Xalq orasida Shayx Jalil boboning dunyoga kelishi bilan bog‘liq shunday bir rivoyat yuradi:
“Emishki, Shayx Jalil bobo inson nutfasidan paydo bo‘lgan esa-da, pari qizning vujudidan dunyoga kelmish ekanlar. Ul kishining otasi dong‘i ketgan shayxlardan bo‘lib, ne sababdankim podshoning qahriga uchraydi. Shuning uchun ham uni kimsasiz Qoratovga surgun qiladilar. Bu tog‘ni sehrli parilar makon tutgan bo‘lib, odam oyog‘i yetmagan bu zaminda kechalari olov yoqib, raqsga tushar emishlar. O‘z inon-ixtiyorisiz parilar maskaniga tushib qolgan shayx ulardan biriga — eng go‘zaliga oshiq bo‘lib qoladi. Chunki...
Shayx navqiron edi, parizod go‘zal. Shayxning shar’iy va dunyoviy bilimi kuchli edi. Tafakkuri esa bundayin muhabbatni butkul rad etardi.
Pari go‘zal edi, shayx esa norg‘ul. Pari ham unga moyil edi. Lek ilojsiz edi u butkul. Odamzodga ixtiyorini bera olmasdi.
Shayx uning vasli ilinjida aqlini yo‘qotdi, bilimidan kechdi, o‘zini unutdi. Turmush qurish niyatida tuyg‘ularini to‘kib-soldi. Biroq pari... qo‘rqoq edi. Qavmiga qarshi borishga botinolmasdi.
Muhabbat parizodga kuch berdi. Ko‘ndi. Ammo uchta shart qo‘ydi:
– Taraganimda sochimga qaramaysan.
– Yuvganimda oyog‘imga qaramaysan.
– Uxlaganimda badanimga qaramaysan.
Agar shartlari buzilsa, u bilan yashamasligini aytib ogohlantirdi ham.
Shayx rozi bo‘ldi. Olovli sevgi ularni qovushtirdi. Vasl qalblaridagi haroratni bir oz bosganday bo‘ldi. Tinchgina yashay boshladilar. Kunlardan bir kuni esa...
Shayx uzoqdan ko‘rdiki, xotini sochini tarayapti. Bergan ahdi esiga tushib, ortiga qaytmoqchi bo‘ldi. Lek inson zotida qiziquvchanlik doimo ustun kelgan. Shu xislat odamzodga yo pand beradi va yoki yutuq.
...Shayx parini kuzata boshladi. Ne ajabki, pari boshini tizzasiga olib qo‘yib, sochini tarab o‘tirardi. Hayratda qolgan ul zotning shu yerdaligini ko‘rgan pari darg‘azab bo‘lib, ketishga qaror qiladi. Biroq shayx qilgan ishidan pushaymonligini aytib, yalinib-yolvoradi. Pari keyingi ikkita shartni buzmasligi uchun unga qasam ichiradi. Ne iloj bo‘lsinki, shayx undagi sinoat qandayligiga juda-juda qiziqib qolgan edi. Garchand, so‘zidan qaytayotganiga aqli yetsa ham, xotinining har bir qadamini poylay boshlaydi. Shunday kunlarning birida erining kuzatayotganidan bexabar pari qumg‘ondan suv quyib, oyoqlarini yuva boshladi. Bu gal ham shayx es-hushini yo‘qotdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, xotinining tovonlari yo‘q edi. Qaydandir eshitibmidi: parilarning tovoni bo‘lmas emish!
...Hayrat ichida nimanidir tushirib yubordi. Pari ikkinchi sharti ham buzilganini sezdi. Endi u oldingidek g‘azab otiga minmadi. Erining oldiga kelib, bosiqlik bilan chertib-chertib dedi:
– Men so‘zida turmaslik, qasamini buzish, va’dasini unutish faqatgina inson zotiga xosligini yaxshi bilardim. Jumladan, sen ham barcha qondoshlaring qatori bu kabi xiyonatdan xoli emassan. Shuni bila turib, malaklarni tashlab, sen ila turmush qurdim. Ana o‘shanda o‘zimga jabr qilayotganimni ko‘nglim sezgan edi. Xo‘sh, seningcha, men nega unday qildim? Sababi o‘zingga ayon: seni sevib qolgandim. Endi esa to‘xtatib qolishga urinma! Subutsizlik — odam zotining sevimli xatosi. Men esa sen kabi subutsiz bilan butun umr yashay olmayman.
Shayx ko‘z yoshi to‘kib kechirim so‘ray boshladi. Uning ayanchli ahvolini ko‘rgan parining ko‘ngli yumshadi. Oxirgi marta unga imkon berishini, agar so‘nggi shartini ham buzsa, hammasiga chek qo‘yishini uqtirdi.
Pari qolmagan bo‘lardi-yu, homilador ekanligi uchun ham so‘nggi marta sinab ko‘rish ilinjida yana ortiga qaytdi. Kunlar shu zaylda o‘taverardi.
Bir kuni kechasi shayx negadir uyg‘onib ketdi. Oy yorug‘ida ul sohibjamolning yuziga tikilib yotar ekan, pari yopinib yotgan ko‘rpa sirg‘alib tushib ketdi. Shayx odam naslidan edi-da. Odam avlodlari bergan so‘zida tura olarmidi?! Odam avlodlari o‘zini, ko‘zini tiya olarmidi?! Agar shunday qila olganida, u inson bo‘lib emas, farishta bo‘lib yaralgan bo‘lardi.
Shayx ko‘zlarini jilovlay olmadi. Parining baliq tanasidek to‘rdan iborat vujudi ichida ichak-chovoqlari, hatto endi tug‘ilajak farzandi ham aniq-tiniq ko‘rinib turardi.
Shayx hushidan ayrildi. Ko‘zlarini ochganida esa yonida hech kim yo‘q: pari qiz izsiz g‘oyib bo‘lgandi. U qilmishidan o‘kinib, so‘nggi pushaymonda qoldi. Ayniqsa, farzandi tug‘ilishi kerak bo‘lgan vaqt yetib kelganida o‘zini o‘zi la’natlay boshlaydi.
Bir kuni nahorda kulbasidan chiqib, tol shoxida beshik osilib turganini ko‘radi. Apil-tapil beshikni yerga tushirib, yopichig‘ini ochsa... chaqaloq! Bu yaqin orada o‘zidan boshqa inson zoti yo‘q. Odamlardan ayro yashayotgan shayx bu bola o‘ziniki ekanligiga, uni parilar tashlab ketganligiga amin bo‘ldi. Shu o‘g‘liga Jalil ismini berib, voyaga yetkazadi. Zehnli, ilmu shariatda tengsiz bo‘lib kamolga erishgan shayxning o‘g‘li keyinchalik xalq orasida Shayx Jalil nomi bilan shuhrat qozonadi”.
Qoratov zaminida takror-takror aytilib kelinayotgan bu rivoyat — juda ko‘hna zamonlar afsonasidir.
Xosiyat RAJABOVA
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Qashqadaryoda erkak ayoli va chaqalog‘ini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qildi
Bayden hozircha Ukrainani NATOga taklif etishga chaqirmaslikka qaror qildi
Oq uy Ukrainaga Rossiya hududiga ATACMS raketalarini qo‘llashga ruxsat berganini tasdiqladi
Sharmandali mag‘lubiyatdan keyin murabbiy futbolchilarni qamab qo‘ydi
Gavining qilig‘i Flikka yoqmadi: “Aql o‘rgatishni senga kim qo‘yibdi?”
Superligani qaysi klub tark etadi? Kumush medal kimga nasib qiladi?
Yangi Zelandiyada maori qabilasi oqsoqolining portreti auksionda rekord narxda sotildi