23:05 / 04.04.2018
5 407

Orimizni sindirmang...

Orimizni sindirmang...
Bir tanishimning “Bahor kelsa, gullar va qizlar ochiladi”, degan beo‘xshov hazili bor. Ammo shu hazilning tagida zil borligini tan olmasdan boshqa ilojimiz yo‘q. Mana, kunlar isiy boshlayotgan bir paytda yana ko‘nglimizda qizlar liboslarining “qora piar”i boshlanib qoladi, degan hadik bor. Sababi sir emas: yoz bo‘yi ko‘plab ijtimoiy tarmoqlarning suhbat (g‘iybat demadik!) mavzusi qizlar, qizlar va yana qizlar (onda-sonda ayollar ham) va ularning kiyinishi bo‘lib qoladi. Shu bois hali “start” berilmay turib, “finish” tugmasini bosgim kelyapti: “Aziz va muhtarama xotin-qizlar, siz hamisha go‘zalsiz! Uzun ko‘ylak kiysangiz ham, qora sochda yursangiz ham. Iltimos, ko‘ylagingizni etagiyu yengidan mosuvo qilmang. Tunday qaro sochingizga rahm qilib, bechorani sarg‘aytirmang”.

Bu gaplarni o‘qib, baribir, ensasini qotiradigan “modnitsa”lar bor. Shularga aytadiganim: Prezidentimiz Turkmanistonga safar qilganlarida oynai jahon orqali shu xalq ayollari haqida ham ko‘p va xo‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Shunda rahmatli Oxunjon Madaliyevning orzusini tushundik: “Uzun ko‘ylak turkman qizga uylanaman”. Chindan ham, turkman ayollari 21-asrda ha, ha, siz aytayotgan zamonaviy asrda uzun etakli ko‘ylaku peshonadan bog‘langan ro‘moldan or qilishmas ekan? Eh, biram yarashib turibdiki, ich-ichimdan bir to‘fon qo‘zg‘alib kelaverdi: “Bizning qizlar shundaymidi?”. Mustabid tuzumning asorati desak, bir bizmizmi bu tuzumda yashagan? Yo‘q, sabablarini men aytmasam ham o‘zingiz bilib turibsiz. Ammo endi to‘xtash kerak! O‘ylash kerak! Yechinish emas, kiyinish kerak! (Ma’zur tuting, biroz oshirib yubordim chog‘i).

Endi Turkmanistondan qaytib, Tojikistonga qarang. Yaqinda KUN.UZ tahririyati muxbirlari safarga borib, shu davlatning qoq yuragi bo‘lgan Dushanbe shahrida yashayotgan qizlar bilan ham suhbatlashishgan va ularning ayrim suratlari saytda e’lon qilindi. Xo‘sh, ko‘rdingizmi ularni? Nima deysiz? Kechirasizu, ularning hech biri “aybg‘ina”sini yashirish uchun keng ko‘ylaku, rumol o‘rashmaganiga aminman. Bu yerda uyat, hayo va axloq qoidalari borasida o‘ylash muhim.

Shu o‘rinda ko‘z oldimda sodir bo‘lgan bir voqea esimga tushdi. O‘shanda biz u xonadonda mehmon edik. Oilaning bo‘y yetgan qizi shosha-pisha o‘qishga jo‘nayotgan edi: egnida tikuvchi yeng tikishni unutgan ko‘ylak. Shunda otaning qiziga bir nigohi tushdiyu, ko‘zini yerga tikdi va qahr bilan o‘g‘liga yuzlandi: “O‘g‘lim, singling shu ahvolda ko‘chaga chiqayaptiyu, sen telefon o‘ynab o‘tiribsanmi?” Hali singlisining kiyimiga qaramagan aka unga bir ko‘z tashladiyu, otasiga javob berdi: “Ota, siz ham tushuning-da, hozir zamonaviy qizlarning hammasi shunday kiyinadi. Gap kiyimda emas, ko‘ngilda ota. To‘g‘ri yursa, bo‘ldi-da”. Shunda ota o‘g‘lining quloq-chakkasiga shapaloq tushirdi. O‘g‘il hayron bo‘lib, sakrab o‘rnidan turdiyu, otasining malomatlari ostida qoldi...

Xo‘sh, siz nima deb o‘ylaysiz: nega ota qiziga emas, o‘g‘liga tanbeh berdi? Birinchidan, xalqimizda ota qizini ursa, u baxtsiz bo‘ladi, degan gap bor. Ikkinchidan, bu qahr va g‘azab bilan ayolga qo‘l ko‘targan odam jinoyatchiga aylanishi shubhasiz. Shu bois ham ota alpkelbat o‘g‘lining yuragida mas’uliyat, or-nomus tuyg‘usini o‘stirmoqchi bo‘lgandir. Yana Xudo bilguvchi.

Muhimi, bir haqiqat borki, bizda azaldan akasi bor qizlar yarim-yalang‘och yurishmagan. Ammo yana bir haqiqat borki, insofni o‘ziga bermasa, qiyin deyishadi. Xullas, singiljonlar, opajonlar, or-nomusimiz, sha’nimiz sizsiz. Iltimosimiz, orimizni sindirmang. Shu yozda uzun ko‘ylaku ro‘molni bir urfga aylantirib tashlang! Ko‘rib ko‘zimiz quvnasin, dilimiz yayrasin. Jahon maydonida ham zamonaviy o‘zbek qizlarining g‘arbona emas, sharqona qiyofasi ko‘rinib tursin. Aminmanki, siz buni eplaysiz. Zamonaning urfi sizning qo‘lingizda. Faqat akangiz yo otangiz borligi unutmasangiz bo‘ldi.
Anvar Muhammad

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Orimizni sindirmang...