16:39 / 29.09.2018
7 058

Havvo onamiz qanday yaralgan?

Havvo onamiz qanday yaralgan?
Havvo – bashariyat onasi, Odam alayhissalomning jufti haloli, yer yuzidagi birinchi ayol. Alloh taolo Havvoni Odam alayhissalomni uzoq vaqt uxlatib qoʻyib unga hamroh boʻlishi uchun yaratdi. Alloh taolo u ikkisini jannatda yaratdi va ular u yerda muayyan vaqt yashaganlaridan soʻng rizqlarini oʻz mehnatlari bilan topib yashashlari uchun yerga tushirdi.

Alloh taolo Havvoni Odam alayhissalomning qovurgʻasidan, u uxlayotgan vaqtda paydo qildi. Buning sababi, agar Odam alayhissalom uygʻoq boʻlganida, Havvoni yaratilish vaqtida u ozor chekkan boʻlar edi va natijada Havvoni yaxshi koʻrish oʻrniga, uni yomon koʻrib qolishi mumkin edi. Ayol kishi esa, aksincha, ozor cheksa yaxshi koʻradi. Shuning uchun, ayol kishi toʻlgʻoq vaqtida koʻz oʻngiga oʻlim kelib tursa-da, ogʻriq kuchaygan sari oʻzi dunyoga keltirayotgan farzandiga nisbatan mehru muhabbati joʻshib boradi. Ogʻriq bilan dunyoga keltirgan farzandiga jonini ham fido qilishga doim tayyor turadi. Vaholanki, u erkak kishi koʻtara olmaydigan ogʻriq azobini tortgan boʻladi. Shuning uchun Alloh taolo ayol kishini eng yuqori darajadagi ogʻriqlarni ham koʻtara olishga qodir qilib yaratdi. Ayol ogʻriqqa erkakka qaraganda uch barobar ortiqroq bardoshli ekan. Chunki u hayoti davomida uch turli ogʻriqni boshidan oʻtkazishi bor. Ular: hayz, toʻlgʻoq va nifos vaqtidir.

Havvo onamiz Odam alayhissalomning qovurgʻasidan yaralgan. Maʼlumki, qovurgʻa insonning yuragini tashqi taʼsirdan muhofaza qilib turuvchi muhim aʼzodir. Shuning uchun ham u qiyshiq qilib yaratilgan. Agar oʻsha qiyshiq qovurgʻa boʻlmaganida edi, insonning yuragiga berilgan ozgina zarba yoki turtinish uning hayotiga katta xavf tugʻdirgan boʻlar edi. Hozirgi zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ilm buni tasdiqlab turibdi.

Alloh taolo Odam alayhissalom va Havvo onamizning har birini hayotlari davomida bevosita unga muhtoj boʻlgan narsalardan yaratdi. Masalan, Odamni tuproqdan yaratdi. Shuning uchun u dehqon boʻladimi, temirchi boʻladimi, quruvchi boʻladimi, duradgor boʻladimi – yer bilan muomala qiladi. Havvoni esa yurakni muhofaza qilib turuvchi qiyshiq qovurgʻadan yaratgani uchun u hayoti davomida qalbdan hosil boʻladigan mehr-muhabbat bilan muomalada boʻladi. Natijada u mehribon ona, sevikli yor, duogoʻy opa-singil va kuyunchak qiz boʻlib oʻz mehridan bahramand etadi.

Shuning uchun har bir ayol Odamning qiyshiq qovurgʻasidan yaratilgan Havvoning zurriyoti ekanidan faxrlanishi va har bir erkak qiyshiq qovurgʻani tekislashga behuda urinmasligi, aks holda uni sindirib qoʻyishi mumkinligini anglamogʻi lozim. Zero, undagi qiyshiqlik erkakdagi mehrga nisbatan bir necha barobar ortiq boʻlgan mehru muhabbat manbaidir.
H.ISHMATBЕKOV,
OʻMI Fatvo boʻlimi mudiri

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Havvo onamiz qanday yaralgan?