18:42 / 05.08.2018
5 189

"Sen buyuk odam bo‘lasan!"

"Сен буюк одам бўласан!"
Ustoz Omonulla Madayev bilan Madinai Munavvarada ko‘rishib, mazza qilib uzoq suhbatlashish nasib qildi. Eski xotiralarni eslab, bir kulishgan, bir yig‘lashgan bo‘ldik.

Men o‘qigan paytim litseyimiz juda obro‘li va shunga munosib juda tartib-intizomli edi. Qoidabuzarlarning o‘qishdan haydalishlari oddiy hol bo‘lib, o‘qishdan haydalib ketish xavfi boshqa jazolarga nisbatan oliy jazo sifatida qaralardi, bunday oqibatdan, tabiiyki, judayam qo‘rqardik.

Shunga qaramay, o‘sha paytlar “Otoyining tug‘ilgan yili” kabi asarlardan ta’sirlangan, shartakilikka moyil bola edim. Kunlarning birida ustozlarimizdan biri mening ustimdan direktorimiz Sodir akaga (Alloh Sodir akani rahmat qilsin, yaxshi ishlari ko‘p edi!) shikoyat qilgan ekan, men bilan odatda juda muloyim va yaqin bo‘lgan Sodir aka birdan to‘nini teskari kiyib, meni “pedsovet” (o‘qituvchilar majlisi)ga chaqirtirdilar. Xona to‘la ustozlar, eng oxirgi safda ustoz Omonulla aka ham borlar.

Sodir aka mening ustimdan shikoyat qilinganini aytdilar, meni o‘qishdan haydash masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildilar. “Istovchilar qo‘l ko‘tarsin”, dedilar. Uchta ustoz ketma-ket qo‘l ko‘tardi, endi tugadim deb o‘yladim. “Ketasan, yordam qilolmayman”, dedi doimo menga boshqacha mehribon bo‘lgan direktor. Tizzalarim qaltirab, ota-onamga nima deyman, odamlar nima deydi, degan ming xayol bilan karaxt bo‘lib qoldim.

Shu payt oxirgi qatorda o‘zlariga xos viqor bilan o‘tirgan Omonulla aka turib, “bu mani bolam, hech qayoqqa ketmaydi”, dedilar. Keyin menga yuzlanib, bor chiqib ketaver, deb chiqarib yubordilar. Meni haydashning o‘ziga xos “referendum”iyam, uchchala ustozning ko‘tarilgan qo‘llariyam, direktor ham qolib ketdi. Omonulla akaning obro‘lari ancha baland edi, birov e’tiroz bildirolmadi. Odam bunday paytda uzatilgan yordam qo‘lini hecham unutmas ekan.

Omonulla aka meni 14-15 yoshlarimda o‘qitganlar. Ham litseyda, ham uylaridagi kutubxonalarida dars berardilar. Uylarida o‘qitganlari uchun pul olmasdilar. Tez-tez ko‘zlarimga tik qarab “Sen buyuk odam bo‘lasan!” derdilar. Hali buyuk bo‘lmadim, lekin o‘sha so‘zlari, yosh bolaligimga qaramay bildirgan ishonch va e’tiborlari meni katta orzular qilishga, ulkan maqsadlar tomon intilishga, mayda narsalarga chalg‘imaslikka o‘rgatdi.

Alloh hammamizga va zurriyodlarimizga shunday hikmatli, bizni kuchli xarakter o‘laroq shakllantirib, ruhan o‘stirishga harakat qiladigan ustozlar nasib qilsin!

Mana ko‘p yillar o‘tib Omonulla aka bilan muborak yerlarda diydorlashdik, birga haj qiladigan bo‘lyapmiz. Alloh ibodatlarimizni qabul qilsin!

Barcha ustozlarimizning o‘lganlarini rahmat, tiriklarini mag‘firat aylasin!

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Sen buyuk odam bo‘lasan!"