11:21 / 24.02.2018
4 951

“Pulning joyi cho‘ntakda, aslo qalbda emas...”

"Пулнинг жойи чўнтакда, асло қалбда эмас..."
Xarid qilgan narsalarimga pul to‘lab, do‘kondan chiqqach, qizchamning qo‘lidagi shirinlikning haqini to‘lamaganim yodimga tushdi. Darhol orqaga qaytdim. Xayolimdan: “Agar hozir pulini bermasam, Alloh menga bir necha barobar qilib to‘lattiradi”, degan fikr o‘tdi. Keyin bilsam, o‘shanda bu yaxshilikdan keladigan savobni emas, qo‘limdan ketadigan pul haqida ko‘proq o‘ylagan ekanman…

…Bugun qayoqqa qaramang, biror sokin odamni uchratmaysiz. Hamma shoshadi, yeladi, yuguradi. Miyasida bir fikr: “Pul topish kerak!!!”

“Yana uch kun o‘tsa, maosh olaman…”; “Ishni ikki kunda bitirsam, puli qo‘limga tegadi”; “Pul tushganida yaxshi bir oshxonada ovqatlanaman”; “Seshanbada oylik bo‘lar ekan, bozorga tushaman”; “Bolajonim, qo‘limga pul tushsin, aytganingni olib beraman”; “Oyi, pul topay, qancha desangiz, beraman…”

Pul hayot mazmuniga aylangan go‘yo. Umrimiz soatlari pul keladigan vaqt bilan qadrli. Pulimiz bo‘lmasa, hech narsamiz yo‘qdek… Rizq desa, birinchi xayolimizga keladigan narsa – pul, uning ko‘pligi rizqimizga kirgan barakaning ifodasi…

Kimgadir mehr ko‘rsatish, otalik, onalik, akalik, opalik, ukalik, erlik qilish uchun ham PUL kerak… Qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi… Bu o‘y bizni shunchalik chirmab olganki, pul topish uchun har qancha mashaqqatga, vaqti kelsa, ibodatdan, itoatdan qolishga ham… tayyormiz. Lekin o‘sha qiynalib topayotganlarimizning sarfi qanday, hech qursa bu borada biror yaxshilik qidiryapmizmi?..

Dinimizda har narsaning yechimi, tadbiri bor. Farz, sunnat, vojib, mustahab, makruh kabi amallarda mo‘minning manfaati ko‘zlangan. Masalan, mol nisobga yetsa, zakot beriladi. Bu bilan boy kishining topganlari muhtojlarga ulush chiqarish bilan poklanadi hamda ehtiyoj qonadi. Yoki hosildan ushr berish ham shunday. Sadaqa berish bilan joning va moling omonda. Bu kabi xayrli “chiqim”lar beruvchiga ham, oluvchiga ham foyda.

Bu tomondan qarasang, pul yomon narsa emas, undan nafratlanishga ham hojat yo‘q. Aksincha, halol yo‘ldan topib, yaxshilik yo‘lida sarf qilish bilan savoblarga noil bo‘lamiz. Faqat, pulni gunohu xatolar vositasiga aylantirmasak va albatta, uning joyini unutmasak, kifoya. Bir ustozimiz aytganidek, pulning joyi cho‘ntakda, aslo qalbda emas.

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Pulning joyi cho‘ntakda, aslo qalbda emas...”