‘R
— Voy o‘zimning chevaraginam-yey! — Marinani bag‘riga bosdi Nastya xola. — Kelganing juda yaxshi bo‘pti-da!.. Men ahmoq, jodugarlar avlodi yo‘q bo‘lib ketadimi, degan qo‘rquvda yurgandim. Qani, boshidan gapirib ber-chi!

Marina hammasini oqizmay-tomizmay buvisiga aytib berdi. Kampir chevarasi gapini tugatgach, og‘ir xo‘rsindi-da, uning yelkasiga qoqdi.

— Qo‘rqma, senda jodugarlik qobiliyati bor ekan. Zudlik bilan bo‘yningga olmasang, keyinchalik qattiq kasalga yo‘liqishing ham, oxir-oqibat jodugarlar avlodi yo‘q bo‘lib ketishiyam hech gapmas. Men senga jodugarlik sirlarini o‘rgataman… Mening o‘g‘illarim, ya’ni sening tog‘alaring meros olishni istashmagan. Boringga shukur, qizim!.. Agar Xudo bergan bu inoyatni yaxshilik yo‘lida ishlatsang, u dunyo-yu bu dunyo jannati bo‘lasan, savobga qolasan. Faqat aql bilan ishlash lozim, xolos…

Shu kundan e’tiboran Marina buvisining ko‘magida jodugarlik sirlaridan voqif bo‘ldi. Odamlarni, jonivorlarni davolash yo‘llarini o‘rgandi.

Eslatib o‘tsak, jodugarlarning ham qo‘llarida kuchli biomaydon mavjud bo‘lib, ulardan kasalliklarni davolashda foydalanilsa, inson darddan birpasda forig‘ bo‘larkan…

Bir kuni kampir uni ochiq maydonga olib chiqdi. U yerda yana sakkiz nafar ayollar o‘tirishardi.

— Sen imtihon topshirasan endi, — dedi Nastya xola Marinaga. — Qani, bir umr o‘zimdagi inoyatni yaxshilik yo‘lida ishlataman, deb qasam ich!..

HAMMASI YaXShI BO‘LADI
Yillar o‘tdi. Nastya xola ham olamdan o‘tib ketdi. Marina esa kuchli jodugar sifatida butun viloyatga tanildi. Hatto bir-ikki marotaba uni chet ellardagi jodugarlar maktablarida dars berishga ham taklif etishdi. O‘zi istamadi. Qadrdon yurtidan uzoqlarga ketishni sira-sira tasavvur qila olmadi.

Endi Marina turli dorilar tayyorlar, jodugarlar tili bilan aytganda, urishganlarni yarashtirar, bir-birlariga «isitardi». Odamlar xursand… Har gal kimgadir yordam berganda o‘zi terisiga sig‘may ketardi…

Umr o‘taverarkan. Marina ulg‘ayib turmush qurdi. Qizli bo‘ldi. Ismini Varvara qo‘ydi.

— Oyi, men uxlay olmayapman! — bir kuni kechasi to‘qqiz yoshli Varvara Marinaning oldiga yugurib kelib qoldi. — Qo‘rqib ketyapman!

— Qani, tizzamga o‘tir-chi!.. — Marina qo‘lidagi kuchli energiyani asta-sekin qizining boshiga yubordi. Ko‘ribsizki, qizaloq bir zumda uyqusi kelib esnay boshladi.

— Bor, endi uxla! — kuldi Marina. — O‘zimning merosxo‘rimdan o‘rgilay!..

Bu orada eri Kirill ham chiqib keldi. Xotinining qilayotgan ishini ko‘rib hazillashgan bo‘ldi:

— Eh, umrim jodugarlar orasida o‘tarkan-da!.. Bir o‘zim yolg‘izlanib qoldim-ku! Qaniydi, bittagina o‘g‘il ko‘rsam-u, yolg‘izligim bilinmasa…

Marina hech qachon erini jodulamagan. Agar kishi bir-birini chin dildan sevsa, joduga hojat yo‘q, deb hisoblardi… Erining gapini eshitib mayin jilmaydi-da, erkalangan ko‘yi bo‘yniga osildi.

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Men jodugarman