
Biz uch kishi edik. Yo‘l-yo‘lakay ikki hamrohim ijtimoiy-siyosiy hayotimizning avra-astarini chiqarib muhokama qilib kelishyapti.
– Diniy erkinlik butunlay bo‘g‘ib qo‘yilgan, shunaqami? – dedi menga bittasi og‘zidagi saqichini chalpillatib.
– Sizning dinga nima aloqangiz bor? – dedim.
– E, bu nima deganingiz?
– Nega Ramazonda saqich chaynab yuribsiz?
– Vaqti kelganda tutamiz, oka!
– Vaqtingiz qachon keladi? Xudo sizga alohida vaqt belgilaganmi?
– Siz ham “qizillar”dan ekansiz-ku! – deyishdi ular bir-birlariga istehzoli qarashib.
– O‘zingiz dinning ko‘chasiga ham kirmagansiz, uning bo‘g‘ib qo‘yilgani sizni nega tashvishlantirayapti?
Hamrohlarim jim qolishdi.
Poytaxtga kirib, mashinani to‘g‘ri “Novza” masjidiga haydadim.
– Aka, biz Qo‘yliqqa? – dedi bittasi.
– Kun juda isib ketdi. Tahorat qilib, bir rohatlanib olinglar, – dedim-da, qo‘yarda qo‘ymay hamrohlarimni masjidga boshlab kirdim.
Tahoratxona. Iliq suv, sovuq suv oqib turibdi. Yuz-qo‘l uchun alohida, oyoqlar uchun alohida sochiqlar... Istasangiz 5-6 xil mushk-anbar... Tahoratxonadan chiqishda og‘izni tozalash uchun alohida suyuqliklar...
Siyosatchi hamrohlarim maza qilishdi.
– Endi birrov masjidga kiraylik, – dedim.
– Oka, biz... unchalik bilmaymiz...
Kirdik. Birdan jannatning hidi kelganday bo‘ldi. Yushmoqqina gilamlar... Muzday xonaqoh... Burchaklardagi maxsus javonlar to‘la kitob. 7-8 nafar kishi u yer-bu yerda mukka tushib kitob o‘qishyapti... Xullas, ana shu “jannat”da biz ham yarim soatcha qolib ketdik.
– Endi ketdik, – dedim hamrohlarimga ishora qilib.
– Oka, maza joy ekan, yana ozgina o‘tiraylik, – deyishdi.
– Yo‘q, bizda diniy erkinliklar bo‘g‘ilgan, tezroq ketish kerak bu yerdan, – dedim.
Hamrohlarim yerga qarashdi. Shunda men o‘ylab qoldim: tuzatishni avval o‘zimizdan boshlashimiz kerakmikin... Diniy erkinliging bo‘g‘ib qo‘yilgan bo‘lsa, sen avval bo‘g‘ilmagan joylaridan foydalanib ko‘r! Ehtimol, sen “foydalanaversang” asta-sekin bo‘g‘ilgan joylari ham ochilib ketar! Kim bilsin, balki sening karohiyating urib, shunaqa bo‘g‘ilib yotgandir!
Xullas, “paxta qo‘yibsan” deyishdan oldin, insof bilan bir o‘ylab ko‘r!
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar